Deputatlar dolzarb masalalar yuzasidan muhokamalar o‘tkazishdi
30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Deputatlar mamlakatimizda jamiyat hayotining turli sohalarida olib borilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Avvalroq siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining yig‘ilishlari o‘tkazilib, ularda quyi palata majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, deputatlar asosiy e’tiborni muhokamaga kiritilgan «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasiga qaratdilar.
Konstitutsiyamizga kiritilgan bir qator tuzatishlar hokimiyat va boshqaruv tizimini yanada demokratlashtirish, "kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari" tamoyili bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta’minlash, parlamentning davlat hokimiyati organlari tizimidagi rolini, huquq va vakolatlarini kengaytirish, hokimiyat vakillik organlarining nazorat funksiyalarini kuchaytirishga xizmat qilib kelmoqda.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq ijroiya hokimiyat organlari, hokimlarning vakillik organlari oldidagi mas’uliyati kuchaytirildi. Xususan, Konstitutsiyaning 103-moddasi viloyat, tuman va shahar hokimining tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etish majburiyatini belgilaydigan qoidalar bilan to‘ldirildi.
Konstitutsiyamizga kiritilgan mazkur demokratik me’yorlarni amalga oshirish mexanizmlarini yaratish maqsadida «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonun yangi 251 modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, viloyat, tuman va shahar hokimlarining hisobotlari tegishli xalq deputatlari Kengashining viloyat, tuman va shaharning o‘tgan yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida taqdim etadi.
Hokimlarning hisobotini muhokama etishda Vazirlar Mahkamasining majlislarida, shuningdek, yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashlarida belgilangan baholar va vazifalarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
– Ma’lumki, har yilning yanvar oyida Vazirlar Mahkamasining majlisi o‘tkaziladi. Unda o‘tgan yilning natijalariga ko‘ra Hukumat, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari faoliyatiga keng baho beriladi, shuningdek, kelgusi yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari belgilab olinadi. Shundan so‘ng, joylarda ana shunday yig‘ilishlar o‘tkaziladi. Mazkur amaliyot o‘zining samaradorligini ko‘rsatdi va davlatning ustuvor vazifalari hamda strategiyasi amalga oshirilishining borishi yuzasidan tizimli tahlil va doimiy nazoratni ta’minlash imkonini beradi. Konstitutsiyamiz talablaridan kelib chiqib, mazkur qonunga kiritilgan qo‘shimchalar esa viloyatlar, tumanlar va shaharlarda o‘tkaziladigan shu kabi yig‘ilishlarda hokimlarning hisobotini muhokama qilishni nazarda tutadi, – deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi K.Ernazarov. – Bu esa hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim masalalarini ko‘rib chiqishda uzviylikni, yuqori turuvchi organlar tomonidan belgilangan baholarni hisobga olgan holda samarali muhokamalar tashkil etilishini, hokimlar tomonidan hisobotlar taqdim etilishida takroriylikni istisno etishni ta’minlashga va pirovardida mahalliy vakillik organlarining rolini oshirishga xizmat qiladi.
– Xalq deputatlari Kengashida hokimlarning hisobotlari taqdim etilishi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va kelgusi yilning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilishlar bilan birga o‘tkazilishining belgilanishi amaliyotda o‘zini oqlaydi deb hisoblaymiz, – deydi O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi M.Husanova. – Qonunga kiritilayotgan qo‘shimchada xalq deputatlari Kengashlari majlislarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolarining ishtirok etishi imkoniyatining belgilanishi muhokamalarni yanada demokratik tarzda o‘tishiga, hokimlarning, shuningdek, deputatlarni ham mas’uliyatini oshiradi.
– Qonun loyihasining e’tiborga molik jihatlaridan yana biri, muhokama yakunlariga ko‘ra xalq deputatlari Kengashining qarori qabul qilinadi, unda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va hokimlar ishining samaradorligiga kompleks baho berilib, ularning ishini yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar va takliflar, shuningdek, qaror amalga oshirilishining borishi ustidan nazoratni ta’minlashga doir chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda, – deydi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi vakili F.Eshmatova.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash maqsadida tegishli hujjatlarni OAV va veb-saytlarda e’lon qilish shartligi nazarda tutilmoqda.
– Qonun loyihasida nazarda tutilayotgan xalq deputatlari Kengashlari qarorlari va hokimlar hisobotlarining rasmiy nashrlar va joylardagi davlat hokimiyati organlari veb-saytlarida e’lon qilinishi shartligi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Yo.Xolyorov.
Mazkur qonunning qabul qilinishi mahalliy hokimiyat vakillik organlarining nazorat funksiyalarini kuchaytirish, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi mas’uliyatini oshirishni ta’minlaydi. Qonunning amalda tatbiq etilishi mahalliy davlat hokimiyati organlari oldida turgan vazifalarni samarali hal etish, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va pirovard natijada har bir fuqaroning, jamiyatning manfaatlari va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar yakuniga ko‘ra, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Shuningdek, deputatlar Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik
palatasi Axborot xizmati