O‘zA O`zbek

06.06.2020 Chop etish versiyasi

Janubiy Koreya oliy taʼlim tajribasi oʻrganib chiqiladi

Janubiy Koreya oliy taʼlim tajribasi oʻrganib chiqiladi


Davlatimiz rahbari Fargʻona shahridagi Oʻzbekiston-Koreya xalqaro universitetida boʻldi.

Mazkur taʼlim muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-avgustdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Bu yerda oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida ilgʻor oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha oʻzbek, koreys va ingliz tillarida olib boriladi.

Universitet 4000 talabani qabul qilish imkoniyatiga ega. Tugayotgan oʻquv yilida birinchi kursda 720 nafar yigit-qiz taʼlim oldi. Koreya Respublikasidan 11 nafar tajribali pedagog jalb qilingan boʻlib, kelgusida 43 nafarga yetadi.

Joriy yilda mazkur xalqaro taʼlim dargohi uchun yangi bino qurildi. Buning uchun 10 million dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb etilgan.

Shavkat Mirziyoyev universitet rektori Pak Jun Xu va koreyalik oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi. Oʻquv dasturi va mazmuni, yoshlarning fanlarni oʻzlashtirishi bilan qiziqdi.

Muassasada gumanitar hamda texnik-muhandislik yoʻnalishlarida taʼlim beriladi. Xususan, turizm menejmenti, maktabgacha taʼlim, menejment va kompyuterlashtirilgan buxgalteriya hisobi, koreys tili va adabiyoti fanlari oʻqitiladi. Shuningdek, mashinasozlik muhandisligi, kelajak avtomobilsozligi injiniringi, elektrotexnika va elektronika muhandisligi, arxitektura muhandisligi, kompyuter muhandisligi, energetika va kimyo muhandisligi boʻyicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi.

- Bizda 1-kursda umumiy fanlar oʻqitilib, maktab dasturi qaytariladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Yoshlar bir yil umrini yoʻqotib, qiziqishi soʻnib ham qoladi. Rivojlangan davlatlarda bunday emas, birinchi yildan mutaxassislik fanlariga oʻtib, amaliyotga muhim oʻrin beriladi. Natijadagi farqni hayot koʻrsatib turibdi.

Mutasaddilarga Janubiy Koreya universitetlaridagi oʻquv dasturlari va soatlarini oʻrganib, mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini qayta koʻrib chiqish, talabalarni amaliyotga maksimal yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.


9 261
O'zA