O‘zA O`zbek

26.06.2020 Chop etish versiyasi

Baland adir dashtliklari daromad manbaiga aylanmoqda

Baland adir dashtliklari daromad manbaiga aylanmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Chortoq tumani Baland adir hududida issiqxonalar majmuasini barpo etish loyihasi bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yili Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kam taʼminlangan, kambagʻal oilalar bandligini taʼminlash maqsadida doimiy daromad manbaiga koʻmaklashish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Bugun viloyat hokimligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida “Bir joyda – ming oila issiqxonasi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Bu boradagi ishlar jadal boshlab yuborilgan. Jumladan, “Golden Nats Namangan” agro tomorqa xizmati” MCHJ Baland adir dashtliklarida uzoq yillar davomida foydalanilmagan 36 gektar maydonda har biri 2 sotixli 1000 ta issiqxona qurmoqda.

Umumiy qiymati 13 milliard soʻm boʻlgan loyihaga Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan 6,7 milliard soʻm subsidiya mablagʻi va tijorat banklarining 6,3 milliard soʻmlik imtiyozli krediti yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.

Hozirga qadar 800 issiqxona foydalanishga topshirildi. Ularda yiliga 7 ming tonna sabzavot mahsulotlari yetishtirish mumkin. Yana bir oydan soʻng qolgan 200 issiqxona ham tayyor boʻladi.

Prezidentga bu issiqxonalarning afzallik jihatlari, mavjud sharoitlar haqida maʼlumot berildi.

Mutaxassislar fikricha, issiqxonalarda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida sifatli, eksportbop mahsulotlar yetishtiriladi, kambagʻal oilalar doimiy daromad manbaiga ega boʻladi. Yana bir qulayligi, mahsulotni yetishtirishda koʻchat, suv, mineral oʻgʻit hamda bozor taʼminoti yetakchi tadbirkor tomonidan kafolatlanadi.

Issiqxonalarda yiliga 3-marta hosil yetishtirish imkoni bor. Bitta issiqxonada 700 tup pomidor koʻchati ekilgan. Har bir tup koʻchatdan 4-5 kilogrammdan hosil olish mumkin. Demak, 1 kilogramm pomidorning oʻrtacha narxi 3 ming soʻm boʻlib turgan shu kunlarda, birinchi hosilning oʻzidan 7-8 million soʻm daromad qilsa boʻladi.

Loyiha asosida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ushbu hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kam taʼminlangan, kambagʻal oilalar aʼzolarini qishloq xoʻjaligi kasblariga oʻqitish uchun Agrobiznes oʻquv mono markazini tashkil etdi. Markazda limonchilik, quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik kabi yoʻnalishlarda yiliga 2000 dan ortiq ishsiz fuqaro kasbga oʻqitiladi.

Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlashdagi ishlarni tizimli davom ettirish zarurligini taʼkidladi. Kamida 10 mingta ish oʻrni yaratish lozimligi qayd etildi.

– Odamlarimiz islohotlar samarasini sezishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari. – Ularni rozi qiladigan tizim yaratishimiz zarur.

Shu yerda viloyatda kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, “Golden Nats Namangan” agro tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan intensiv bogʻdorchilikni (yongʻoq, bodom, olma va olcha) tashkil qilish, chorvachilik va sutni qayta ishlash loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.


5 986
Ziyodulla Jonibekov, OʻzA