Akmal Saidovning Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov 20-fevral kuni Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov 20-fevral kuni Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 12-Xorazm okrug saylov komissiyasi raisi A.Rahimov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili B.Bobojonov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda Prezidentlikka nomzod Akmal Saidov nutq so‘zlab, o‘z saylovoldi dasturida belgilangan asosiy yo‘nalishlar haqida saylovchilarga ma’lumot berdi.
Dasturda millati, dini, ijtimoiy holati va kelib chiqishidan qat’i nazar, O‘zbekiston xalqi barcha fuqarolarining birdamligi va hamjihatligini yanada mustahkamlash, “mahalla” milliy demokratik institutini yanada takomillashtirish, uning tashkiliy va iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, fuqarolarning mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni hal etishda hamda milliy va ma’naviy qadriyatlar, mahalliy urf-odatlar va an’analarni qayta tiklash va boyitishdagi bevosita ishtirokini ta’minlashda mahalla rolini kuchaytirish, milliy hunarmandlik, oilaviy tadbirkorlik hamda turizmni yanada rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuvda xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi deputatlik guruhi rahbari I.Boltayev va boshqalar nomzodning dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ushbu dasturda qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish mamlakatni ijtimoiy rivojlantirish, demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.