O‘zA O`zbek

27.09.2018 Chop etish versiyasi

Fuqarolar takror-takror murojaat qilishga nega majbur boʻlmoqda? (Onlayn)

Fuqarolar takror-takror murojaat qilishga nega majbur boʻlmoqda? (Onlayn)

Oliy Majlis Senatida jismoniy va yuridik shaxslardan kelayotgan murojaatlar bilan tizimli, samarali ishlash zarurligiga eʼtibor qaratildi. 

Lekin bu borada hamon eski qoliplardan butunlay voz kecha olinmayotgani majlisda tanqid qilinib, qoʻmitalar murojaatlar tahlillari asosida rejadan tashqari nazorat tadbirlarini deyarli oʻtkazmayotgani aytildi. 

Oqibatda odamlar u yoki bu sohadagi, hududdagi bir xil muammolar yuzasidan takror-takror murojaat qilishga majbur boʻlmoqda.

Senat raisi N.Yoʻldoshev bundan buyon har bir qoʻmitaga shunday talab qoʻyilishini maʼlum qildi: har chorakda murojaatlar tahlillari asosida kamida bitta nazorat tadbiri oʻtkazishi yoki senator soʻrovi, zarur boʻlsa, parlament soʻrovi yuborilishi shart.

Senat aʼzolarining ommaviy axborot vositalari bilan ishlash boʻyicha faoliyati keyingi paytlarda birmuncha jonlangan. Chiqishlarda ham son, ham sifat jihatidan ayrim ijobiy oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda.

Biroq, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari orqali keng jamoatchilik bilan muloqotga kirishishda aksariyat senatorlar sustkashlikka yoʻl qoʻymoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizdagi islohotlarga, ularda parlament aʼzolarining ishtirokiga nisbatan asossiz, boʻhton va uydirmalarga oʻz vaqtida fakt va dalillar asosida munosabat yetarli darajada bildirlmayapti.

Bu imkoniyatlardan senatorlar unumli foydalansa, xalq bilan bevosita muloqotga kirishsa nafaqat oʻz faoliyati bilan aholini tanishtirgan, balki ayrim muammolardan vaqtida xabardor boʻlgan, ular yechimiga vaqtida kirishgan boʻlardi.

1 874
N.Abduraimova, OʻzA