O‘zA O`zbek

28.09.2018 Chop etish versiyasi

Bemorlarga vaqtida yordam koʻrsatishga toʻsqinlik qilayotgan qanday omillar bor? (Onlayn)

Bemorlarga vaqtida yordam koʻrsatishga toʻsqinlik qilayotgan qanday omillar bor? (Onlayn)

Oliy Majlis Senati oʻn oltinchi yalpi majlisida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida davolash va diagnostikaning yuqori texnologik zamonaviy usullari joriy etilayotgani qayd etildi.

2017 yilda nafas yetishmovchiligini boshidan oʻtkazgan 5 nafar bemorni yuqori chastotali oʻpka sunʼiy ventilyatsiyasi yordamida respirator qoʻllab-quvvatlash ishlari olib borilgan.

Respublikamizda ilk marotaba yaqin qarindoshlik boʻyicha jigar oʻng boʻlagining transplantatsiyasi, yaqin qarindoshlik boʻyicha yuzdan ortiq buyrak transplantatsiyasi amaliyoti bajarilgan.

Oʻpka silini davolashda 366, shundan 192 videotorakoskopik muolaja amalga oshirilgan va h.k.

Ammo ayrim amaliyotlarni joriy etish kechiktirilgan yoki bajarilmagan. 2017 yilda hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlarining jarrohlik amaliyotiga distal spleno-renal (qora taloq va buyrak venalari oʻrtasida) anastomozlarni laparoskopiya usulini joriy etish belgilangan. Mazkur amaliyot uchun yuqori texnologiyali laparoskopik tomirli asboblar, garmonik skalpel uskunasi hamda yuqori malakali kadrlar talab etilishi bois Dasturning ushbu bandi bajarilmagan.

Qiziloʻngachda zarur paytda stentlash uchun zarur boʻlgan 7-10 mGs maxsus qurilma va qiziloʻngach stentlari mavjud emasligi sababli mazkur muolaja hozirga qadar tatbiq etilmagan.

2018 yilda hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlarining urologiya amaliyotiga endoskopik operatsiyalarning zamonaviy kompleksi tatbiq etilishi belgilangan. Bugungi kunga qadar mazkur amaliyot faqatgina Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Urganch filialida amalga oshirilgan, xolos. Ushbu amaliyotni boshqa hududlarda qoʻllash uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarning mavjud emasligi uning keng rivojlanishiga toʻsiq boʻlmoqda.

2017 yilda hududiy ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlarining endokrinologiya amaliyotiga buqoqning tugunli shakllarida IFA-diagnostikasini, nozik igna aspiratsion biopsiya usulini joriy etish va operatsiyalarini oʻtkazish belgilangan. Biroq, shu kunga qadar hududiy endokrinologiya muassasalarida IFA apparatining yoʻqligi ushbu amaliyotni joriy etish imkoniyatini bermagan.

Bularning barchasi aholi manfaatini taʼminlash uchun rejalar katta ekanligini, lekin ularni bajarishga kelganda masʼul shaxslarda masʼuliyat yetishmayotganini koʻrsatmoqda.

2 393
N.Abduraimova, OʻzA