Dolzarb qonun loyihalari ko‘rib chiqildi
24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar mamlakatimizda o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlarning huquqiy bazasini yanada mustahkamlashga qaratilgan bir qator dolzarb qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
Majlis yangi tahrirdagi «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokama qilishdan boshlandi. Bu hujjatning asosiy g‘oyasi moliya bozorida va umuman iqtisodiyotda qimmatli qog‘ozlarning roli va ahamiyatini oshirishdan, shuningdek, uning raqobatbardoshligini ta’minlashdan iboratdir. Ushbu maqsadga erishish uchun qonun loyihasida zamonaviy axborot texnologiyalariga o‘tish orqali respublika fond bozorini modernizatsiya qilish, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha eng yaxshi jahon tajribasini mamlakatimizda tatbiq etish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida unga mas’ul bo‘lgan Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi ishchi guruhining bir qancha yig‘ilishlarini o‘tkazdi. Unda barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari, qator vazirliklar va idoralar mutaxassislari, shuningdek, ekspertlar ishtirok etdilar. Qonun loyihasining barcha moddalarini har tomonlama muhokama etish chog‘ida mazkur hujjatni yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqildi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
Shundan so‘ng deputatlar «Bankrotlik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Qonun loyihasida kreditorlar tomonidan kiritilgan mablag‘larni qaytarish kafolatini kuchaytirish maqsadida korxona bankrot deb e’tirof etilganda kreditorlarning talablarini qondirish navbati tartibiga o‘zgartirish kiritish orqali byudjet va byudjetdan tashqari jamg‘armalar oldidagi talablar bilan kreditorlarning garov bilan ta’minlanmagan talablarini mutanosib ravishda qondirish nazarda tutilgan.
Deputatlar moddama-modda muhokama qilish chog‘ida bildirilgan fikrlarni inobatga olgan holda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qonun loyihalarini uzil-kesil tahrirda qabul qilish uchun tayyorlab, maromiga yetkazish maqsadida mas’ul qo‘mitaga topshirdilar.
Majlis kun tartibiga birinchi o‘qishda ikkita yangi qonun loyihasi kiritildi. Deputatlar «Mamlakatda investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitining yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga katta e’tibor qaratdilar. Ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.
Qonun loyihasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomillari murakkablashuvini hamda tadbirkorlik subyektlarining zimmasiga yangi majburiyat va javobgarlik yuklanishini nazarda tutuvchi qonun hujjatlari ular rasman e’lon etilgan kundan boshlab uch oydan kam bo‘lmagan muddatda kuchga kirishi belgilab qo‘yilmoqda. Davlat organlari tadbirkorlik faoliyati subyektlariga ularning huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor qonun hujjatlari, hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi shart. Axborotdan foydalanish qonun hujjatlari va tegishli materiallarni ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilish va tarqatish orqali ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 15-aprelda qabul qilingan «Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tadbirkorlikni rivojlantirishga, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan yana bir muhim hujjatdir. Jumladan, ushbu qonun loyihasida litsenziyalash va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar berish mexanizmlarini yanada takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Ushbu qonun loyihasini muhokama etish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar.
Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihalarining qabul qilinishi tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, tadbirkorlik huquqlari himoya qilinishini kuchaytirish uchun qulayroq shart-sharoit yaratib berish hisobiga mamlakatimizda bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishbilarmonlik iqlimini tubdan yaxshilash yo‘lida jiddiy qadam bo‘ladi.
Deputatlar muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda ushbu qonun hujjatlarining asosiy qoidalarini ma’qulladilar va ularni birinchi o‘qishda qabul qildilar. Hujjatlarni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash mas’ul qo‘mitalarga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
Axborot xizmati