Buyuk ajdodlarimiz merosi – xalqimizning bebaho ma’naviy boyligidir
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 26-may kuni poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Suzuk ota” maqbarasi va jome’ masjidida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 26-may kuni poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Suzuk ota” maqbarasi va jome’ masjidida bo‘ldi.Istiqlol yillarida mamlakatimizda vijdon erkinligi, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini ta’minlash, ularning qonuniy asoslarini yaratish va rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Imon-e’tiqod, mehr-oqibat, muruvvat kabi fazilatlar xalqimiz ma’naviy hayotini yuksaltirishda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida milliy urf-odat va qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas dinimizni, aziz avliyo va ulamolarimizning boy merosini teran o‘rganish, ularning qadamjolarini obod qilish, tarixiy obidalarni asrab-avaylash yo‘lida beqiyos ishlar amalga oshirilmoqda.
Suzuk otaning asl ismi Mustafoqul bo‘lib, 1140-yilda tavallud topgan. U Ahmad Yassaviyning qizi Gavhari Hushtojning kenja o‘g‘li bo‘lgan. Bolalik chog‘ida bobosi u kishini erkalab “Mening suzigim (suyukligim), xush keldingiz!”, degani bois atrofdagilar ham uni shu ism bilan chaqira boshlagan. Suzuk ota yuzlab shogirdlarga ilm berib, hunarga, halol mehnatga o‘rgatgan. 1363-1364 yillarda buyuk bobokalonimiz Amir Temur Yassaviyning nabirasi Suzuk ota qabri ustida maqbara va masjid bunyod ettirgan.
Mustaqillik yillari bu muqaddas qadamjo qayta tiklanib, obodonlashtirildi. “Suzuk ota” mahalla fuqarolar yig‘inida besh mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallada hunarmandlik, duradgorlik, o‘ymakorlik rivojlangan.
Muqaddas dinimizga muvofiq maqbarada Qur’oni karimdan tilovat qilindi.
Ushbu masjid va maqbara ma’naviyatimizni yanada yuksaltirishga, yurtimizda ezgulik nurini ziyoda etishga xizmat qilishi kerak, dedi davlatimiz rahbari. Bu yerda hunarmandlar markazi va kutubxonasi tashkil etish lozim.
Prezidentimiz mutasaddilarga maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.