O‘zA O`zbek

15.05.2020 Chop etish versiyasi

Davlatimiz rahbari mirzaobodliklar bilan uchrashdi

Davlatimiz rahbari mirzaobodliklar bilan uchrashdi


Prezident Shavkat Mirziyoyev bugunning oʻzida Mirzaobod tumanida boʻlib, favqulodda holatdan talafot koʻrgan joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirdi.

Tumanning “Navbahor” mahallasi hududida 360 kvartirali 9 ta koʻp qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Navbahor”, “Haqiqat” va “Yangiovul” mahallalarida jami 616 ta kottej taʼmirlanadi. Ushbu ishlarga Sirdaryo, Jizzax, Fargʻona, Namangan va Andijon viloyatlari quruvchilari biriktirilgan.

Mutasaddilar bilan suhbatda qurilish-taʼmirlash ishlarini sifatli bajarish kerakligi, mahalliy, energiya tejamkor va zamonaviy materiallardan foydalanish muhimligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari mirzaobodlik nuroniylar, mahalla faollari va xonadon egalari bilan uchrashdi.

Uy-joylar va infratuzilmani tiklash, elektr energiya, gaz, ichimlik suvi taʼminoti va yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha zarur choralar koʻrilayotgani aytildi.

Uchrashuvda aholini nafaqat uy-joy bilan taʼminlash, balki korxonalar tashkil etib, ish oʻrinlari yaratish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Shu maqsad bilan qisqa vaqtda qiymati 2 trillion 143 milliard soʻmlik 323 ta katta-kichik loyihalar shakllantirildi. Ularni tatbiq etish hisobiga Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida joriy yilda 10 mingga yaqin ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.

Jumladan, Mirzaobod tumanida jami 1 trillion 12 milliard soʻmlik 143 ta loyiha amalga oshirilib, 4,5 mingdan ziyod ish oʻrni tashkil etilishi moʻljallangan.

“GulistonGoldYarn” MCHJ tomonidan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, “Mirzaobod Limonchilik klasteri” MCHJ tomonidan zamonaviy tipdagi issiqxona tashkil etish, “Samoviy baxt quvonchi” MCHJ tomonidan oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish loyihalari shular jumlasidandir.

Mirzaobodlik jabrdiydalarga ham, Sardobada boʻlgani kabi, tegishli sertifikat va pul mablagʻli bank kartochkalari tarqatildi.

Davlatimiz rahbari bu yerda ham qurilishi rejalashtirilgan turar joylarning poydevoriga tamal toshi qoʻydi.


4 626
O'zA