Hotamjon Ketmonovning Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov 18-fevral kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov 18-fevral kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasining raisi N.Abdullayev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili S.A’zamov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi bo‘yicha nutq so‘zladi.
Dasturda bandlik sohasidagi siyosatni yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishi sifatida munosib ish haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlarini taqdim etayotgan korxonalarda mehnatga layoqatli aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish lozimligi, shuningdek, istiqbolli ishlab chiqarishlarni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya dasturlarini ishlab chiqishda ularning o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlari hamda hududiy bandlik dasturlariga o‘zaro bog‘liq bo‘lgan komplekc yondashuvini ta’minlash zarurligi o‘z ifodasini topgan.
Zangiota tumani "Nazarbek" qishloq vrachlik punkti mudiri M.Vorisova, Toshkent davlat agrar universiteti prorektori A.Abduvosiqov, Xalq demokratik partiyasi Bekobod shahar kengashi raisi U.Abdunazarov va boshqalar saylovchilarni bo‘lajak saylovda faol ishtirok etishga chaqirib, nomzodning dasturida qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish mamlakatni ijtimoiy rivojlantirish, xalq farovonligini izchil yuksaltirish, demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.