Deputatlar islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar
2017-yilning 6-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
2017-yilning 6-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar ko‘pgina masalalarni ko‘rib chiqdilar. Xususan, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan qonun loyihalari muhokama qilindi.Parlament quyi palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining majlislarida vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida dastlabki tarzda har tomonlama o‘rganib chiqilgan edi.
Deputatlar o‘z ishlarini «Formali kiyim-boshlarni tasdiqlash, tayyorlash va kiyib yurish mexanizmi tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladilar.
Ushbu qonun loyihasi formali kiyim-boshlarni tasdiqlash, tayyorlash va kiyib yurish mexanizmini tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun loyihasiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi, «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi hamda «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xarbiy xizmatchilari va xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi modda bilan to‘ldirilmoqda.
Shundan so‘ng deputatlar oilaviy ajralishlarning oldini olishga, shu jumladan, ushbu masala yuzasidan mahallalarning tutgan o‘rnini kuchaytirish orqali oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Hozirgi vaqtda fuqarolar yig‘inlari huzurida yarashtirish komissiyalari ish yuritayotgan bo‘lib, ular oilaviy muammolarni tinch yo‘l bilan hal etish, ya’ni oilaviy nizolarni sudga qadar ko‘rib chiqish bilan shug‘ullanayotganligi deputatlar tomonidan ta’kidlandi. Kiritilayotgan yangi qoidalarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga sudlar va FHDYo organlari tomonidan ularning ish yurituvida nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar mavjudligi to‘g‘risida yarashtirish komissiyalarini xabardor qilishga doir qoidalarni belgilashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Mazkur chora yarashtirish komissiyalariga yuz berishi mumkin bo‘lgan ajralishlar to‘g‘risidagi axborotni oldindan olish va er-xotinlarni yarashtirishga harakat qilib ko‘rish imkonini beradi.
So‘ngra deputatlar parlament va deputatlik nazorati sohasidagi javobgarlikni kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Ushbu o‘zgartish davlat organlari tomonidan deputatlik so‘rovlarining o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishiga xizmat qiladi.
Ushbu masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-yil 12-iyulda deputatlar, senatorlar va siyosiy partiyalar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida tashabbus qilingan edi. 2017-yilda Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan 284 ta deputatlik so‘rovi yuborilganligi qayd etildi. Biroq, statistika shuni ko‘rsatadiki, 100 ta deputatlik so‘roviga javoblar muddatlar buzilgan holda yetib kelgan, 24 ta so‘rov bo‘yicha esa umuman javoblar berilmagan.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasining Jinoiy, Fuqarolik kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalari kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi.
«Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilab qo‘yilganki, odam savdosi qurbonlari majbur qilish yoki tahdid ostida sodir etilgan qilmishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolik, ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi. Ammo, ushbu normani amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari amaldagi qonun hujjatlarida mavjud emas. Deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi ushbu kamchilikni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martda qabul qilingan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan.
Ushbu qonun loyihasi, deputatlar ta’kidlaganidek, inson huquqlarining kafolati va himoyasini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga egadir.
Qiziqarli bahs-munozara ruhida o‘tgan majlis davomida ko‘rib chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihalari yuzasidan deputatlar birlashmalari o‘z nuqtai nazarlarini bildirdilar.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
Axborot xizmati