Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.01.2018 19:26 Chop etish versiyasi

Janubiy koreyalik mutaxassislar Toshkent shahar Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishdi

Seul shahri meriyasining xalqaro aloqalar bo‘limi vakili Jong Mun Baik boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga tashrif buyurdi.

Janubiy Koreya delegatsiyasi Xalq qabulxonasida davlat xizmatlarini taqdim etish, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayoni, aholi uchun yaratilgan sharoitlar, shikoyat va arizalar ijrosini nazorat qilish mexanizmi bilan yaqindan tanishdi.

Xalq qabulxonasida aholidan tushayotgan murojaat, ariza va shikoyatlarni ro‘yxatga olish, ularning ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq barcha tashkiliy jarayon yagona markazlashgan tizim yordamida amalga oshiriladi. Aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish imkonini berayotgan kutish, tibbiyot, ona va bola, nogironlarni qabul qilish xonalari barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Shikoyatlarni qabul qilish sektorlar bo‘yicha olib borilishi fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish barobarida, davlat organlari, muassasalari va mansabdor shaxslar faoliyatidagi qonun buzilishlarini aniqlash, turli sohalardagi kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini bermoqda.

Mehmonlarga murojaatchilarni ro‘yxatga olish, navbatni tashkil etish va murojaatlar bilan ishlash bo'yicha dastur haqida atroflicha ma’lumot berildi.

– O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar doirasida Toshkent shahar hokimligida “Raqamli ofis”, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish va o‘rganish, davlat xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha tizimlarni tatbiq qilish ko‘zda tutilgan, – deydi Seul meriyasi davlat xizmat ko‘rsatish bo‘limi rahbari Sung Geo Park. – Xalq qabulxonasi bilan tanishish asnosida uning faoliyatini takomillashtirish, jumladan, murojaatlar bilan ishlashning elektron tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Delegatsiya a’zolari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligida bo‘lib, “Hudud” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uchun yaratilayotgan “Obod uy” dasturi, 1055 xizmatida AKTning joriy etilganini o‘rganishdi.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
8 178