O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 24-fevral kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati ulkan. Bugungi kunda mamlakatimizda qazib chiqarilayotgan tabiiy gazning 70 foizi, neftning qariyb 78 foizi, gaz kondensatining 80 foizi, g‘allaning 13 foizdan ortig‘i, paxtaning 14 foizdan ziyodi ushbu viloyat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Viloyatda sanoat izchil rivojlanmoqda. Yalpi hududiy mahsulotda bu sohaning ulushi 38 foizni tashkil etayotgani ham shundan dalolat beradi. “Sho‘rtan neft-gaz”, “Muborak neft-gaz” korxonalari, “Sho‘rtan gaz-kimyo" majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasi, “Hisor neft-gaz” kabi yirik ishlab chiqarish quvvatlari mamlakatimiz sanoatida salmoqli o‘rin tutadi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda yalpi hududiy mahsulotning 51,6 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ishlab chiqarilmoqda. Ish bilan band aholining qariyb 80 foizi shu tarmoqda mehnat qilmoqda.

Qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil yetishtirilmoqda, tarkibiy o‘zgartirishlar davom ettirilmoqda. So‘nggi besh yilda 3 ming 200 gektar paxta maydoni qisqartirilib, kartoshka, meva-sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Oxirgi uch yilda fermer xo‘jaliklarining 22 foizdan ziyodi ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylantirilgan.

Barcha sohalarda amalga oshirilayotgan ana shunday islohotlar natijasida keyingi besh yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 2 barobar oshgan, hududiy eksport hajmi 100 million dollarga yetgan va 2011-yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘paygan. Bunday o‘sish sur’atlari odamlarning turmush sharoitida, viloyat shahar va qishloqlari qiyofasida namoyon bo‘lmoqda.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida Qarshi va Shahrisabz shaharlarida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari bu ikki qadimiy shahar qiyofasini tubdan o‘zgartirdi. Qarshi shahrining hududi 9 ming gektardan 17 ming gektarga, Shahrisabz shahrining hududi 3 ming 300 gektardan 4 ming 900 gektarga kengaytirildi.

Mustaqilligimizning 25-yillik to‘yi nishonlangan 2016-yilda Qashqadaryo ustidagi qadimiy Amir Temur ko‘prigi rekonstruksiya qilinib, daryoning ikki qirg‘og‘ida Qarshi ahli va mehmonlar dam oladigan so‘lim maskanlar barpo etildi. Toshkent – Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar elektr poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, mamlakatimizning barcha hududlari qatori Qashqadaryo viloyati rivojini ham yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ulkan reja va maqsadlarni bayon etgan edi. Prezidentimiz Qashqadaryoga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qarshi tumanida qishloq xo‘jaligi sohasidagi istiqbolli loyihalarni ko‘zdan kechirdi.

“Nishon ko‘zgu” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi tomonidan Qarshi shahrida avtomatlashtirilgan kushxona, go‘shtni saqlash va qadoqlash kompleksi tashkil etilmoqda. Buning uchun xorijdan zamonaviy uskunalar olib kelingan. Ushbu loyiha iqtisodiy samaradorlik bilan birga, ulkan ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Zamonaviy kushxona va muzlatkich oziq-ovqat mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligi hamda xavfsizligini ta’minlaydi. 100 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Davlatimiz rahbari bunday kushxonalarni barcha hududlarda tashkil etish oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Yakkabog‘ tumanida tashkil etilayotgan “Qorabayir otchilik majmuasi” xo‘jaligi naslchilikni saqlash va rivojlantirish, qorabayir zotli otlarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan. Majmuada 200 tagacha yilqi boqilib, ichki va tashqi bozorga sotiladi. Qirqdan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari Koson tumanida barpo etiladigan chorvachilik kompleksi loyihasini ko‘zdan kechirdi.

Qashqadaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi izchil rivojlanib, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarda yuqori natijalarga erishilmoqda. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tashkil etilayotgani, xususiy mulkchilikka keng yo‘l ochilgani xalqimiz farovonligini yanada oshirish imkonini bermoqda.

Ikki ming bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan zamonaviy tipdagi chorvachilik kompleksi aholini go‘sht va sut bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Majmua qurilishi uchun 12 gektar, chorva mollariga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun 750 gektar yer maydoni ajratiladi. Bu yerda yiliga 4 ming 280 tonna sut va 210 tonna go‘sht yetishtirish, 140 ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Umumiy qiymati 14 milliard so‘m bo‘lgan loyihani kelgusi yilning birinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz chorvachilik kompleksiga xorijdan nasldor qoramollar olib kelish, ularni zarur texnologiyalar asosida parvarishlash, yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Mutaxassislarga zarur tavsiyalar berdi.

Nishon tumanida Vetnam texnologiyasi asosida baliq yetishtirishga ixtisoslashgan agrofirma tashkil etilmoqda. Agrofirma viloyatdagi baliqchilik xo‘jaliklariga o‘z faoliyatini samarali tashkil etishi uchun mashina-mexanizm xizmatlari, baliq uvildiriqlari, omuxta yem yetkazib beradi. Yetishtirilgan baliqni sotish yoki qayta ishlashni yo‘lga qo‘yadi.

Agrofirmada baliq uvildiriqlari yetishtirilib, suv omboriga o‘tkaziladi. Bu yerda baliq chavoqlari yetishtiruvchi inkubatsion sex, 600 tonnalik muzlatkich, baliq mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona, 800 tonna maxsus omuxta yem ishlab chiqaruvchi sex tashkil etilishi rejalashtirilgan. Yiliga 500 tonna baliq qayta ishlovchi agrofirmada 90 ish o‘rni tashkil etiladi.

Qashqadaryoning suv havzalari imkoniyatlaridan samarali foydalanib, viloyatda baliqchilikni rivojlantirish, baliq iste’molini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Bu xalqimiz «luqmai halol» deb e’zozlaydigan baliq go‘shtining mo‘l-ko‘l bo‘lishini ta’minlaydi, aholi salomatligini mustahkamlaydi.

Qamashi tumanida 5 ming kurka boqishga mo‘ljallangan majmua tashkil etiladi. Gollandiyadan keltiriladigan mahsuldor zot va zamonaviy texnologiyalar asosida majmuada yiliga 20 ming kurka jo‘jasi yetishtirilib, aholiga yetkazib beriladi. Uni joriy yilning dekabr oyida ishga tushirish, 30 ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda. Mazkur loyiha samarasida har bir xonadonga 100 tadan kurka jo‘jasi tarqatilishi oilalar daromadini oshirishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Qamashi tumanida quyon yetishtirish, quyon go‘shti va terisini qayta ishlashga ixtisoslashgan xo‘jalik tashkil etilmoqda. “Qamashi momiq quyonlari” agrofirmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha samarasida 30 ming quyon yetishtirilib, yiliga 120 tonna go‘sht va 40 ming dona teri tayyorlanadi. Xo‘jalikda 30 kishi ishlaydi. Bundan tashqari, quyonlar 500 xonadonga tarqatiladi. Aholi parhez go‘sht va qo‘shimcha daromad bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari “Qarshi nasos stansiyalar kaskadini qayta tiklash – III faza” loyihasi bilan tanishdi. Ushbu irrigatsiya tarmog‘i eskirgani, quvur va stansiyalarga Amudaryo suvining loyqasi cho‘kib qolgani sababli suv isrof bo‘lardi. Olingan suvga nisbatan energiya sarfi oshib ketardi.

Loyiha Qarshi nasos stansiyalar kaskadining 1-6-nasos stansiyalarining 9 nasos agregatini, 850 metr quvurlarni yangilash, suv keltiruvchi kanalni loyqadan tozalash ishlarini amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Buning uchun 128 million 934 ming dollar mablag‘ sarflanadi. Shuningdek, NS-1 va NS-2 oralig‘idagi kanalning 8 kilometr qismini va kanalning chap qirg‘oq dambasini ta’mirlash rejalashtirilgan.

Loyihani bajarish natijasida 402 ming gektar sug‘oriladigan maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi. Nasos stansiyalarida yiliga 106,55 million kVt soat elektr energiyasi tejaladi.

Prezidentimiz bu irrigatsiya tarmog‘i viloyat qishloq xo‘jaligida muhim ahamiyatga ega ekanini, ta’mirlash va qayta tiklash ishlarini jadallashtirish zarurligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Qarshi tumanida yengil sanoatni rivojlantirish borasidagi yangi loyihalar bilan tanishdi. Birinchi loyiha – 2017-2019-yillarda viloyatda yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxonalar tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha manzilli dastur bo‘lib, unda 17 korxona tashkil etish rejalashtirilgan.

“O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda qator tijorat banklari bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan dastur doirasida 3000 ga yaqin ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda viloyatda 7 to‘qimachilik korxonasi faoliyat yuritmoqda. Mazkur korxonalar hududda yetishtirilayotgan paxta tolasining 10 foizini qayta ishlash quvvatiga ega.

Shavkat Mirziyoyev to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “LT Tekstil Interneyshnl” O‘zbekiston – Xitoy – Niderlandiya qo‘shma korxonasi loyihasi bilan tanishar ekan, Qashqadaryo viloyati mamlakatimizda paxta tolasini yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallashi, bu imkoniyatdan unumli foydalanish, yetishtirilgan paxta tolasini qayta ishlab, bozorga tayyor mahsulot chiqarish katta samara berishini alohida qayd etdi.

Mazkur korxonaning ishga tushirilishi hududda yetishtirilayotgan paxta tolasini shu yerning o‘zida qayta ishlash, aholining real daromadlarini oshirish imkoniyatini yaratadi. Yiliga 22 ming tonna raqobatbardosh aralash ip kalava va 50 million kvadrat metr ip gazlama ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan korxona mahsulotlarining 80 foizi eksportga yo‘naltiriladi.

Prezidentimiz shu yerning o‘zida Yakkabog‘ tumanidagi ilgarigi “Yakkabog‘ teks” korxonasi negizida barpo etilayotgan “Universal Taraqqiyot Tekstil” qo‘shma korxonasiga qo‘shimcha investitsiya kiritish loyihasi bilan ham tanishdi. Korxonada viloyatda yetishtirilgan paxta tolasi qayta ishlanib, mato va choyshablar ishlab chiqariladi. 400 ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilayotgan korxona to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgach, yiliga 6 million kvadrat metr mato, 2 million juft choyshab tayyorlanadi.

Zamonaviy va energiya tejamkor texnologik uskunalar bugun barcha ishlab chiqarish jabhalariga tatbiq etilmoqda. Qarshi shahridagi ilgarigi paxta tozalash zavodi negizida tashkil etilayotgan “Wood Décor Production” qo‘shma korxonasi ana shunday zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanmoqda. Shveytsariyaning mashhur “Rieter”, Yaponiyaning "Murata", "Yamata", Germaniyaning "Mayer" kompaniyalarining yuqori samaradorlikka ega dastgohlari o‘rnatilayotgan korxonada dunyo bozorida raqobatbardosh ip kalavadan tortib tayyor mahsulotgacha ishlab chiqariladi. Prezidentimiz taqdim etilayotgan loyiha samaradorligini oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Mamlakatimizda paxta tolasi va ipak xomashyosini qayta ishlash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish yo‘li bilan raqobatbardosh, tashqi bozorlarda xaridorgir tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi va turini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

G‘uzor tumanidagi ilgarigi paxta tozalash korxonasi negizida gazlama ishlab chiqarishga mo‘ljallangan investitsiya loyihasi bilan tanishar ekan, Prezidentimiz yangi ish o‘rinlari yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Bugun odamlar aniq va muqim ish joylari talab qilmoqda. Bu talabni qondirish ko‘p jihatdan tadbirkorlarga bog‘liq. Loyiha ishga tushgach, 600 ish o‘rni yaratiladi.

Paxta ekin maydonlari optimallashtirilishi va ishning mavsumiyligini hisobga olib, “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi tizimda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bandligini ta’minlash, qo‘shimcha daromad olish maqsadida Qashqadaryo viloyatidagi yog‘-moy korxonalarining bo‘sh maydonlarida yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. Koson tumanida tashkil etiladigan meva-sabzavotlarni quritish sexi shulardan biri. 100 dan ziyod ish o‘rni yaratiladigan korxonada 10 ming tonna mahsulot qayta ishlanadi. Qarshi shahrida tashkil etiladigan muzlatkichda 500 tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari saqlanadi.

Prezidentimizga Qarshi tumanida tashkil etiladigan 20 ming parranda boqish rejalashtirilayotgan majmua loyihasi haqida ham so‘zlab berildi. Yil davomida aholini sifatli parhez go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashga mo‘ljallangan majmua faoliyat boshlagach, 22 kishi doimiy ish joyiga ega bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari "Sho‘rtan gaz-kimyo" majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) ishlab chiqarishni tashkil etish" va "Sho‘rtan gaz-kimyo" majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish" loyihalari bilan tanishdi.

"Sho‘rtan gaz-kimyo" majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) ishlab chiqarishni tashkil etish" loyihasi gaz-kimyo sanoati yo‘nalishida dunyoning ilg‘or texnologik yechimlarini o‘zida aks ettirgan. Ushbu loyiha MDH doirasidagi eng yirik mega-loyihalardan biridir.

Loyiha “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi ta’sisligida amalga oshirilishi mamlakatimizning yoqilg‘i-energetika xavfsizligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega bo‘lish barobarida sohaning jadal sur’atlarda taraqqiy etayotganidan dalolat beradi.

Loyiha doirasida yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gazni qayta ishlash orqali 1,5 million tonna yuqori sifatli "Evro-5" talablariga javob beradigan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqariladi. Shundan 743 ming tonnasi dizel yoqilg‘isi, 311 ming tonnasi aviakerosin, 431 ming tonnasi nafta va 21 ming tonnasi suyultirilgan gazni tashkil etadi.

Yangi zavod ishga tushirilishi natijasida iqtisodiyotning real tarmoqlarini rivojlantirish, mamlakatimizning tranzit salohiyatini yanada oshirish, shuningdek, neft mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojning asosiy qismini qanoatlantirish va neft importini kamaytirish orqali xorijiy valyutani tejashga erishiladi.

Qurilish-montaj ishlari 2020-yilning ikkinchi yarmida nihoyasiga yetkazilishi, zavodda qo‘shimcha 682 yangi ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalari asosida "Sho‘rtan gaz-kimyo" majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish" loyihasi konsepsiyasi qaytadan ko‘rib chiqilib, ishlab chiqarish jarayoniga sintetik nafta xomashyosini jalb qilish masalasi o‘rganildi. Loyiha ishga tushgach, zavodning polimer ishlab chiqarish quvvati hozirgi 125 ming tonnadan 450 ming tonnagacha, ya’ni 3,6 barobarga oshirilishi ta’minlanadi. Natijada neft-kimyo yo‘nalishini rivojlantirishga keng yo‘l ochiladi. Birinchi bosqichda yuqori qiymatli xomashyo sintetik naftani qayta ishlab, yangi turdagi polietilen va polipropilen bilan birgalikda piroliz distilyatini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Piroliz distilyatidan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyati hududda texnologik klasterni barpo etishga zamin yaratadi, istiqbolda kimyo, avtomobilsozlik, farmatsevtika, qurilish va to‘qimachilik sohalari yanada rivojlanishida muhim omil bo‘ladi.

Loyiha zavod maydonida amalga oshirilib, qurilish ishlari kompleksning ishlab chiqarish jarayoniga ta’sir etmagan holda olib boriladi.

Ta’kidlash joizki, zavodning mavjud intellektual va texnologik salohiyatidan foydalangan holda qo‘shimcha ishlab chiqariladigan mahsulotning tannarxini sezilarli darajada kamaytirish va investitsiyalar samaradorligini yanada oshirishga erishiladi. Qurilish-montaj ishlari 2020-yilning to‘rtinchi choragida yakunlanadi va loyiha doirasida 250 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz iqtisodiy rivojida muhim o‘rin tutadigan ushbu loyihalarni moliyalashtirish, uskunalarni o‘z vaqtida keltirish, qurilish ishlarining «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish, korxonalarni belgilangan muddatlarda ishga tushirib, aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

Prezidentimiz Qarshi tumanidagi "Nukrobod" qishloq fuqarolar yig‘inining Yakkayog‘och massivida yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan arzon uy-joylarni borib ko‘rdi.

Odamlar hayotini yanada farovonlashtirish maqsadida mamlakatimizning barcha hududida yangi loyihadagi arzon, zamonaviy, shinam uy-joylar qurilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 21-oktabrdagi “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.

Ushbu qarorga muvofiq Yakkayog‘och massivida yer uchastkasi 2 sotix bo‘lgan uch xonali uylar qurildi. Bu uylarning foydalanish maydoni 63,5 kvadrat metr bo‘lib, unda ikkita yotoqxona, mehmonxona, oshxona, yuvinish xonalari va qozonxona mavjud. Hovlisida xo‘jalik binolari qurilgan.

Ikki qavatli 16 xonadonli turar joy binolari ikki va uch xonali qilib qurilgan. Uylarda yotoqxona, mehmonxona, oshxona va yuvinish xonalari hududning iqlim sharoiti, sanitariya va xavfsizlik talablari, xalqimizning hayot tarziga oid barcha jihatlar hisobga olingan holda barpo etilgan.

O‘z uy-joyiga ega bo‘lish har bir inson hayotida qanchalik muhim ekanini barchamiz yaxshi bilamiz, dedi Prezidentimiz. Xalqimiz uyi borning o‘yi yo‘q, deb bekorga aytmagan. Buning chuqur ma’nosi bor. Bunday uy-joylar taqsimotida xalqimizga xos haqiqat va adolat mezonlariga qat’iy rioya etilishi kerak.

Qurilish materiallarining tannarxini kamaytirish hisobiga uylarning narxini yanada arzonlashtirish, ichimlik suvi, ichki yo‘llar, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash, atrofini obodonlashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimiz yangi uy sohiblaridan biri Alisher Ahmedov xonadonida bo‘lib, bu yerda yashash uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, dildan suhbatlashdi. Yosh oila a’zolari davlatimiz rahbariga e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev Mirmiron massividagi yangilangan namunaviy loyihalar asosida qurilgan uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun issiqxona tashkil etish loyihasi bilan tanishdi. Ushbu issiqxona 25 gektar maydonda metall, taxta, plyonka va boshqa mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan holda barpo etiladi. Bu yerda limon, mandarin va papayya kabi sitrus mevalar, pomidor, bodring, gulkaram, har xil ko‘katlar yetishtirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida issiqxonada yiliga 3 milliard so‘mlik mahsulot yetishtiriladi. Ularning bir qismi ichki bozor talablarini qondirsa, qolgani eksportga yo‘naltiriladi. Natijada aholi qish mavsumida ham arzon meva-sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlanadi. 229 ish o‘rni yaratilishi aholi turmush farovonligining ortishiga xizmat qiladi.

Yangi dastur ishlab chiqamiz, dedi Prezidentimiz. Unga ko‘ra arzon uy-joylarning umumiy maydoni kengaytiriladi, narxlar ham shunga muvofiqlashtiriladi. Qo‘shimcha yerda odamlar chorvachilik bilan shug‘ullanishi, xohlasa, mana shunday issiqxonalar qurib, dehqonchilik qilishi mumkin. Muhimi, ular ham uyli, ham ishli-daromadli bo‘ladi.

Prezidentimiz bunday issiqxonalarni qurish va ulardan foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, ishga malakali mutaxassislar bilan birga, kollej bitiruvchilarini ham keng jalb etish borasida zarur ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda profilaktika inspektorlari va qishloq vrachlik punktlari xodimlari yashab, xizmat ko‘rsatadigan turar joy loyihasi namoyish etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi “Qarshi lezer” qo‘shma korxonasida bo‘lib, Qashqadaryo viloyatida charm-poyabzal sohasini yanada rivojlantirish dasturi, meva-sabzavot yetishtirish, yangi logistika markazi tashkil qilish, Yakkabog‘, Kitob, Shahrisabz tumanlarida tokzorlar barpo etish bo‘yicha qator istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.

Qashqadaryo viloyatida charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish hududda yetishtiriladigan teri xomashyosini sifatli qayta ishlashni tashkil qilishda muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda viloyatda 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan umumiy qiymati 12,9 million dollarlik 18 investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqildi.

Mazkur dasturga muvofiq Qarshi shahri, Dehqonobod, Kitob va Nishon tumanlarida 5 poyabzal, Kitob tumanida charm-attorlik mahsulotlari, “Qarshi lezer” korxonasida tayyor charm ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi. Bu viloyatda yiliga 1 million dona terini qayta ishlash, 460 ming juft poyabzal va 100 ming dona charm-attorlik mahsulotlari tayyorlash, 200 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.

“Qarshi lezer” qo‘shma korxonasida amalga oshirilayotgan qiymati 9,1 million dollarlik loyiha namoyish etildi. Loyiha hayotga tatbiq etilishi natijasida yuqori sifatli, raqobatbardosh tayyor charm ishlab chiqarish, yiliga 45 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilmoqda. Bosqichma-bosqich ishga tushiriladigan korxonada 300 dan ortiq ish o‘rni yaratilib, ularga asosan kollej bitiruvchilari qabul qilinadi.

Prezidentimiz qo‘shma korxona ta’sischilari va xorijlik investorlar bilan suhbatda ishlab chiqarishni samarali tashkil etish, buning uchun mutasaddi idoralar, viloyat hokimligi bilan yaqindan hamkorlik qilish, tashqi bozorni o‘rganib, eksport geografiyasini muntazam kengaytirib borish zarurligini ta’kidladi.

Qashqadaryo viloyatida meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport qilish imkoniyatlari juda yuqori. Shahrisabz shahrida tashkil etilayotgan “Shahrisabz” logistika markazi ushbu maqsadlarga xizmat qiladi. Ilgarigi pillachilik fabrikasi o‘rnida ish boshlaydigan logistika markazi meva-sabzavotlarni yetishtirish, tayyorlash, qabul qilish, saralash, qayta ishlash, jahon talablariga mos laboratoriyalarda tekshirish, qadoqlash hamda ho‘l, muzlatilgan va quritilgan holda eksport qilish bilan shug‘ullanadi.

Markaz to‘la quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 25 ming tonnadan ziyod mahsulot Yevropa, MDH mamlakatlari, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga eksport qilinadi. Ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Viloyatdagi fermer, dehqon, shaxsiy tomorqa xo‘jaliklariga yetishtirgan mahsulotini sotish hisobiga yiliga o‘rtacha 80 milliard so‘m atrofida daromad olish imkoniyati yaratiladi.

Chiroqchi tumanida yiliga 8 ming tonna salat barglari, brokkoli, rangli karam va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, meva-sabzavot yetishtirish, saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan “Big agro eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati barpo etilmoqda. 194 gektar maydondan iborat qiymati 14 million dollar bo‘lgan ushbu korxonada 2 gektarda ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxona, 4000 tonna sig‘imli sovutkich qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga 6,8 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, tumanda 90 doimiy, 500 mavsumiy ish o‘rni yaratiladi.

Yakkabog‘, Kitob va Shahrisabz tumanlarida 2017-2019-yillarda jami 5 ming gektarda yangi tokzorlar barpo etish mo‘ljallanmoqda. Yakkabog‘ tumanida yiliga 4 ming tonna uzumni qayta ishlash loyihasi amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar bilan tanishar ekan, vohada qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishni yanada ko‘paytirish va uni qayta ishlashni kengaytirish, aholini ushbu mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash, eksportni oshirish, pirovard natijada aholining turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shu yerning o‘zida mamlakatimiz olimlari tomonidan o‘rmon fondi yerlarida shifobaxsh o‘simliklar yetishtirish loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Loyihaga ko‘ra joriy yildan boshlab Qashqadaryo viloyatining tog‘ va tog‘oldi hududlarida za’faron plantatsiyalari tashkil etishga kirishiladi. Ushbu o‘simlik tibbiyot va oziq-ovqat sanoatida keng ishlatiladi. Uni ko‘paytirish mamlakatimizda dorivor o‘simliklar xomashyosini mahalliy sharoitda yetishtirish va oziq-ovqat ziravori sifatida eksport qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Prezidentimiz O‘zbekiston florasi dorivor giyohlarga boy ekanini, xususan, za’faron o‘simligidan qadimdan xalq tabobatida keng foydalanib kelinganini ta’kidladi. Mamlakatimizda dori vositalarini ishlab chiqarishda shifobaxsh za’faron muhim xomashyo manbai bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi. Soha mutaxassislariga bunday o‘simliklar turini ko‘paytirish va plantatsiyalarni kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Qarshi shahrida mutasaddi rahbarlar va viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko‘tarish, infratuzilmalarni rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, aholini ish bilan ta’minlash va turmush darajasini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu tadbirlarda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturidagi maqsad-vazifalar o‘z ifodasini topdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirish – barcha sa’y-harakatlarimizning asosidir