O‘zA O`zbek

21.05.2020 Chop etish versiyasi

Goʻsht narxini arzonlashtirish boʻyicha tavsiyalar berildi

Goʻsht narxini arzonlashtirish boʻyicha tavsiyalar berildi

Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga safari chogʻida Marhamat tumanidagi “Vodiy hamkor agrofirmasi” tomonidan tashkil etilgan quyonchilik klasteri bilan ham tanishdi.

1 gektardan ziyod maydonda tashkil qilingan mazkur klaster joriy yil 1-maydan ishga tushdi.

Kooperatsiya usulida 50 ta xonadonga quyonlar tarqatilib, ulardagi odamlar bandligi taʼminlandi. Shuningdek, quyon terisini oshlash va teridan telpak tikish sexida 20 ta ish joyi yaratiladi.

Korxonaga “Kaliforniya”, “Yangi Zelandiya”, “Flander”, “Reks” va “Velikan” zotli 1000 bosh quyon olib kelingan boʻlib, bir yil davomida ular soni 30 ming boshga yetishi kutilmoqda.

Quyonchilik klasteri tomonidan bir yilda jami 3 milliard soʻmlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish, 150 ming dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.

Shu yerda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik korxonalari salohiyati haqida maʼlumot berildi.

- Andijonda chorva kam, goʻsht boshqa joylardan olib kelinyapti. Quyon, parranda, baliq koʻpaytirilib, goʻshti isteʼmolga chiqarilsa, viloyatda goʻsht narxi tushadi. Kambagʻal oilalarga tarqatilib, klasterlar tomonidan qayta sotib olinsa, ularga daromad boʻladi. Iqtisodiy kompleks va sektor rahbarlari shu bilan shugʻullanishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Viloyatda omixta yem ishlab chiqarishni koʻpaytirish, quyonchilikni 1 million boshga yetkazish boʻyicha topshiriqlar berildi.



3 216
O'zA