Bosh maqsadimiz – mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, olib borayotgan islohotlarni, iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni izchil davom ettirish, xususiy mulkchilik, kichik biznes va tadbirkorlikka yanada keng yo‘l ochib berish hisobidan oldinga yurishdir

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Vazirlar Mahkamasining bugungi kengaytirilgan majlisi kun tartibiga kiritilgan asosiy masala – O‘zbekistonning o‘tgan 2015-yildagi iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish yakunlarini muhokama qilish va 2016-yil uchun taraqqiyot yo‘limizning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini aniqlab olishdan iborat.

O‘tgan 2015-yil bizning bosh maqsadimiz bo‘lmish asosiy vazifa – odamlarimizning munosib hayot darajasi va sifatini ta’minlash va rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan o‘rin egallash bo‘yicha avvalo muhim islohotlarni amalga oshirish yo‘lida katta qadam bo‘ldi, deb aytishga to‘liq asoslarimiz bor.

Bu borada gap, avvalo, har tomonlama puxta o‘ylangan, uzoqni ko‘zlaydigan keng ko‘lamli Dasturni hayotga joriy etish haqida bormoqda. Ushbu Dastur mohiyat e’tibori bilan chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik manfaatlarini ishonchli himoya qilish, eng muhimi, Konstitutsiyamizda ko‘zda tutilganidek, xususiy mulkning qonuniy, me’yoriy-huquqiy va amaliy jihatdan ustuvor rolini ta’minlash, O‘zbekiston iqtisodiyotida davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

Ta’kidlash joizki, taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida faqat uglevodorod xomashyosi, qimmatbaho va rangli metallar, uran xomashyosini qazib oladigan va qayta ishlaydigan korxonalarni, shuningdek, tabiiy monopoliyalarning strategik infratuzilma tarmoqlarini – temir va avtomobil yo‘llari, aviatashuvlar, elektr energiya ishlab chiqarish, elektr va kommunal tarmoqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat boshqaruvida saqlab qolish maqsadga muvofiq, deb topildi.

Davlat aktivlarini xususiylashtirish, avvalo, chet ellik investorlarga sotish vazifalari qo‘yildi va buning uchun tegishli sharoitlar yaratildi. Masalan, 506 ta mulk kompleksi tanlov asosida, investitsiya kiritish sharti bilan «nol» qiymatida yangi mulkdorlarga sotildi. Bu borada ana shu investorlar qariyb 1 trillion so‘m va 40 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish, shuningdek, 22 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish majburiyatini olganini qayd etish lozim.

Shu bilan birga, 245 ta kam rentabelli va faoliyat ko‘rsatmayotgan tashkilot to‘liq tugatildi.

Xususiylashtirish dasturida ko‘zda tutilgan, foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan 353 ta davlat mulki obyekti buzilib, buning natijasida 120 gektar hajmidagi yer maydoni bo‘shadi. Bu yerlarning qariyb 80 gektari ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish va xizmatlar ko‘rsatish obyektlari qurish uchun tadbirkorlar tasarrufiga berildi.

Davlat mulki shaklidagi yana 319 ta ana shunday obyekt inventarizatsiya qilinib, xususiy mulk shakliga o‘tkazish uchun savdoga qo‘yildi va o‘tgan yili ularning 102 tasi yangi mulkdorlarga sotildi. Bundan tashqari, 378 ta aksiyadorlik jamiyatining davlat ulushi baholandi va chet ellik strategik investorlarga sotish uchun ochiq savdoga qo‘yildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, izchil rivojlanayotgan va muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan «Navoiyazot», «Farg‘onaazot», «Urganch ekskavator», «Qizilqumsement», «Jizzax akkumulyator zavodi» aksiyadorlik jamiyatlari kabi korxonalar, «Aloqabank», «Turonbank» singari banklar, «O‘zagrosug‘urta» kompaniyasi va boshqa muassasalardagi davlatga tegishli aksiyalar ham savdoga qo‘yildi.

Shu tariqa 52 ta aksiyadorlik jamiyatidagi savdoga qo‘yilgan davlat ulushi xususiy mulkdorlarga sotildi. Jumladan, «Qo‘qon yog‘-moy zavodi» aksiyadorlik jamiyatining davlatga tegishli aksiyalari 2 million 500 ming dollarga sotildi.

Bularning barchasi mamlakatimizda mulkchilik shaklini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha olib borilayotgan keng miqyosdagi ishlarning faqat boshlanishidir.

Mamlakatimizda qabul qilingan qator qonunlar va qonunchilik hujjatlari huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat organlari va ma’muriy tuzilmalarning tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvini bartaraf etish uchun qat’iy tartib o‘rnatish va ana shu idoralarning rahbarlari hamda mansabdor shaxslarining javobgarligini oshirish bo‘yicha katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Davlat, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi tamoyili joriy etildi.

Tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilishni soddalashtirish va ularning faoliyat yuritishini yengillashtirish bilan bog‘liq 40 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, yangi tartib bo‘yicha, agar shaxs soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortish bilan bog‘liq jinoyatni birinchi marta sodir etgan bo‘lsa va huquqbuzarlik aniqlanganidan so‘ng 30 kun ichida davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplasa, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilmaydi va u javobgarlikka tortilmaydi.

Xususiy mulkdorlar va tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, ularning faoliyati kafolatlarini kuchaytirish masalasini hal etishda sud organlari rolini oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Sudlar tegishli da’vo arizasi ko‘rib chiqilayotgan paytda tadbirkorlik subyekti nazorat organining qaroridan norozi bo‘lsa, uning ijrosini to‘xtatib turish huquqiga ega bo‘ldi.

Agar tadbirkorlik subyekti soliq va bojxona qonunchiligini buzgan bo‘lsa, uning mulki faqat sud qaroriga binoan musodara qilinishi mumkinligini belgilaydigan qonun normasi joriy etildi, da’vo arizasini ko‘rib chiqish muddatlari ham sezilarli ravishda qisqartirildi.

Endi mikrofirmalar, kichik korxona va fermer xo‘jaliklari faoliyati to‘rt yilda bir marta, boshqa xo‘jalik subyektlari faoliyati esa uch yilda bir marta rejali tartibda tekshiriladi va bunday tekshiruvlar faqat Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Bu borada moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshiruvlarni amalga oshirish muddati 30 kalendar kunidan 10 kalendar kuniga qadar qisqartirildi. Shuni qayd etish kerakki, bu normalar xususiy bank va moliya institutlariga ham tegishlidir.

Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan korxonalarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish va taftish o‘tkazish, davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini buzish holatlari uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirildi.

Bunday choralar xo‘jalik subyektlari faoliyatini va ularning bank hisob raqamlari bo‘yicha operatsiyalarini noqonuniy to‘xtatish, ularning hisob raqamlarida mablag‘ borligi to‘g‘risidagi ma’lumotni asossiz talab qilish, tadbirkorlarni mablag‘ ajratish bilan bog‘liq xayriya ishlari va boshqa tadbirlarga majburiy jalb qilish kabi holatlar uchun ham taalluqlidir.

Shu bilan birga, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish idoralarining noqonuniy qarorlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan qilingan harakat yoki harakatsizlik oqibatida tadbirkorlik subyektiga yetkazilgan zararni, jumladan, boy berilgan daromadni to‘liq hajmda qoplash mexanizmi qonuniy asosda joriy etildi.

Nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlarining mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati erkinligini himoya qilishga oid qonunchilikni bir necha marta buzgan taqdirda, ularga nisbatan jinoiy javobgarlik choralari qo‘llanadi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga bu borada tegishli normalar kiritildi.

Hisobot yilida «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yagona markazi va Bosh prokuraturaning «Ishonch telefoni» bazasida fuqarolarning murojaatlarini kechayu kunduz qabul qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etildi.

Bu tizim davlat, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlar, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish va mulkdorlar huquqlarining buzilishi haqidagi ariza va shikoyatlarni qabul qiladi. Ana shu tizim joriy etilganidan buyon o‘tgan yarim yil davomida prokuratura organlariga 1 ming 500 dan ziyod tadbirkor murojaat qilgan. Eng muhimi, barcha murojaatlarning qariyb uchdan bir qismi tadbirkorlar foydasiga hal etilgan.

Davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning bevosita elektron shakllari joriy etilgani tufayli 2015-yilda 42 ming 800 ta tadbirkorlik subyekti Internet tarmog‘i orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatga olingan. Ular 260 turdagi interaktiv xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega. 2013-2014-yillarda tadbirkorlar va fuqarolarga 102 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2015-yilda bu ko‘rsatkich 420 mingdan oshdi. Bugungi kunda soliq va statistika hisobotlari 100 foiz elektron shaklda Internet tarmog‘i orqali taqdim etilmoqda.

Shu yilning 1-yanvaridan boshlab mamlakatimizning barcha hududlarida tadbirkorlik subyektlariga «yagona darcha» tamoyili asosida Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari faoliyat boshladi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi bo‘yicha mutlaqo yangi mexanizm joriy etildi. Unga ko‘ra, ushbu tarmoqlar ishini yuritadigan tashkilotlarning hududiy korxonalariga texnik shartlarni olishdan tortib muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni amalga oshirib, ularni tadbirkorlarga tayyor holda topshirish vakolatlari berildi.

Aziz do‘stlar!

Shuni ham ta’kidlashimiz zarurki, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida olib borayotgan ishlarimiz xalqaro iqtisodiy tashkilotlarning reytinglarida o‘zining ijobiy ifodasini topmoqda. O‘tgan yilning oktabr oyida Jahon banki «Biznes yuritish» reytingini e’lon qildi. Ana shu reytingda O‘zbekiston faqat bir yilning o‘zida 16 pog‘onaga ko‘tarilib, 87-o‘rinni egalladi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, «yangi biznesni qo‘llab-quvvatlash» deb ataladigan mezon bo‘yicha mamlakatimiz ayni paytda jahonda 42-o‘rinni, tuzilgan shartnomalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha 32-o‘rinni, iqtisodiy nochor korxonalarga nisbatan qo‘llanadigan bankrotlik tizimining samaradorligi bo‘yicha 75-o‘rinni egallab turibdi. «Kichik biznes subyektlariga kredit berish» deb nomlanadigan ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston so‘nggi uch yilda 154-o‘rindan 42-o‘ringa ko‘tarildi va o‘tgan yilning o‘zida reytingini 63 pozitsiyaga yaxshiladi.

Jahon bankining ma’ruzasida O‘zbekiston keyingi yillarda tadbirkorlik faoliyati uchun ishbilarmonlik muhitini yaxshilash sohasida eng yaxshi natijalarga erishgan dunyodagi o‘nta davlat qatoridan joy olgani qayd etilgan.

Ana shu yo‘nalishdagi islohotlar natijasida yalpi ichki mahsulotimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2000-yildagi 31 foizdan bugungi kunda 56,7 foizga yetgani yoki 1,8 barobar oshganini alohida ta’kidlashni istardim. Hozirgi paytda ushbu sohada jami sanoat mahsulotlarining uchdan bir qismi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 98 foizi ishlab chiqarilmoqda. Ish bilan band jami aholimizning 77 foizdan ortig‘i – shunga e’tibor bering – mazkur tarmoqda mehnat qilayotgani, o‘z peshona teri bilan nafaqat o‘z oilasini boqayotgani, balki mamlakatimiz boyligiga boylik qo‘shayotgani, avvalo, mustaqillik bizga ochib bergan imkoniyatlarning yaqqol isboti, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

2015-yilda korporativ boshqaruv tizimidagi prinsip va yondashuvlarni tubdan o‘zgartirishimiz uning haqiqiy bozor xususiyatlariga ega bo‘lishini ta’minlash va konservativ qarashlardan xalos bo‘lishida katta hissa bo‘ldi.

Barcha aksiyadorlik jamiyatlarining faoliyati to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazildi, natijada 462 ta jamiyatni yoki ularning 43 foizini tugatish yoki boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga o‘zgartirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Korxonalarni korporativ boshqarish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish asosida aksiyadorlik jamiyatlarining yangi namunaviy tuzilmasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Shu tariqa, zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi talablarini inobatga olgan holda, Lavozim va kasblarning yangi klassifikatori ishlab chiqildi va tasdiqlandi, unga bozor iqtisodiyoti talablariga mos keladigan 566 ta yangi toifa kiritildi.

Ana shu klassifikator asosida rahbarlar tarkibi attestatsiyadan o‘tkazildi. Rahbar kadrlarning korporativ boshqaruvning zamonaviy usul va prinsiplari, menejment va marketing bo‘yicha bilimlarini baholash ushbu sinovning asosiy maqsadi qilib qo‘yildi. Uning natijalariga ko‘ra, attestatsiya qilingan 721 nafar rahbar xodimning yarmi – 49 foizi attestatsiyadan o‘tgan bo‘lsa, ularning har uchinchisi attestatsiyadan shartli ravishda o‘tkazilgan, 20 foizi yoki har beshinchi rahbar esa egallab turgan lavozimiga loyiq emas, deb topilgan.

Bu raqamlar, tabiiyki, ko‘p narsadan darak beradi va aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarish tizimini tubdan o‘zgartirishdek muhim ishni o‘z vaqtida boshlaganimizni yana bir bor tasdiqlaydi.

Bo‘shab qolgan rahbarlik lavozimlariga puxta bilimga ega bo‘lgan, zamonaviy menejment va marketing usullarini amalda qo‘llay oladigan yosh mutaxassislar tayinlandi.

Shu borada Germaniyada joylashgan Yevropa menejment va texnologiyalar maktabining faol ishtirokida aksiyadorlik jamiyatlarining rahbar xodim va mutaxassislarini tizimli asosda tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish, ularning zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini egallashini ta’minlash maqsadida mamlakatimizda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi tashkil etildi.

O‘tgan yili Germaniya va iqtisodiy jihatdan rivojlangan boshqa davlatlardagi yetakchi ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini keng jalb qilgan holda, mamlakatimiz aksiyadorlik jamiyatlari, banklar va yirik korxonalarning 160 nafardan ortiq rahbar xodimi korporativ boshqaruv sohasida malaka oshirdi, ularning yarmi Germaniya korxonalarida tajriba orttirdi.

Hurmatli do‘stlar!

Mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish borasida bajarilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq.

2015-yilda ana shu maqsadlarga barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 15 milliard 800 million AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb etildi va o‘zlashtirildi. Bu 2014-yilga nisbatan 9,5 foiz ko‘p demakdir. Jami investitsiyalarning 3 milliard 300 million dollardan ziyodi yoki 21 foizdan ortig‘i xorijiy investitsiyalar bo‘lib, shuning 73 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalaridir.

Investitsiyalarning 67,1 foizi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga yo‘naltirildi. Bu esa 2015-yilda umumiy qiymati 7 milliard 400 million dollar bo‘lgan 158 ta yirik ishlab chiqarish obyekti qurilishini yakunlash va foydalanishga topshirish imkonini berdi.

Masalan, Toshkent issiqlik elektr stansiyasida 370 megavatt quvvatga ega bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi barpo etildi, Chorvoq GESi gidrogeneratorlari modernizatsiya qilindi, Qo‘ng‘irot soda zavodida kalsiylashtirilgan soda ishlab chiqarish kengaytirildi, «Samarqandkimyo» aksiyadorlik jamiyatida 240 ming tonna quvvatga ega bo‘lgan murakkab tarkibli yangi o‘g‘itlar ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi. Shuningdek, «Motor zavodi» aksiyadorlik jamiyatining faoliyat ko‘rsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlarida traktor tirkamalari, jumladan, katta hajmli tirkamalar, maishiy texnika uchun tarkibiy qismlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish tashkil etildi.

Ana shunday muhim obyektlar haqida gapirganda, janubiy koreyalik investor va mutaxassislar bilan hamkorlikda Surg‘il koni negizida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasini alohida ta’kidlamoqchiman. Umumiy qiymati 4 milliard dollardan oshadigan ushbu majmua dunyodagi eng zamonaviy, yuqori texnologiyalar asosida ishlaydigan, yirik korxonalardan biri bo‘ldi. Majmuaning ishga tushirilishi yiliga 83 ming tonna noyob polipropilen mahsulotini ishlab chiqarish imkonini beradi. Holbuki, bu mahsulot ilgari mamlakatimizga chetdan, katta valyuta hisobiga olib kelinar edi. Ayni vaqtda mazkur korxona polietilen ishlab chiqarish hajmini 3,1 barobar ko‘paytirish, mingdan ziyod yuqori malakali mutaxassislarni ish bilan ta’minlash uchun imkoniyat yaratishi bilan ulkan ahamiyatga egadir.

Xorazm viloyatida «Jeneral motors – O‘zbekiston» aksiyadorlik jamiyatida umumiy qiymati qariyb 6 million dollarlik loyiha asosida «Shevrole Labo» kichik yuk mashinasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda yiliga fermerlarimiz va xususiy tadbirkorlarimiz uchun juda zarur bo‘lgan 5 mingta ana shunday mashina ishlab chiqariladi. Shuni ta’kidlash joizki, ushbu model yangi «Xorazm avto» zavodida tayyorlanayotgan «Damas» va «Orlando» avtomobillaridan keyingi uchinchi turdagi avtomobil bo‘ldi.

Namangan viloyatining Pop tumanida 130 kilovatt quvvatga ega bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Hozircha bu loyiha sinovdan o‘tkazilmoqda. 2020-yilga borib mamlakatimizda har biri 100 megavatt quvvatga ega yana uchta quyosh elektr stansiyasini foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Samarqand – Qarshi temir yo‘l uchastkasida yuqori tezlikda harakatlanadigan «Afrosiyob» elektr poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu Toshkent – Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi tashish sifati va sur’atini oshirish imkonini bermoqda. Natijada poytaxtimizdan Qashqadaryo viloyatiga va Qarshidan Toshkentga yo‘lovchilar tashish vaqti ikki barobar qisqardi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida ham chuqur tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Murakkab ob-havo sharoitiga qaramasdan, fermer va dehqonlarimizning fidokorona mehnati va omilkorligi tufayli o‘tgan yili mo‘l hosil yetishtirildi – 7 million 500 ming tonnadan ziyod g‘alla, 3 million 350 ming tonnadan ortiq paxta xirmoni barpo etildi.

Ta’kidlash kerakki, bunday mo‘l hosil asosan qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni jadallashtirish, seleksiya ishlarini yaxshilash, g‘o‘za va boshoqli don ekinlarining rayonlashtirilgan navlarini joriy qilish, zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘zlashtirish evaziga ta’minlandi.

Mamlakatimizda bug‘doydan gektaridan o‘rtacha 55 sentner hosil olingani, ayrim tumanlarda bu ko‘rsatkich 60-77 sentnerni tashkil etgani, hech shubhasiz, fermerlarimizning ulkan yutug‘idir.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligining meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik va chorvachilik kabi tarmoqlari ham jadal sur’atlarda rivojlandi. O‘tgan yili 12 million 592 ming tonna sabzavot va kartoshka, 1 million 850 ming tonna poliz mahsulotlari, 1 million 556 ming tonna uzum, 2 million 731 ming tonna meva yetishtirildi.

Qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash infratuzilmasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan 230 ta korxona, 77 ming 800 tonna sig‘imga ega bo‘lgan 114 ta yangi sovutish kamerasi tashkil etildi va modernizatsiya qilindi. Mamlakatimizda meva-sabzavotlarni saqlashning umumiy quvvati 832 ming tonnaga yetkazildi. Bu esa, yil davomida narxlarning mavsumiy keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan, aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ushbu mahsulotlarni eksport qilishni kengaytirish, narx-navo barqarorligini saqlash imkonini bermoqda.

Bularning barchasi fidoyi dehqon va fermerlarimiz, barcha qishloq xo‘jaligi xodimlarining mashaqqatli va sharafli mehnati mahsulidir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Fursatdan foydalanib, bugun, mana shu yuksak minbardan turib, barcha qishloq mehnatkashlariga yana bir bor chin qalbimdan samimiy minnatdorlik izhor etishni o‘zimning burchim deb bilaman.

O‘tgan yili iqtisodiyotimizni tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish, bandlikni ta’minlash, odamlarimizning daromadi va hayot sifatini oshirishning muhim omil va yo‘nalishlaridan biri tariqasida xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish borasidagi tizimli ishlar izchil davom ettirildi.

2015-yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishining yarmidan ko‘pi xizmat ko‘rsatish sohasi hissasiga to‘g‘ri kelgani bu tarmoqning iqtisodiyotimizdagi o‘rni va ta’siri naqadar katta ekanini ko‘rsatadi. Bugungi kunda xizmat ko‘rsatish sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2010-yildagi 49 foizdan 54,5 foizga yetdi. Jami band aholining yarmidan ko‘pi ushbu sohada mehnat qilmoqda.

Bank, sug‘urta, lizing, konsalting va boshqa turdagi bozor xizmatlari barqaror sur’atlar bilan rivojlanmoqda, ular xususiy sektor va kichik biznes rivojiga xizmat qilmoqda. Xizmat ko‘rsatish sohasida 80 ming 400 ta kichik biznes subyekti faoliyat yuritmoqda va bu xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalari umumiy sonining 80 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi.

Qishloq va tumanlarimizda xizmat ko‘rsatish sohasini izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada jadal rivojlantirish dasturi doirasida so‘nggi uch yilda 22 ming 800 dan ortiq loyiha amalga oshirildi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi 1,6 barobar, qishloqda bir kishiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi 1,5 barobar oshdi.

Aziz do‘stlar!

Endi, yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Bugun 2015-yilning yakunlariga bag‘ishlangan ushbu ma’ruza ana shu davrda erishgan marralar va raqamlar haqidagi ma’lumotlar bilan emas, avvalo ayni o‘tgan yilda hayotga keng ko‘lamda tatbiq etilgan islohotlarimiz va katta ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgarishlarga oid fikrlar bilan boshlangani bejiz emas, albatta.

Buning boisi shundaki, agar ana shu amaliy ishlarimizni hal qiluvchi islohot va yangiliklardan boshlamasak, o‘z-o‘zidan ayonki, biz kutayotgan barqaror o‘sish sur’atlari bilan rivojlanishni qo‘lga kiritishni aslo tasavvur etib bo‘lmaydi.

Bu haqiqatni hammamiz yaxshi anglab olishimiz darkor.

2015-yilda amalga oshirgan keng ko‘lamli, uzoqni ko‘zlagan islohotlarni hayotga tatbiq etish erkin tadbirkorlikka keng imtiyoz va preferensiyalar yo‘lini ochib berish, investitsiyalar, avvalo, chet el investitsiyalarining hajmini oshirish va joriy etish iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlarini va uning makroiqtisodiy mutanosibligini ta’minlash bo‘yicha o‘z ijobiy ta’sirini berdi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi hamon davom etayotganiga qaramasdan, hisobot yilida yalpi ichki mahsulot 8 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qariyb 7 foiz, qurilish-montaj ishlari hajmi salkam 18 foizga oshdi.

Yillik byudjet yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz profitsit bilan bajarildi. Inflatsiya darajasi 5,6 foizni tashkil qildi, ya’ni prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bo‘ldi.

Xalqaro miqyosda katta nufuzga ega bo‘lgan Jahon iqtisodiy forumi reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 2014-2015-yillardagi rivojlanish yakunlari va 2016-2017-yillarda iqtisodiy o‘sish prognozlari bo‘yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy olgani albatta barchamizga mamnuniyat yetkazadi.

Bundan tashqari, 2015-yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ga a’zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun beriladigan mukofotiga sazovor bo‘lgan 14 ta davlatdan biri sifatida e’tirof etildi.

O‘tgan yili bank tizimini yanada mustahkamlash, banklarning kapitallashuv darajasini oshirish va investitsiyaviy faolligini kengaytirish ta’minlandi. Bank tizimining jami kapitali 2014-yilga nisbatan 23,3 foiz ko‘payib, 7 trillion 800 milliard so‘mga yetdi. So‘nggi 5-yilda mazkur ko‘rsatkich 2,4 barobar o‘sdi. Bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi qariyb 24 foizni tashkil qildi. Bu umumiy qabul qilingan xalqaro standartlardan 3-marta, bank likvidligi esa eng yuqori ko‘rsatkichlardan 2-marta ko‘pdir.

Jahon miqyosida savdo-sotiq ishlarining o‘sish sur’ati sezilarli darajada sustlashgani, eksport qilinadigan eng muhim tovarlarga nisbatan tashqi talabning kamayishi va narxlarning pasayishiga qaramasdan, biz tashqi savdo aylanmasida ijobiy saldoga erishdik. Bu esa davlatimizning oltin-valyuta zaxirasini oshirish imkonini berdi.

Davlat qarzi darajasining pastligi, ya’ni yalpi ichki mahsulotga nisbatan 18,5 foizdan oshmagani ham mamlakatimizda erishilgan ijobiy natijalar va makroiqtisodiy barqarorlik mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

O‘ta og‘ir va murakkab vaziyatda qo‘lga kiritilgan bunday yutuq va marralar avvalo chuqur va atroflicha o‘ylangan siyosatning natijasi bo‘lib, ularning zamirida mehnatkash, mard va matonatli xalqimizning qahramonona mehnati mujassam ekanini ko‘ramiz.

Hurmatli yurtdoshlarim!

Iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish sohasining yuqori sur’atlar bilan barqaror o‘sishi biz uchun eng muhim ustuvor yo‘nalish bo‘lgan – aholi bandligini ta’minlash, avvalambor, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish uchun zarur sharoitlar yaratdi.

2015-yilda mamlakatimizda 980 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil qilingan bo‘lsa, shuning 60 foizdan ziyodi qishloq joylarda yaratildi.

Kollejlarning 480 mingdan ortiq bitiruvchisi ish bilan ta’minlandi. Tijorat banklari tomonidan ularga o‘z biznesini tashkil qilish uchun 280 milliard so‘mga yaqin imtiyozli kreditlar ajratildi va bu 2014-yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘pdir.

2015-yilda iqtisodiyotimizni yuqori sur’atlar bilan barqaror rivojlantirishga erishganimiz aholi daromadlarini yanada ko‘paytirish, odamlarimizning hayot darajasi va sifatini oshirish uchun mustahkam asos yaratdi.

Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va stipendiyalar 21,9 foizga, aholi jon boshiga jami real daromadlar esa 9,6 foizga oshdi.

Tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar ulushi 2010-yildagi 47,1 foiz o‘rniga 52 foizga o‘sgani va bu Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridagi ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada yuqori ekanini alohida ta’kidlashni istardim.

O‘zbekistonda mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab jamiyatning ijtimoiy tabaqalashuv darajasini kamaytirishga alohida e’tibor berilayotgani, sodda qilib aytganda, o‘ta boylar ham, o‘ta kambag‘allar ham bo‘lmasin, degan tamoyilga amal qilib kelinayotgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

Yurtimizdagi 10 foiz ta’minlangan va 10 foiz yetarlicha ta’minlanmagan aholi daromadlari o‘rtasidagi farq, ya’ni «detsil koeffitsenti» deb nom olgan ko‘rsatkich barqaror pasayish tendensiyasiga ega bo‘lib, bu raqam 2010-yildagi 8,5 foiz o‘rniga 2015-yilda 7,7 foizni tashkil etdi.

Daromadlar o‘rtasidagi farqni ifoda etadigan yana bir xalqaro ko‘rsatkich – Jini indeksi mamlakatimizda 2010-yildagi 0,390 o‘rniga 2015-yilda 0,280 ni tashkil etdi va bu natija dunyoning ko‘plab iqtisodiy rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlariga qaraganda ancha pastdir.

Aytish kerak – boshqalar havas qiladigan bunday natijalarga erishish albatta oson emas. Bu yo‘lda bir yillik yoki besh yillik davr ham kamlik qiladi. Bunday maqsadlarga erishish uchun so‘zda emas, amaliy harakatlarimiz bilan kundalik hayotimizni o‘zgartirishimiz kerak.

Aholi daromadlarining ortishi natijasida ichki iste’mol talabi kengaymoqda. Chakana savdo aylanmasi bir yilda 15 foizdan ziyod, pullik xizmatlar hajmi esa 10,8 foizga o‘sdi.

Aholining uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar bilan ta’minlanish darajasida ham sifat o‘zgarishlari ro‘y berdi. Bugungi kunda ushbu tovarlarning aksariyati mamlakatimizda ishlab chiqarilmoqda. Xususan, har 100 oilaning 42 tasi yengil avtomobillarga ega bo‘lib, bu besh yil avvalgi ko‘rsatkichdan 1,5 barobar ko‘p, 47 ta oila shaxsiy komputerlar bilan ta’minlangan va bu davrda o‘sish 3,9 barobarni tashkil etdi. Shuningdek, har 100 ta oiladan 31 tasi konditsionerga ega yoki bu boradagi o‘sish 1,7 barobarga teng, har 100 ta oilaga 234 ta mobil telefon to‘g‘ri kelmoqda yoki bu sohadagi o‘sish 1,6 barobarni tashkil etmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida mustaqil tashkilotlar guruhi va xalqaro ekspertlar ishtirokida 2015-yilda 158 ta davlatda “Dunyoning eng baxtli mamlakatlari” degan mavzuda tadqiqot o‘tkazildi. Har qaysi mamlakatning o‘z fuqarolarini baxtli hayot bilan ta’minlash qobiliyatini ifoda etadigan ushbu indeks bo‘yicha O‘zbekiston 44-o‘rinni egalladi. Aytish joizki, yurtimiz 2013-yilda bu reytingda 60-o‘rinda edi.

O‘tgan yili ta’lim-tarbiya sohasini yanada isloh etish va takomillashtirish masalasi ham diqqat markazimizda bo‘ldi. Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasiga har yili sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10-12 foizni tashkil etmoqda. Bu YuNESKOning mamlakatni barqaror rivojlantirishni ta’minlash uchun ta’limga yo‘naltirilishi zarur bo‘lgan investitsiyalar miqdori bo‘yicha tegishli tavsiyalaridan, ya’ni 6-7 foizdan qariyb 2 barobar ko‘pdir.

2015-yilda bu sohada 384 ta obyektning moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha qiymati 423 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirildi, namunaviy loyihalar asosida 29 ta yangi umumta’lim maktabi barpo etildi, 219 ta maktab rekonstruksiya qilinib, 136 tasi kapital ta’mirlandi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 2 ming 200 talabaga mo‘ljallangan yangi zamonaviy o‘quv korpusi, sport majmuasi, shuningdek, o‘quv jarayoniga jalb etilgan xorijlik mutaxassislar uchun mehmonxona barpo etildi. Navoiy davlat konchilik institutida yangi o‘quv binosi qurilishi nihoyasiga yetkazildi.

Oliy ta’lim sohasida oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilarini muntazam qayta tayyorlash bo‘yicha mutlaqo yangi, takomillashtirilgan tizim joriy qilindi. 15 ta tayanch oliy o‘quv yurtida oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish kurslari tashkil etildi. Mazkur kurslarda oliy o‘quv yurtlarining 2 ming 700 ga yaqin o‘qituvchisi malaka oshirdi.

Biz uchun bebaho boylik bo‘lgan xalqimizning sog‘lig‘ini saqlash maqsadida 2015-yilda 141 ta tibbiyot muassasasini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash uchun qariyb 500 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Respublika bolalar suyak-sil kasalliklari sanatoriysi, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali, Andijon va Buxoro shaharlaridagi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, Qarshi va Samarqand shaharlarida viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, shuningdek, mamlakatimizning ko‘plab tumanlarida tibbiyot birlashmalari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Qishloq vrachlik punktlarini optimallashtirish va zamonaviy diagnoz va davolash uskunalari bilan jihozlash ishlari nihoyasiga yetkazildi.

Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida keyingi besh yilda mamlakatimizda har 100 mingta chaqaloqqa nisbatan onalar o‘limi 23,1 dan 19 taga, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 14,8 tadan 13,9 taga, chaqaloqlar o‘limi 11 tadan 10,7 taga kamaydi. Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishganini alohida ta’kidlashni istardim.

Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlashning muhim va samarali omili bo‘lgan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2015-yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bolalar sporti inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli dasturni amalga oshirish doirasida umumiy qiymati 225 milliard so‘mdan ortiq 35 ta namunaviy sport obyekti, 12 ta suzish havzasi, 174 ta maktab sport zallari foydalanishga topshirildi.

2015-yilda O‘zbekiston sportchilari jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro turnirlarda 860 dan ortiq medalni qo‘lga kiritishga erishdilar. Shuning 311 tasi oltin, 274 tasi kumush va 276 tasi bronza medallaridir. Sportchilarimiz, ayniqsa, yengil atletika, badiiy gimnastika, boks, kurash, dzyudo, taekvondo, ot sporti bo‘yicha muvaffaqiyatli ishtirok etishmoqda.

O‘tgan yil davomida «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturini to‘liq amalga oshirish masalasi ham diqqatimiz markazida bo‘ldi.

Nuroniy otaxon va onaxonlarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni yanada kuchaytirish maqsadida ushbu dasturni amalga oshirishga vazirlik va idoralar, iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlariga tegishli korxona va tashkilotlar, jamoat birlashmalari, birinchi navbatda, «Nuroniy» va «Mahalla» jamg‘armalari keng jalb etildi.

O‘tgan yili 215 mingdan ziyod muhtaram faxriylarimiz bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ehtiyojmand nogironlarga 11 mingdan ortiq yuqori sifatli protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalari bepul topshirildi. 70 mingga yaqin keksa avlod vakillari to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va statsionar hamda sanatoriy-kurort muassasalarida o‘z sog‘lig‘ini tikladi. 100 yoshga to‘lgan nuroniylarning pensiyasiga eng kam oylik ish haqi miqdorida ustamalar qo‘shib berildi.

Bundan tashqari, o‘tgan yilning 1-sentabridan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksa va nogironlarni har oyda bepul ta’minlash uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlarining yangi ro‘yxati joriy qilindi.

Bu haqda albatta uzoq gapirish mumkin, lekin, muxtasar qilib aytganda, «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun barcha manbalar hisobidan 2 trillion 246 milliard so‘m va 225 million dollardan ziyod mablag‘ sarflanganining o‘zi, o‘ylaymanki, bu boradagi ishlarimizning miqyosi va ko‘lamidan yaqqol dalolat beradi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Mamlakatimizning 2016-yilga belgilab olingan marra va maqsadlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ustuvor yo‘nalishlarini aniqlab olishda jahon miqyosidagi hali-beri davom etayotgan global inqiroz bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan jiddiy muammolarni hisobga olmasligimiz mumkin emas, albatta.

Ana shu muammolar tufayli bugungi kunda dunyo bozorlarida talabning keskin kamayib, noaniqlik saqlanib qolayotgani, shafqatsiz raqobatning tobora kuchayib borayotgani, ishlab chiqarish sur’atlarining pasayishi jahondagi ko‘pchilik davlatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz.

Bunday o‘ta murakkab vaziyat barchamizdan ertangi kunimizni ko‘rishda, istiqbolimizni belgilab olishda, avvalo, eskicha qarashlar qolipidan voz kechishni, umrini o‘tab bo‘lgan, aytish mumkin, inersion usullardan to‘liq voz kechishni talab etadi.

Biz uchun asosiy vazifa – ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan uzluksiz yangilab borish, doimiy ravishda ichki imkoniyat va zaxiralarni izlab topish, iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni izchil davom ettirishdan iborat bo‘lishi zarur.

Ayni shunday yangicha qarash va harakatlar butun faoliyatimizning negizini tashkil etishi shart.

Shu borada ichki imkoniyat va zaxiralarimizni ishga solishning eng muhim yo‘nalishi bizning zaminimizdagi boy mineral xomashyo va o‘simlik dunyosi resurslarini chuqur qayta ishlashni bosqichma-bosqich oshirib borish, shuningdek, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishning hajmi va turini kengaytirishdan iborat bo‘lishi kerak.

Boshqacha aytganda, xomashyoni jahon bozorida talab katta bo‘lgan mahsulotga aylantirish uchun qayta ishlashning 3-4 bosqichli tizimiga o‘tishimiz zarur. Bu tizimning ma’no-mohiyati shundan iboratki, u birinchi bosqichda xomashyoni dastlabki qayta ishlash, ya’ni yarim fabrikatlar tayyorlash, keyingi bosqichda sanoat asosida ishlab chiqarish uchun tayyor materiallarga aylantirish, uchinchi, yakuniy bosqichda esa iste’mol uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarishni nazarda tutadi.

Bu boradagi dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda har bir turdagi birlamchi xomashyo, ya’ni yarim fabrikatlarni chuqur qayta ishlashdan tortib, uni iste’mol uchun tayyor mahsulotga aylantirishgacha bo‘lgan yakuniy bosqichga qadar butun ishlab chiqarish jarayonini kuzatib borish zarurati paydo bo‘lmoqda.

Muxtasar aytganda, ishlab chiqarishni tashkil etishning butun jarayonini – xomashyoni chuqur qayta ishlashdan toki uni tayyor mahsulotga aylantirishgacha bo‘lgan yo‘lini – siklini, sarflangan xarajatlarning maqsadga muvofiqligi va nechog‘liq o‘zini qoplashini asoslab bergan holda, prognoz qilishni ta’minlash darkor.

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish natijasida 2030-yilda, yangi turdagi tovarlar tayyorlashni o‘zlashtirish asosida neft-gaz-kimyo sohasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3,2 barobar, rangli metall mahsulotlari 2,2-marta, qora metalldan tayyorlanadigan buyumlar 2,3 karra, kimyo sanoati mahsulotlari, jumladan, mineral o‘g‘itlar 3,2 barobar ko‘payishi mumkin.

Zamonaviy texnologiyalar asosida paxta tolasini va meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash tashqi va ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan tayyor, ekologik toza to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2030-yilda 5,6-marta, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmini esa 5,7 karra oshirish imkonini beradi.

Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.

Tashqi bozorlarda xaridorgir, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan zamonaviy tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yangi bosqichga ko‘tarish tayyor mahsulotlar eksportining barqaror yuqori o‘sish sur’atlariga erishishda, hech shubhasiz, katta zamin tug‘diradi.

Shuni aytish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda bu boradagi ishlar boshlab yuborilgan. Ayni vaqtda bu ishlar yuqori salohiyatga ega bo‘lgan har bir turdagi istiqbolli xomashyo va yarim fabrikat bo‘yicha chuqur qayta ishlashning 2020, 2025, 2030-yillarga mo‘ljallangan aniq dasturiga ega bo‘lish uchun mutlaqo yangi dasturiy kompleks yondashuvni talab etadi.

Ayni shu ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, ya’ni, jahon iqtisodiyotining rivojlanish jarayonlarini chuqur tahlil qilgan, o‘zimizning resurs va imkoniyatlarimizni real baholagan holda, biz oldimizga aniq maqsadni – ya’ni, 2030-yilga borib mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 2 barobar oshirish vazifasini qo‘yishimiz uchun bugun, hech shubhasiz, barcha asoslarimiz bor.

Bu yo‘lda tub tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish hisobidan sanoatni jadal rivojlantirish va yalpi ichki mahsulotda uning ulushini 2015-yildagi 33,5 foizdan 40 foizga yetkazish, qishloq xo‘jaligi ulushini esa 16,6 foizdan 8-10 foizga kamaytirish, energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish evaziga yalpi ichki mahsulot uchun sarflanadigan energiya hajmini taxminan 2 barobar qisqartirishga erishmog‘imiz kerak.

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan vazifalar qanchalik asosli ekanini quyidagi hisob-kitoblar ko‘rsatib turibdi. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 2016-2030-yillarda 2 barobar ko‘payishiga erishish uchun o‘rtacha yillik o‘sish sur’atlari 4,8 foiz darajasida bo‘lishini ta’minlash zarur. Agar keyingi 11-yilda bu ko‘rsatkich 8 foizdan yuqori bo‘lib kelganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu vazifani amalga oshirish uchun mustahkam asos va zamin borligi yaqqol ayon bo‘ladi.
Aziz yurtdoshlarim!

Mamlakatimizni demokratlashtirish va modernizatsiya qilish borasida boshlangan tizimli islohotlarni, iqtisodiyotimizda, avvalambor, sanoat va qishloq xo‘jaligida tub tarkibiy o‘zgarishlarni so‘zsiz davom ettirish, xususiy mulk, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirish va bu soha vakillari manfaatlarini himoya qilish, makroiqtisodiy mutanosiblikni ta’minlash 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishiga aylanishi zarur.

Joriy yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 7,8 foizdan iborat bo‘lishini ta’minlash, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 8,2 foiz, qishloq xo‘jaligida 6,1 foizga oshirish, chakana savdo aylanmasini 14 foiz, xizmatlar ko‘rsatish hajmini 17,4 foizga ko‘paytirish vazifasi qo‘yilmoqda. Inflatsiya darajasini 5,5-6,5 foiz doirasida saqlab qolish, aholining real daromadlarini 9,5 foizga, o‘rtacha ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni, soliq imtiyozlarini inobatga olgan holda, 15 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Ana shu vazifalarni amalga oshirishda 2016-yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturining hayotga tatbiq etilishi o‘ta muhim o‘rin tutadi. Nega deganda, bu dastur sanoatda, butun iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarning eng muhim vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

2016-yil uchun belgilangan, umumiy qiymati 5 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 164 ta yirik investitsiya loyihasini belgilangan muddatlarda so‘zsiz ishga tushirishni ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni kechiktirmasdan amalga oshirish lozim.

Birinchi navbatda, Toshkent – Samarqand – Buxoro tezyurar temiryo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazish, Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasida har biri 450 megavatt quvvatga ega bo‘lgan ikkita bug‘-gaz turbinasi, Angren issiqlik elektr stansiyasida 150 megavatt quvvatga ega bo‘lgan energiya bloki, Muborak gazni qayta ishlash zavodida 6 milliard kub metr gaz ishlab chiqaradigan uchta oltingugurt tozalash bloki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 70 ming tonna mis eritish quvvatiga ega bo‘lgan yangi pech qurilishini tugallash ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Jizzax viloyatidagi sement zavodining quvvatini 1 million tonnagacha portlandsement ishlab chiqarish darajasida kengaytirish, «Jeneral motors – O‘zbekiston» aksiyadorlik jamiyatida yangi «Aveo» (T-250) yengil avtomobili ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

2016-yilda qishloq joylarda 1 million 800 ming kvadrat metrdan ziyod hajmdagi 13 mingta uy-joy barpo etish, uzunligi 900 kilometr ichimlik suvi, gaz va elektr tarmoqlari, 325 kilometr yo‘l qurish mo‘ljallanmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, 2016-yilda iqtisodiyotimizni rivojlantirish, modernizatsiya qilish va tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun 17 milliard 300 million dollar qiymatidagi investitsiyalar yo‘naltirish, ularning o‘sish sur’atini 109,3 foizga yetkazish belgilangan. Ana shu investitsiyalarning 4 milliard dollardan ortig‘ini xorijiy investitsiyalar tashkil qiladi, bu 2015-yilga nisbatan 20,8 foiz ko‘pdir.

Shu borada muhim bir masalaga e’tiboringizni alohida jalb etmoqchiman. Ya’ni, ilgari tushimizda ham ko‘rmaydigan investitsiyalar, avvalo, chet el investitsiyalarini iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga jalb etar ekanmiz, biz avvalo, shular hisobidan xorijdan olib keladigan texnika va texnologiyalar zamon talabiga javob beradigan eng yuqori darajada bo‘lishi shart.

O‘tgan yili shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Yangidan qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan ishlab chiqarish quvvatlari loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini, texnika va texnologiyalarni ekspert baholash agentligi tashkil etildi. Barcha buyurtmachilarning mazkur talablarga so‘zsiz rioya etishi birinchi navbatda ushbu agentlikdan qat’iy talab qilinadi.

Yaqinda Vazirlar Mahkamasining maxsus komissiyasi tomonidan yengil va to‘qimachilik sanoati korxonalarida ushbu masala o‘rganib chiqilganida, qator jiddiy kamchiliklar borligi aniqlandi. Bunday tekshiruvlarni davom ettirish kerak.

Shu bilan birga, eskirgan, talabga javob bermaydigan asbob-uskunalarni olib kelish va ishga tushirish yuzasidan buyurtmachilarning javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik kodeksiga va Jinoyat kodeksiga aniq moddalar kiritish zarur.

2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturining asosiy qoida va yo‘nalishlarini so‘zsiz bajarish bo‘yicha boshlangan ishlarni 2016-yilda ham davom ettirish eng muhim vazifamizdir.

Bu borada O‘zbekiston milliy avtomagistralini modernizatsiya qilish ishlarini yakuniga yetkazish masalasi diqqatimiz markazida bo‘lishi zarur. Buning uchun joriy yilda qariyb 513 kilometr avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish lozim.

Temir yo‘l transporti sohasida temir yo‘llar tarmog‘ini yanada rivojlantirish, Samarqand – Buxoro temir yo‘l uchastkasining elektrlashtirilishini ta’minlash, Qarshi – Termiz uchastkasini elektrlashtirish ishlarini davom ettirish hal qiluvchi yo‘nalishga aylanadi. Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan 19 kilometrlik tunnel qurilishini yakuniga yetkazish va Angren – Pop yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish, hech shubhasiz, joriy yilning muhim voqeasi bo‘ladi. Bu yo‘lning ishga tushirilishi Farg‘ona vodiysi viloyatlari va mamlakatimizning boshqa hududlari o‘rtasida temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish imkonini yaratadi.

Shu munosabat bilan yana va yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: bu qurilish biz uchun nafaqat strategik va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyiha, ayni vaqtda u kommunikatsiya va transport sohasida erishgan yuksak taraqqiyotimiz darajasini yaqqol namoyon etadi.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

Qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish 2016-yil va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturimizning prinsipial muhim yo‘nalishidir.

Aytish kerakki, mazkur tarmoqda xo‘jalik yuritishning fermerlik tizimiga o‘tilishi munosabati bilan fermerlar uchun ijara mulki huquqi asosida ajratiladigan yer maydonlarini optimallashtirish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Bu tadbirni amalga oshirish, birinchi navbatda, sug‘oriladigan dehqonchilik sharoitida, suv taqchilligi va yerlarning aksariyat qismi kuchli sho‘rlangan bir vaziyatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va qishloq tumanlarida ekin maydonlari amalda tuproq unumdorligi va yer boniteti bo‘yicha keskin farq qilishi bilan bog‘liq.

Turli mintaqalarda tashkil qilingan fermer xo‘jaliklarining to‘plagan rivojlanish tajribasi, samaradorligi va rentabelligini hisobga olgan holda, ularni oqilona va qulay miqdordagi yer uchastkalari bilan ta’minlash uchun qattiq ish olib borishga to‘g‘ri keldi.

Shu borada yer maydonlari hajmini aniqlashda subyektiv yondashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik va bunday holatlarning oldini olishda ana shu o‘ta muhim ishni amalga oshirish mas’uliyati deputatlar korpusi, Fermerlar kengashi va jamoatchilik zimmasiga yuklatilgani hal qiluvchi omil bo‘ldi.

Er maydonlarining optimallashtirilishi natijasida 17 ming 500 dan ortiq yangi fermer xo‘jaligi va 250 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etildi. Toshkent, Jizzax, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Farg‘ona, Andijon viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida eng ko‘p fermer xo‘jaliklari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer maydonlari ajratish va taqsimlashning yangi mexanizmi joriy etildi. Unga muvofiq, qarorni tuman hokimi emas, balki Fermerlar kengashi va Yer uchastkalari taqdim etish masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasi xulosasi bo‘yicha xalq deputatlari tuman kengashlari qabul qilmoqda.

Yana bir o‘ta dolzarb va uzoqni ko‘zlagan masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Bu o‘rinda 2020-yilgacha paxta xomashyosini yetishtirish va uni davlat tomonidan xarid qilish hajmini 3 million 350 ming tonnadan 3 million tonnaga bosqichma-bosqich qisqartirish haqida so‘z bormoqda.

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, shunday hajmdagi yetishtiriladigan paxta hosili, bir tomondan, xomashyoni o‘zimizda chuqur qayta ishlashni inobatga oladigan bo‘lsak, avvalo, to‘qimachilik va yengil sanoatning ana shu xomashyoga bo‘lgan ehtiyojini nafaqat to‘la ta’minlaydi, balki O‘zbekistonning jahon bozoriga paxta tolasi va undan tayyorlanadigan mahsulotlar yetkazib beradigan mamlakat sifatidagi mustahkam mavqeini saqlab qolish imkonini ham beradi.

Paxta yetishtirish hajmini 350 ming tonnaga qisqartirish hisobidan 170 ming 500 gektar sug‘oriladigan yer paxtadan bo‘shaydi. Bu jarayonda, albatta, avvalo mamlakatimiz bo‘yicha paxta hosildorligi gektaridan o‘rtacha 26,1 sentnerni tashkil etib turgan bir paytda hosildorligi 12-15 sentnerdan oshmaydigan past bonitetli yerlarni paxtadan bo‘shatishga e’tibor qaratiladi. Asosan sho‘rlangan, shuningdek, paxta yetishtirishga yaroqsiz bo‘lgan tog‘oldi yerlariga g‘o‘za ekilmaydi.

Bunday qarorga kelishimizning yana bir sababi borki, u ham bo‘lsa, so‘nggi yillarda jahon bozorida paxta tolasining narxi va unga bo‘lgan talabning keskin pasayib ketishi bilan bog‘liqdir.

Paxtadan bo‘shagan ekin maydonlarida avvalo, sabzavot va kartoshka, shular qatorida ozuqa ekinlari, yog‘-moy olinadigan va boshqa o‘simliklar ekiladi, bog‘ va uzumzorlar barpo etiladi.

Ekin maydonlarining optimallashtirilishi va zamonaviy agrotexnologiyalarning joriy etilishi natijasida 2020-yilda boshoqli don yetishtirishni 16,4 foizga oshirib, uning hajmini 8 million 500 ming tonnaga yetkazish, kartoshka yetishtirishni 35 foizga, sabzavotni 30 foizga, meva va uzumni 21,5 foiz, go‘sht yetishtirishni 26,2 foizga, sutni 47,3 foiz, tuxumni – 74,5 foizga ko‘paytirish, baliq yetishtirishni 2,5-martaga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Ayni paytda ana shu turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish hajmi sezilarli darajada ortishini ham hisobga olish zarur.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining hayot darajasi va sifatini yanada oshirish bilan bog‘liq masalalar bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi.

2016-yilda ijtimoiy sohaga Davlat byudjeti jami xarajatlarining 59,1 foizi yoki o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq mablag‘ ajratiladi. Jumladan, ta’lim-tarbiya sohasiga davlat byudjeti xarajatlarining 33,7 foizi, sog‘liqni saqlash tizimiga 14 foizi yo‘naltiriladi. Ta’lim-tarbiya sohasini ta’minlash va rivojlantirish sarf-xarajatlari o‘tgan yilga qaraganda 16,3 foizga, sog‘liqni saqlash tizimida 16 foizga ko‘payadi.

Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hajmi tobora ortib borayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Joriy yilda 13 ta oliy ta’lim muassasasi, jumladan, Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Samarqand davlat universitetlari, Farg‘ona politexnika institutidagi qurilish va rekonstruksiya ishlariga 355 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Toshkent davlat stomatologiya instituti binolari, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Singapur menejmentni rivojlantirish instituti filiallarining yangi o‘quv korpuslari quriladi.

Aholi bandligini ta’minlash masalasi ham eng muhim vazifamiz bo‘lib qoladi. 2016-yilda 990 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohasini izchil rivojlantirish hisobidan 660 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi. 2016-yilda oliy o‘quv yurtlari, litsey va kollejlarning 510 mingdan ortiq bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashimiz darkor.

Yoshlarimiz, farzandlarimizning, ayniqsa, qishloq joylarda bandlik muammosi biz uchun eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolayotganini nazarda tutgan holda, tuman, shahar va viloyat hokimliklari rahbarlariga bu boradagi ishlar uchun ular shaxsan javobgar ekanini yana bir bor ta’kidlashni o‘rinli deb bilaman.

Har yili kasb-hunar kollejlari va litseylarga qabul rejasini ishlab chiqishda 3-4-yildan so‘ng tuman, shahar va viloyatlar hududida qanday yangi obyektlar ishga tushirilishi, ularda mehnat qilish uchun qaysi mutaxassisliklar bo‘yicha qanday kadrlar kerakligini har tomonlama hisobga olish va shu asosda qabul rejasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish g‘oyat muhim masala ekanini eslatib o‘tmoqchiman.

Jahon bozorlarida raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi sharoitda iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini tubdan oshirish, eksportga mahsulot chiqaradigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatidagi ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Aynan ana shu sohalarda hali foydalanilmagan ulkan imkoniyat va salohiyat ko‘p. Eksportga mahsulot chiqaradigan sanoat korxonalaridan farqli ravishda kichik biznes subyektlari va fermerlar o‘z mahsulotlarini eksport qilishdan olgan valyuta tushumlarining 50 foizini banklarga sotish majburiyatidan ozod qilingani va ularning eksportga mahsulot yetkazib berishdan, avvalo, o‘zlarining manfaatdor bo‘lishini e’tibordan chetda qoldirmasligimiz darkor.

Birinchi navbatda, eksportga mahsulot chiqaradigan korxonalar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar tizimini yana bir marta tanqidiy ko‘rib chiqish, bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, ularni amalga oshirish muddatlarini qisqartirish va tashqi savdo operatsiyalarini bajarish uchun tariflarni pasaytirishga doir qo‘shimcha choralar ko‘rish lozim. Mahsulot eksporti bilan bog‘liq barcha hujjatlar va ruxsat berish tartib-taomillarini rasmiylashtirishning elektron shaklini keng joriy etish kerak.

Bu masalalarni hal etishda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining qayta tashkil etilgan tuzilmalari zimmasiga jiddiy mas’uliyat yuklanadi.

Bugungi kunda ana shu tuzilmalar eksportni muvofiqlashtirish va eksport faoliyatiga yangi ishtirokchilarni jalb qilish, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksportga yetkazib berish ko‘lamini kengaytirish va yangi bozorlarga kirib borish uchun mas’uldir.

2013-yili O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiqdir. Mazkur jamg‘arma tadbirkorlik subyektlariga tovar va xizmatlarni tashqi bozorlarga olib chiqish bo‘yicha huquqiy, moliyaviy va tashkiliy xizmatlar ko‘rsatadigan noyob tuzilmadir.

Joriy yilda jamg‘arma ustav kapitalini kamida ikki barobar ko‘paytirish hisobidan uning moliyaviy imkoniyatlarini, vakolatlari, vazifa va ko‘rsatayotgan moliyaviy xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish, mamlakatimiz mintaqalarida jamg‘armaning tarkibiy bo‘limlarini tashkil qilish masalasini ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblayman.

Bugungi sharoitda, Internet va elektronika davrida iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, «Elektron hukumat» tizimi faoliyatini yanada rivojlantirish ustuvor ahamiyatga egadir.

Jahon tajribasi shundan dalolat beradiki, ayni paytda global iqtisodiyotda komputer va telekommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqarish va ular asosida keng turdagi interfaol xizmatlar ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining roli va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi mamlakatning raqobatdoshlik darajasiga ta’sir ko‘rsatishi, katta hajmda axborot to‘plash va uni umumlashtirish imkonini berishi, boshqarishni strategik darajada tashkil etish uchun keng imkoniyatlar ochib berishini unutmasligimiz zarur.

Shuni ta’kidlash lozimki, bugungi kunda jahon miqyosida yaratilayotgan yalpi ichki mahsulotning taxminan 5,5 foizi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Nufuzli xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, 2020-yilda bu ko‘rsatkich 9 foizdan oshadi.

Masalan, Koreya Respublikasining yalpi ichki mahsulotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalariningulushi 11,8 foizdan ziyodni, Shvetsiyada 7 foizni, Amerika Qo‘shma Shtatlarida esa 6,8 foizni tashkil etadi.

So‘nggi yillarda iqtisodiyotimizning mazkur tarmog‘i jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotganiga qaramasdan, hozirgi vaqtda biz bu borada dastlabki bosqichda turganimizni tan olishimiz darkor. Ya’ni, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining atigi 2 foizga yaqini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bugungi kunda Janubiy Koreyaning Inha universiteti kabi xorijiy bilim maskanlarida va mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlanayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yanada rivojlantirish uchun barcha zarur resurs va imkoniyatlarga ega ekanimiz ayon bo‘ladi.

Aziz do‘stlar, barchangizga yaxshi ma’lum, biz yangi yil arafasida 2016-yilga yurtimizda Sog‘lom ona va bola yili deb nom berishga qaror qildik. Xalqimizning asriy an’analaridan kelib chiqqan holda, biz faqatgina sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘ilishiga, ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘lishiga qat’iy ishonamiz.

Bu borada qabul qilinadigan davlat dasturida oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlash, perinatal va skrining markazlar, patronaj xizmatlarning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini shakllantirish va mustahkamlash, yosh onalar va bolalarni parvarish qilish darajasi va sifatini oshirish, oilada sog‘lom ma’naviy muhit yaratish, qiz bolalarni jismonan sog‘lom va intellektual rivojlangan etib tarbiyalash, ularning akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta’lim olishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu Dasturga muvofiq ko‘lami va mohiyatiga ko‘ra ulkan ishlarni amalga oshirishimiz lozim.

Aziz farzandlarimiz, mehribon onalarning, muxtasar aytganda, butun xalqimizning jismoniy sog‘lomligi va ma’naviy kamolotini yanada mustahkamlash, hech shubhasiz, bizning mana shunday o‘ta muhim vazifalarni qay darajada amalga oshirishimizga bevosita bog‘liq bo‘lib, barchamiz bu ezgu ishda o‘zimizni ayamasdan, faol qatnashamiz, deb ishonaman.

Qadrli yurtdoshlar!

O‘tgan 2015-yilda amalga oshirgan keng ko‘lamli ishlarimiz bilan faxrlanishga bugun bizning barcha asoslarimiz bor.

Biz ozod va obod Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ 25-yilligi keng nishonlanadigan 2016-yilga katta maqsad va rejalar bilan qadam qo‘ydik. Yangi tariximizning eng yorqin sahifasini tashkil etadigan ana shu buyuk sanaga har tomonlama munosib va salmoqli hissa qo‘shish O‘zbekistonning har bir fuqarosi uchun ulkan sharafdir, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Albatta, 2016-yil biz uchun oson bo‘lmaydi, ammo, ishonchim komil – ko‘pni ko‘rgan xalqimizning fidokorona mehnati, azmu shijoati bilan barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha yangi yilimiz 2015-yildan ziyoda bo‘ladi, aslo kam bo‘lmaydi. Bunga hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas.

Mana shunday olijanob maqsad yo‘lida barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad yor bo‘lishini tilayman.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasi