O‘zA O`zbek

27.09.2018 Chop etish versiyasi

Fuqarolar yigʻini raisining vakolat muddati ikki yarim yildan uch yilga uzaytirildi (Onlayn)

Fuqarolar yigʻini raisining vakolat muddati ikki yarim yildan uch yilga uzaytirildi (Onlayn)

Oliy Majlis Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi davom etadi. 

Majlisda “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi hamda “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar koʻrib chiqildi.

Qonun fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etish boʻyicha fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga qulay sharoit yaratish, saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. 

Qonun bilan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning vakolat muddati ikki yarim yildan uch yilga uzaytirilmoqda. 

Saylovlarda bevosita fuqarolarning oʻzlari koʻproq ishtirok eta olishini taʼminlash maqsadida saylov oʻtkazilayotgan hudud – hovlilar, uylar, koʻchalardan fuqarolar vakilligining minimal normasini belgilanadi. Bunda har bir hududning aholisi soni inobatga olingan.

Qonunga koʻra, endilikda saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish masalasi bilan respublika darajasida Oliy Majlis Senati Kengashining komissiyasi emas, balki alohida tuziladigan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Respublika komissiyasi shugʻullanishi belgilanmoqda. Uning tarkibiga parlament quyi palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, tegishli davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlar vakillari kiritiladi. 

Mazkur qonun fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga saylov jarayonining yanada ochiqligini taʼminlaydi, fuqarolar yigʻinining kadrlar salohiyatini va mahalla instituti faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

2 143
Abdullaziz Musayev, OʻzA