O‘zA O`zbek

20.05.2020 Chop etish versiyasi

Bolalar milliy tibbiyot markazi foydalanishga topshirildi

Bolalar milliy tibbiyot markazi foydalanishga topshirildi

Toshkentning Yashnobod tumanida Bolalar milliy tibbiyot markazi barpo etildi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 20-may kuni ushbu muassasani borib koʻrdi.

Qiymati 130 million dollardan ziyod boʻlgan mazkur markaz Koreya Respublikasi koʻmagida, “Baum” korporatsiyasi loyihasi asosida barpo etildi. Bu yuqori texnologiyalar asosida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan Markaziy Osiyoda yagona ushbu turdagi bolalar tibbiyot muassasasidir. Bu yerda yiliga 1,5 mingdan ziyod noyob jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyati mavjud.

Toʻrt qavatli davolash korpusi 280 ta oʻringa ega, poliklinikada kuniga 250 nafargacha bemor qabul qilinadi. Markaz magnit rezonans tomografi, multispiral kompyuter tomografi, DNK analizatori hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Bu yerda faoliyat yuritish uchun 100 dan ortiq vrach va hamshiralar Janubiy Koreyada malaka oshirib qaytdi.

Jarrohlik amaliyoti uskunalariga maxsus kamera oʻrnatilgan boʻlib, boshqa shifoxonalar va oliy taʼlim muassasalari operatsiyalarni onlayn tarzda koʻrib turishi mumkin. Zamonaviy texnologiyalar orqali masofaviy tibbiy koʻriklar hamda konsiliumlar tashkil etiladi, davolashning taʼsirchan usullari muhokama qilinadi.

- Bu markaz - milliy boyligimiz. Bu yerda bolalarni malakali davolash bilan birga zamonaviy telemeditsina texnologiyalari asosida mamlakatimiz hududlarida ham yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni tashkillashtirish kerak, - dedi Prezident.

Bolalar meditsinasi yoʻnalishida innovatsion izlanishlar olib borish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda murakkab jarrohlik amaliyotlari va yuqori texnologik muolajalarni tashkil etish, tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari klinikada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Situatsion markazda boʻlib, viloyatlardagi va Janubiy Koreyaning Pusan universitetidagi mutaxassislar bilan muloqot qildi.

Ushbu markaz yonida kattalar uchun ham zamonaviy klinika hamda oliy oʻquv yurti tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur muassasalar loyihasi taqdimot qilindi.

- Bolalar va kattalar tibbiyot markazlarining hududlarda filiallari boʻladi. Shu orqali tibbiyot tizimining ham ilmini, ham amaliyotini eng ilgʻor standartlar darajasiga koʻtarib olamiz, - dedi Prezident.


2 778
O'zA