Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.09.2017 20:03 Chop etish versiyasi

Hududlarni jadal rivojlantirish bugungi kun talabi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumaniga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari «Toshkesgan» fermer xo‘jaligining paxta dalasini ko‘zdan kechirdi. Fermer va dehqonlar bilan agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri va sifatli amalga oshirish, hosilni o‘z vaqtida yig‘ib-terib olish xususida suhbatlashdi.

Biz qishloq xo‘jaligi sohasida hamma narsani bilamiz, deb o‘ylaymiz. Aslida biz bilmagan narsalar juda ko‘p. Shunday ekan, bu borada o‘qish, izlanishdan to‘xtamasligimiz, fermerlarning o‘qishini tashkil etishimiz kerak. Ularga yetuk mutaxassislar dars berishi zarur, dedi davlatimiz rahbari.

Jizzax viloyatida paxta yig‘im-terimiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Viloyatda 481 ming gektar ekin maydoni bo‘lib, uning 261 ming gektari sug‘oriladigan yerlardir. 12 mingdan ortiq fermer xo‘jaligining 3 ming 978 tasi g‘o‘za parvarishlamoqda.

Davlatimiz rahbariga «O‘zpaxtasanoat» AJ tomonidan 2017-yilgi paxta xomashyosini elektron tarozi orqali “E-tarozi” dasturida qabul qilish va ushbu jarayonga “Fotofiksatsiya” tizimini samarali joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

«O‘zpaxtasanoat» tizimidagi 98 ta paxta tozalash korxonasiga qarashli barcha paxta tayyorlov maskanlarida o‘tgan yili o‘rnatilgan elektron tarozilar va kuzatuv kameralari mavsumga shay qilib qo‘yilgan. 2017-yilgi paxta hosilini qabul qilishda, shuningdek, paxta qabuli ko‘rsatkichlari bo‘yicha tayyorlanadigan hisobotlar ochiqligini ta’minlash hamda ushbu jarayonda inson omilini qisqartirish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalari keng joriy etilmoqda.

Bunday axborot tizimida qabul qilinayotgan paxta xomashyosi elektron tarozi orqali “E-tarozi” dasturida o‘lchanib, paxta tashib keltirgan transport vositasi kuzatuv kameralari orqali sinxron tarzda tasvirga olinadi, ya’ni fotofiksatsiya qilinadi. Tasvirda sana, transport vositasining raqami, fermer xo‘jaligining nomi, topshirilgan xomashyoning vazni aks ettiriladi. Bu hosilni qabul qilish jarayonida moddiy javobgar shaxslarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Kunlik qabul qilingan paxta xomashyosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar markaziy bazaga onlayn tarzda kiritib boriladi. Bu, o‘z navbatida, respublika, viloyatlar, tumanlar, sektorlar (hokim, prokuror, ichki ishlar va soliq idoralari), fermer xo‘jaliklari kesimida qabul qilingan paxta xomashyosining markazlashgan hisoboti shakllanishi tezkorligini, ma’lumotlar ochiqligini ta’minlab, terim otryadlari samaradorligini ham tahlil qilishga zamin yaratadi.

Joriy yilgi paxta hosilini yig‘ib olish mavsumida barcha paxta tayyorlov maskanlari laboratoriyalariga kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Endi fermerlar yoki ularning ishonchli vakillari laboratoriyadagi ish jarayonini jonli tarzda kuzatish va ovozini eshitish imkoniyati ega bo‘ldi.

Paxta tayyorlov maskanlarida tatbiq etilgan “E-tarozi” dasturi ma’lumotlar bazasining “Agrobank” ATB markaziy serveri bilan integratsiyasi (ma’lumot almashinuvi) jonli tarzda yo‘lga qo‘yildi.

Mutasaddilarga ushbu zamonaviy tizimni yanada takomillashtirish va amaliyotga keng tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shavkat Mirziyoyev «Taraqqiyot manzarasi» fermer xo‘jaligi dala shiyponida viloyat mutasaddilari, fermerlar bilan uchrashdi.

Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi «Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida hududlarni Toshkent shahri, viloyatlar, tumanlar (shaharlar) hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarga bo‘lish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuvda viloyatdagi mazkur sektor vakillarining o‘z hududlari bo‘yicha faoliyati muhokama qilindi.

Prezidentimiz sektorlar faoliyati bugungi kun talablari darajasida tashkil qilinmaganini qayd etdi.

Tadbirda viloyatda paxta yig‘im-terimi mavsumini samarali tashkil qilish, takroriy ekinlar monitoringi, qishloq xo‘jaligi sohasida kutilayotgan hosil va daromad, barcha toifadagi xo‘jaliklar uchun 2018-yilda ekiladigan sabzavot ekinlari hamda ulardan olinadigan mahsulot miqdori va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Abu Bakir O‘rozov, O‘zA
1 606






Все о погоде - Pogoda.uz