Islom Karimovning Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 26-fevral kuni Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 26-fevral kuni Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 12-Xorazm okrug saylov komissiyasi raisi A.Rahimov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov uchrashuvda nutq so‘zlab, o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlariga e’tiborni qaratdi.
Dasturda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni izchil davom ettirish, aholi daromadlari va hayot sifatini muttasil oshirib borishga doir ustuvor yo‘nalishlar o‘z ifodasini topgan. Iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, sanoatni diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik modernizatsiyalash hisobidan iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirish, farovon hayotimizning muhim omili bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda mahalliylashtirish dasturlarini izchil davom ettirish, aholi bandligini ta’minlash va turmush farovonligini yanada oshirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Qadimiy shaharlarimiz, go‘zal tabiatimiz, boy va rang-barang madaniyatimiz asrlar osha dunyo ahlini o‘ziga maftun etib kelmoqda. Mamlakatimizda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarni tiklash va ta’mirlash, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilandi. Transport, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy infratuzilmalar izchil rivojlanmoqda. Milliy uslubdagi zamonaviy aholi turar joylari, mehmonxonalar, dam olish maskanlari, bolalar sport maydonchalari barpo etilmoqda. Aholi suv ta’minotini tubdan yaxshilash maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida suvdan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi sug‘orish ishlariga zamonaviy tejamkor texnologiyalar joriy etilayotir. Hududlarning sanoat salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan maxsus dasturlar aholi farovonligini oshirish hamda iqtisodiyotimizning yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda mehnat faxriysi K.Ortiqov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari G.Ibodullayeva va boshqalar mamlakatimizda mustaqillik yillarida misli ko‘rilmagan ulkan ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik, uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik talablarga to‘la mos ravishda o‘tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni joriy yilning 29-mart kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.