O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Davlat ramzi – xalq iftixori

Davlat ramzi – xalq iftixori
2-iyul – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining xalqimiz hayotida tutgan oʻrni, ahamiyati beqiyosdir. Zotan, biz mustaqillik tufayli oʻzligimizni angladik.

Shu oʻrinda aynan istiqlol tufayli mamlakatimizda mustaqillik timsoli boʻlgan davlat ramzlarining qabul qilinganini taʼkidlash lozim. Zero, el-yurtimizning gʻururi, iftixori boʻlgan bu ramzlarda tariximiz, boy maʼnaviy-madaniy merosimiz, milliy urf-odat hamda anʼanalarimiz, buyuk maqsad, ezgu orzu-intilishlarimiz oʻz ifodasini topgan.

Taʼkidlash lozimki, davlatimiz ramzlari – Vatanimiz suvereniteti, xalqimizning nafaqat azaliy umid va istaklari, balki porloq kelajagi timsollari hamdir. Ularni hurmat qilish, asrash – barchamizning fuqarolik va farzandlik burchimiz. Milliy timsollar va ramzlarning har biri katta bir darslik, kuchli tarbiya vositasidir.

Shunday ramzlarimizdan biri – Davlatimiz gerbidir. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbida xalqimizning tarixi, milliy qadriyatlari, turmush tarzi, yurtimizning goʻzal tabiati aks etgan.

Undagi har bir rang, har bir belgida muayyan ramziy maʼno bor. Xususan, afsonaviy Humo qushi baxt va erksevarlik timsoli hisoblanadi. Bu esa adolat tamoyiliga asoslangan davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarning mohiyati haqida soʻzlaydi.

Gerbda xalqaro tinchlik va hamjihatlikka chaqiruvlarni ham koʻrish mumkin. Jumladan, yarim oy va yulduzning tasviri mamlakatdagi musulmonlar va boshqa diniy konfessiyalar oʻrtasidagi hamjihatlikni aks ettirib, koʻp yillik diniy-tarixiy anʼanalarimizni qayta tiklashga boʻlgan istakdan dalolat beradi.

Bugʻdoy ramzi esa, oʻz navbatida, pirovard maqsadimiz farovon hayotga intilishni anglatadi.

Bugungi kunda mustaqillik sharofati bilan ushbu intilishlar roʻyobga chiqmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan tashqi siyosat va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samarasi oʻlaroq ushbu tamoyillar mustahkamlandi. Ayni paytda oʻzgarishlarning asosiy qismi mamlakat aholisining farovonligini oshirish, adolatli jamiyat qurish, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik anʼanalarini mustahkamlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz gerbidan oʻzbek xalqining milliy xarakteri, yaʼni tinchliksevarligi va erksevarligi oʻz aksini topgan boʻlib, uni saqlash va asrab-avaylash har birimizning burchimiz hisoblanadi.

Zero, Vatan timsollari milliy gʻururimizni yuksaltirishga, ona diyorimizga boʻlgan muhabbat va sadoqatimizni kuchaytirishga, kelajagimizga ishonchimizni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Timur AHMEDOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi

8 563
OʻzA