Nukus shahrida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasi boshlandi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Yigʻilishni Joʻqorgʻi Kenges Raisining oʻrinbosari Atabek Davletov ochdi. Sessiyaning kotibiyati saylanib, kun tartibi tasdiqlandi, Oqsoqollar kengashi va Hisob-sanoq komissiyasi tarkibi tuzildi.
Oqsoqollar kengashining qaroriga muvofiq, Joʻqorgʻi Kenges Raisi lavozimiga Kamalov Murat Qallibekovich nomzodi tavsiya etildi.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida koronavirus pandemiyasi butun dunyoda boʻlgani kabi yurtimizga ham yoʻqotishlar olib kelgani, lekin hayot davom etishi, shu sharoitga munosib boʻlib, toʻgʻri yoʻl topish zarurligini taʼkidladi.
- Bugun qoraqalpoq elini, tuprogʻini, imkoniyatlarini yaxshi bilgan, xalq tanigan, turli masalalarni hal qila oladigan yetakchini saylab olishimiz kerak. Berdaq bobomizning dono soʻzlari bilan aytganda:
Xalqning gʻamini oʻylagan
Yurt gʻamxoʻri kerak menga, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident hozirgi murakkab paytda rahbar boʻlish oson emasligini, Qoraqalpogʻistonni rivojlantirish boʻyicha boshlangan ishlar 2-3 karra koʻpaytirib davom ettirilishini taʼkidladi.
- Murat Kamalovni koʻp yillardan beri taniyman, - dedi Prezident. - U avvalo halol odam, vatanparvar odam. Qayerda ishlagan boʻlmasin, qoraqalpoq elining dardi bilan yashaganiga guvohman. Eng asosiysi shu. Boshqasi tajriba bilan keladi. U otasi Qallibek Kamalov, marhum Musa Yerniyazov ishlarini davom ettirib, xalqni rozi qiladi, deb ishonaman.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Murat Kamalovning insoniy fazilatlari, fidoyiligi va rahbarlik qobiliyatini hisobga olib, uning nomzodiga oʻz roziligini bildirdi.
Joʻqorgʻi Kenges deputatlari, jamoatchilik vakillari soʻzga chiqib, nomzodni qoʻllab-quvvatladi.Yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi lavozimiga Murat Kamalov saylandi.
Taʼkidlash joiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasiga muvofiq, Joʻqorgʻi Kengesning Raisi Qoraqalpogʻiston Respublikasi rahbari va eng yuqori lavozimli shaxsidir. Joʻqorgʻi Kenges Raisi ayni organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining deputatlari orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Joʻqorgʻi Kengesning vakolati muddatiga saylanadi.