Davlatimiz rahbari Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev buyuk allomalarimizdan biri Bahouddin Naqshband me’moriy majmuini ziyorat qildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev buyuk allomalarimizdan biri Bahouddin Naqshband me’moriy majmuini ziyorat qildi.Eski tuzum davrida bu muqaddas maskan xarob bo‘lib qolgan edi. Istiqlol yillarida milliy, madaniy va ma’naviy qadriyatlarimizni, tarixiy obidalarimizni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1993-yilda Bahouddin Naqshband tavalludining 675-yilligi munosabati bilan mazkur ziyoratgoh ta’mirlandi. Majmuadagi daxmalar, maqbaralar, masjidlar, ayvonlar va madrasaning haqiqiy qiyofasi tiklanib, qutlug‘ qadamjoga aylantirildi.
Taomilga binoan Bahouddin Naqshbandning ruhi poki haqiga Qur’on tilovat qilindi.
Prezidentimiz mazkur yodgorlik majmuasini yanada obod maskanga aylantirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Buxoroning jahon sivilizatsiyasi va islom madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi beqiyos. Bu zaminda ko‘plab allomalar tavallud topgan va yashagan. Ularning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish uchun bu yerda Toshkent islom universitetining maxsus fakultetini tashkil qilish kerak, dedi davlatimiz rahbari.