Deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarini, shuningdek, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini qabul qildilar
22-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi Byudjetnomasi – Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, shuningdek, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – moliya vaziri R.Azimov hamda Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining raisi B.Iminov ma’ruza qildilar.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizning asosiy moliyaviy hujjati – 2015-yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, shuningdek, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari asosida ishlab chiqilgan.
Taqdim etilgan loyihalar iqtisodiyotning izchil o‘sishiga, iqtisodiy barqarorlik hamda eksport o‘sishining muvozanatlashtirilgan ko‘rsatkichlarini saqlab qolishga, tashqi savdo to‘lov balansining ijobiy saldosini ta’minlashga, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgandir. 2015-yilda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, uni texnik va texnologik jihatdan yangilashni jadallashtirish va kengaytirish, shuningdek, yo‘l-transport hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturlarini faol amalga oshirishni davom ettirish nazarda tutilgan.
Kelgusi yilgi yalpi ichki mahsulotning 8 foizga, sanoat ishlab chiqarish mahsulotining 8,3 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotining 6 foizga, kapital qo‘yilmalar hajmining 9,6 foizga o‘sishi nazarda tutilmoqda.
Majlisda ta’kidlandiki, 2014-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi 2015-yilgi Byudjetnomani shakllantirish uchun asosiy huquqiy baza bo‘lib xizmat qildi, uning normalari va qoidalari Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalaridan ajratiladigan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
2015-yilda soliq yukini yanada kamaytirish, iqtisodiyotning barqaror o‘sishini rag‘batlantirish, byudjet tizimining muvozanalashtirilishini ta’minlash, byudjet yo‘nalishidagi davlat dasturlaridan foydalanishni kengaytirish orqali byudjet mablag‘larini sarflash samaradorligini oshirish, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirishga, kam ta’minlangan oilalarni manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bir vaqtning o‘zida aholi daromadlari, jamg‘armalari va xarid quvvatini o‘stirishga qaratilgan yo‘lni davom ettirish hamda boshqa chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.
2015-yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, shuningdek, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalari siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qator qo‘mitalarining yig‘ilishlarida Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar vakillari ishtirokida oldindan muhokama qilindi. Yig‘ilishlar chog‘ida asosiy moliyaviy hujjatning so‘zsiz ijro etilishi yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.
Savol-javoblardan so‘ng mamlakatimizning 2015-yilgi Davlat byudjeti loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Muhokama davomida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar. Deputatlar iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyatni va jamiyatimiz hayotining boshqa jabhalarini rivojlantirish dasturlari o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirilishi muhimligini ta’kidladilar.
Chunonchi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar ta’kidladilarki, mamlakatimizni iqtisodiy jihatdan yanada isloh qilish va modernizatsiyalash, eng muhim makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning muvozanatlashtirilganligini saqlab qolish, 2014-yilgi iqtisodiy dastur yo‘nalishlari va ustuvorliklari hisobiga iqtisodiyotning yuqori sur’atlarda o‘sishini ta’minlaydigan strategiyani davom ettirish yuzasidan O‘zbekistonda keng ko‘lamdagi zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi joriy yil uchun belgilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga muvaffaqiyatli erishishga, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirishga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini ijro etishga xizmat qiladi.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish muhimligini alohida ta’kidladilar. Chunonchi, mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasining 25 foizdan 15 foizga pasaytirilishi soliq yukini 481,8 milliard so‘m miqdorida kamaytiradi hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlashni amalga oshirish, shuningdek, xodimlarni rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat qiladi. Bu xo‘jalik subyektlarining foyda solig‘i bazaviy stavkasi 8 foizdan 7,5 foizga, shuningdek, qurilish sohasida mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 6 foizdan 5 foizga kamaytirilayotganiga ham taalluqlidir. Bu esa 141 milliard so‘m mablag‘ni korxonalar tasarrufida qoldirish imkonini beradi, ushbu mablag‘lar ishlab chiqarishni modernizatsiyalash uchun yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston XDP fraksiyasining a’zolari ijtimoiy sohaga ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘larining ulushi oshirilishiga alohida e’tibor qaratdilar.
Ta’kidlandiki, 2015-yilgi Davlat byudjetining ijtimoiy xarajatlari YaIMga nisbatan 12,8 foizni, ta’limga ajratilgan xarajatlar 7,3 foizni, sog‘liqni saqlashga ajratilgan xarajatlar 3,1 foizni, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari 1,3 foizni tashkil etadi. Davlat byudjetining ijtimoiy ta’minotga ajratilgan xarajatlari joriy yilga nisbatan
1,2 baravardan ziyod oshadi, bu esa aholi farovonligini izchil tarzda yaxshilash imkoniyatini yaratadi.
Shu bilan birga, Davlat byudjetining daromadlari tushumi, ulardan samarali foydalanish, ayniqsa, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilayotgan byudjet mablag‘lari ustidan parlament nazoratini kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining deputatlari 2015-yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining loyihalarida jahon iqtisodiyotida murakkab jarayonlar va salbiy tendensiyalar davom etayotgan sharoitda mamlakatimiz barqaror iqtisodiy o‘sishining muhim omili sifatida ichki talabni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan bir qator chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish nazarda tutilayotganligini ta’kidladilar.
Fraksiya a’zolari 2015-yilgi Davlat byudjeti loyihasida madaniyat muassasalarini ta’minlash va sport tadbirlarini o‘tkazish uchun ajratilgan xarajatlar hajmini joriy yilga nisbatan 1,24 baravar oshirish nazarda tutilganligini ta’kidladilar. Shu bilan birga, 2015-yilgi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qarorlari bilan tasdiqlangan mamlakatimiz shaharlarining me’moriy-rejaviy qiyofasini yaxshilashga doir davlat dasturlarining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash ham nazarda tutilmoqda. Bu mamlakatimiz shahar va qishloqlari aholisi uchun qulay shart-sharoit yaratilishiga ko‘maklashadi.
Fraksiya deputatlari jahon bozoridagi noqulay konyunktura sharoitlarida mamlakatimizning eksport qiluvchi korxonalarini yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning muhimligini ham qayd etdilar. Turizm va xizmatlar sohalarini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlarning qabul qilinishi mahalliy byudjetlar daromadlarining oshirilishiga va mintaqalar iqtisodiy salohiyatining mustahkamlanishiga ko‘maklashishi ta’kidlandi.
“Adolat” SDP fraksiyasining a’zolari mamlakatimizning ilmiy-texnik salohiyatini to‘liq ishga solish imkonini beruvchi innovatsion iqtisodiyotning yaratilishini muhim vazifa deb hisoblaydilar. Shu bilan birga, fraksiya iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta jihozlash tadbirlariga katta e’tibor bermoqda.
Fraksiyaning fikricha, mamlakatimiz iqtisodiyoti fan va texnikaning eng ilg‘or yutuqlariga, iqtisodiy jarayonlarni samarali boshqarishga va xalq ta’limi tizimiga tayanishi lozim. Bu borada 2015-yilgi Davlat byudjeti loyihasida fan sohasiga ajratilgan xarajatlar joriy yilga nisbatan 1,26 baravar oshirilgan, bu esa o‘z navbatida davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida fanni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari hamda tadbirlarini davom ettirishda muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining a’zolari aholini ichimlik suvi, ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashni, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashni, suv resurslaridan oqilona foydalanishni, shuningdek, aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligini qayd etdilar. Muhokama chog‘ida Ekoharakatdan saylangan deputatlar guruhi jalb etilayotgan investitsiyalarning, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolarni hal qilish uchun ajratilayotgan Davlat byudjeti mablag‘larining hajmini oshirish, shuningdek, ulardan maqsadli, samarali foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiqligi haqida takliflar bildirdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat byudjetini va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarini hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Axborot xizmati