Barcha siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ruxsat berildi
2014-yilgi saylovni yoritish bo‘yicha respublika matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov jurnalistlarga saylov okruglarini tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarini shakllantirish, siyosiy partiyalarning bo‘lajak parlament saylovlarida ishtirok etishiga ruxsat berish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.

Tadbirda ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovni o‘tkazish uchun bir yuz o‘ttiz besh saylov okrugi tashkil etilgani, ularning nomlanishi, tartib raqami, chegarasi va saylovchilar soni ko‘rsatilgan ro‘yxat matbuotda e’lon qilingani ta’kidlandi.
Markaziy saylov komissiyasi joriy yil 9-oktabr kuni o‘z majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan komissiya raisi, uning o‘rinbosari, kotibi va kamida olti nafar boshqa a’zolardan iborat tarkibda tuzilishi ta’kidlandi. Okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini tasdiqlashda ularning tarkibiga jamoatchilikning obro‘li vakillari kiritilishiga alohida e’tibor qaratildi. Okrug saylov komissiyalari a’zolarining ro‘yxati komissiyalar manzili va telefon raqamlari ko‘rsatilgan holda matbuotda e’lon qilinadi.
Matbuot anjumanida mahalliy va xorijiy jurnalistlarga siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirgan ishchi guruhi siyosiy partiyalarni qo‘llab-quvvatlaydigan saylovchilarning imzolarini to‘plash saylov qonunchiligi talablariga to‘liq muvofiq holda o‘tkazilgani haqida xulosaga kelgani ma’lum qilindi. Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining saylovda ishtirok etishiga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Ekologik harakatining Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovida ishtirok etishi haqidagi qarori ma’lumot uchun qabul qilindi.