Akmal Saidovning Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasining raisi G‘.Ortiqov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili O.Mamatkarimov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda Prezidentlikka nomzod Akmal Saidov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va qadr-qimmat tuyg‘usini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, millati, dini, ijtimoiy holati va kelib chiqishidan qat’i nazar, O‘zbekiston xalqi, barcha fuqarolarning birdamligi va hamjihatligini mustahkamlash, mahalla institutini yanada takomillashtirish, uning tashkiliy va iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, fuqarolarning mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni hal etishda hamda milliy va ma’naviy qadriyatlar, urf-odat va an’analarni qayta tiklash va boyitishdagi bevosita ishtirokini ta’minlashda mahallaning rolini yanada kuchaytirish keng o‘rin olgan.
Uchrashuvda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Namangan viloyat kengashi raisi O.Mamadaliyev va boshqalar nomzodning dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ushbu dasturda qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish mamlakatni ijtimoiy rivojlantirish, demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.