O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Elektron to‘lov tizimlari va elektron pullar qanday tartibga solinadi?

Elektron to‘lov tizimlari va elektron pullar qanday tartibga solinadi?

Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.

Aytish joizki, qonun to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida to‘lovlarni amalga oshirish hamda to‘lov xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Qonunning amal qilishi kriptoaktivlarga doir operatsiyalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Qonunga sohaga oid asosiy tushunchalar kiritildi. Jumladan, benefitsiar, valyutalash sanasi, identifikatsiya vositasi, kliring, masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimi, operatsiya kuni, tashabbuskor, to‘lov, to‘lov agenti, to‘lov vositasi, to‘lov subagenti, to‘lov tashkiloti, to‘lov xizmati, to‘lov xizmatlarining bozori, to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi, to‘lovchi, farmoyish, elektron pullar kabi tushunchalar qonunda aks etdi va mazmun-mohiyati ochib berildi. 

Ushbu normativ-huquqiy hujjatga muvofiq Markaziy bank to‘lov tizimlarining ishlashi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Inspeksiya tekshiruvlarini o‘tkazadi hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan to‘lov tizimi operatorlari va yoki to‘lov tashkilotiga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llaydi.

Shu bilan birga, qonunda bank kartasini chiqarish, undan foydalanilgan holda to‘lovlarni amalga oshirish, bank kartasidan ruxsatsiz foydalangan holda bajariladigan harakatlar, bank kartalaridan foydalanilgan holda banklararo to‘lovlar bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlariga oid normalar nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, qonunda elektron pullar tizimi operatorining elektron pullar emitenti va yoki elektron pullar egalari bilan hamkorligi orqali elektron pullardan foydalangan holda to‘lovlar va boshqa operatsiyalar amalga oshirilishini ta’minlovchi to‘lov tizimi elektron pullar tizimi ekanligi belgilangan.

Elektron pullarning egalari sirasiga boshqa jismoniy shaxslardan, elektron pullarning emitentidan, elektron pullarning to‘lov tizimi operatoridan yoki elektron pullar tizimining agentidan elektron pullarni olgan jismoniy shaxslar kiradi.

Elektron pullar tizimining agentlari – elektron pullar emitenti yoki elektron pullar tizimining operatori bilan tuzilgan shartnoma asosida elektron pullarni olish va jismoniy shaxslarga realizatsiya qilish operatsiyalarini amalga oshiruvchi banklar yoki to‘lov agentlaridir.

Shuningdek, qonunda topshiriqnoma yoki talabnoma shaklidagi farmoyishni taqdim etish, farmoyishni bajarish va uni bajarish muddati, valyutalashtirish sanasiga ega bo‘lgan farmoyishni bajarish, to‘lovchida farmoyishni bajarish uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘lari summasi mavjud bo‘lmaganda yoki yetarli bo‘lmaganda farmoyishni bajarish tartibi ta’riflangan.

Xulosa qilib aytganda, qonun to‘lovlar va to‘lov tizimlari sohasida yagona axborot va huquqiy makon yaratilishini ta’minlaydi. Markaziy bank tomonidan to‘lov xizmatlari bozori samarali tartibga solinishining huquqiy asosi mustahkamlandi. Qolaversa, elektron pullar sohasidagi munosabatlarni va elektron pullar tizimi ishtirokchilari faoliyatini tartibga solish bo‘yicha choralar ko‘rilishiga ko‘maklashish bo‘yicha huquqiy asoslar yaratildi. 

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 2 noyabrda matbuotda e’lon qilingan mazkur qonun oradan uch oy o‘tgach kuchga kiradi. 

Odiljon IMINOV,

Oliy Majlis Senati a’zosi.

939
O‘zA