Prezident Islom Karimov Tojikiston Prezidenti bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23-iyun kuni Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23-iyun kuni Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi.Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuvda o‘zbek va tojik xalqlarini azaliy do‘stlik va qo‘shnichilik rishtalari, madaniyat va an’analar uyg‘unligi bog‘lab turishi ta’kidlandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab sohalarda izchil rivojlanib, o‘zaro savdo aylanmasi muttasil o‘sib bormoqda. 2016-yilning dastlabki to‘rt oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 17,6 foiz oshdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimizda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi, ularni ishga solish ikki tomon uchun ham manfaatli ekani ta’kidlandi. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Imomali Rahmon Tojikiston O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlashini, ushbu uchrashuv o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lganini ta’kidladi. Mazmunli uchrashuv uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi.