O‘zA O`zbek

31.08.2008 19:42 Chop etish versiyasi

Ajdodlar ruhiga ehtirom

Istiqlol yillarida xalqimiz tafakkurining yorqin namunasi o‘laroq yuzlab zamonaviy inshootlar, ko‘priklar, ko‘cha va xiyobonlar, ziyoratgoh va yodgorlik majmualari bunyod etildiki, ular xalqimiz dahosining ramzi sifatida asrlar osha mangu turajak. Yurtboshimiz Islom Karimov tashabbusi bilan poytaxtimizda bunyod etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui ana shunday muborak qadamjolardandir. Bo‘zsuv sohilida barpo etilgan bu ulkan yodgorlik majmuidan ziyoratchilarning qadami uzilmaydi.

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz nishonlanayotgan shu kunlarda bu maskan yanada gavjumlashgan. Zero, bugungi osuda va farovon hayotimizning qadriga yetib, moziy sahifalaridan, ota-bobolarimizning iztirobli kechmishlaridan saboq chiqarib, nurli kelajak sari dadil intilishimizda bunday tabarruk qadamjolar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Qatag‘on qurbonlari kuni munosabati bilan 31 avgust erta tongida poytaxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” xiyobonida xalqimizning ozodligi va mustaqilligi yo‘lida qurbon bo‘lgan marhumlarni yod etish marosimi o‘tkazildi. An’anaga ko‘ra osh tortildi. Qur’on tilovat qilinib, qatag‘on qurbonlari ruhiga hurmat bajo keltirildi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi. Mamlakatimiz rahbari “Shahidlar xotirasi” majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, xususan, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi hududida yangitdan barpo etilgan binolar bilan tanishdi, muzeyning yangi ekspozitsiyasini ko‘zdan kechirdi. – Mustabid tuzum qatag‘oni qurboni bo‘lgan minglab vatandoshlarimizning ayanchli qismati, millatimiz ziyolilarining boshiga tushgan qora kunlar hech qachon yodimizdan chiqmaydi, – dedi Islom Karimov. – Erkin va farovon kunlarga erishishimizga o‘z hissasini qo‘shgan insonlar xotirasini e’zozlash, ularning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq haqqoniy ma’lumotlarni o‘rganish – ezgu va xayrli ishdir.

Ma’lumki, istiqlol tufayli yurtimizda tarixga munosabat tubdan o‘zgardi. Ayniqsa, 130 yildan ziyod davom etgan mustamlakachilik yillaridagi tariximizni xolisona o‘rganish uchun qulay shart-sharoit yaratildi – sho‘rolar zamonida taqiqlangan tarixiy manbalar, turli arxivlarda saqlanayotgan muhim hujjatlardan foydalanish va shu asosda xalqimizning haqqoniy tarixini yaratish imkoniyati tug‘ildi.

Uzoq yillar davomida toptalib kelgan milliy qadriyatlarimizni, alloma va aziz-avliyolarimiz, davlat arboblari va sarkardalarning nomlarini qayta tiklash, xotirasini e’zozlash, Vatan va xalq ozodligi yo‘lida jonini fido etgan ming-minglab insonlarning ruhini shod etish borasida katta ishlar qilinmoqda.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2000 yili poytaxtimizda – qatag‘on yillarida xalqimizning minglab asl farzandlari qatl etilib, nom-nishonsiz ko‘mib tashlangan Bo‘zsuv sohilidagi qarovsiz jarlik o‘rnida “Shahidlar xotirasi” xiyoboni bunyod etildi. Majmua tarkibida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi va shu nomdagi jamg‘arma tashkil qilindi. 2001 yildan buyon 31 avgust yurtimizda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishlonlanib kelmoqda.

2007 yil 31 avgust kuni davlatimiz rahbari “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tashrifi chog‘ida muzey faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, xususan, uning binosini kengaytirish, ilmiy ekspozitsiyani yangidan shakllantirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar bergan edi. Bu ishlarni amalga oshirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan maxsus qaror qabul qilindi. Qarorga muvofiq katta hajmdagi qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, maxsus ilmiy guruh tuzilib, izchil ish olib bordi.

Hozirgi kunda muzeyning avvalgi yakka gumbazli binosi yonida uning sharqona uslubda qurilgan ikkinchi ko‘rkam binosi qad rostladi. Muzey gumbazlarining ichki tomoni Samarqanddagi mashhur Tillakori madrasasi gumbaziga yaqin uslubda bezatilgan. Muhtasham zallardagi stendlar va eksponatlar o‘zaro uyg‘unlik kasb etgan. Mustaqillik bayrami arafasida qurib bitkazilgan bu muhtasham binoda muzeyning 10 bo‘limdan iborat yangi ekspozitsiyasi ochildi.

Muzey binosining birinchi va ikkinchi zalida chor Rossiyasi tomonidan Turkistonning bosib olinishidan to mustaqillik davrigacha bo‘lgan tarixiy jarayonlarni o‘zida aks ettiruvchi eksponatlar joylashtirilgan. Ushbu bo‘limda “mardikorlik”, “bosmachilik”, “quloq qilish”, “kollektivlashtirish” deb nom olgan turli ommaviy qatag‘onlar bilan birga, mustabid tuzumning so‘nggi davridagi “o‘zbeklar ishi”, “paxta ishi” kabi siyosiy kampaniyalar tufayli qanchadan-qancha begunoh yurtdoshlarimizning o‘ta og‘ir fojialarni boshidan kechirgani haqida tarixiy hujjatlar orqali hikoya qilinadi.

– Eng buyuk jasorat nima degan savolga, hech ikkilanmasdan ma’naviy jasorat, deb javob bersak, o‘ylaymanki, adashmagan bo‘lamiz, – dedi Prezidentimiz. – Qalbida, yuragida ana shunday jasorat hissi kuchli bo‘lgan insonlar har qanday murakkab vaziyatda ham adolat va haqiqat yo‘lida o‘zini ayamay, el-yurt uchun, Vatan uchun qanday ibratli ishlarni qilgani tarixdan yaxshi ma’lum. Insonning ezgu amallari esa hech qachon unutilmaydi. O‘zligini anglamagan, tarixini bilmagan xalqning kelajagi yo‘q. Shu bois, tariximizni teran, xolisona o‘rganishimiz, ayni vaqtda mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘iday asrash, mustahkamlash, el-yurt va millatga sadoqat tushunchalarini yoshlarimiz ongiga chuqur singdirishimiz lozim. Ular haqni nohaqdan, oqni qoradan farqlay olsin. Ajdodlar bilan faxrlanishning o‘zi kamlik qilishini, ularga munosib avlod bo‘lish zarurligini tushunib yetsin.

Muzeyning uchinchi zalidan o‘rin olgan eksponatlar mustaqillik yillarida mamlakatimizda tarixiy haqiqat va adolatni tiklash, shu jumladan, qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, milliy o‘zligimiz, qadriyatlarimiz, ma’naviyatimiz, tarixiy obidalarimiz, dinimizni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yoritishga qaratilgan.

Muzeyning yangi ekspozitsiyasidan yuzlab noyob fotosuratlar, tarixiy hujjatlar, turli xil eksponatlar – nodir kitoblar, ashyoviy buyumlar o‘rin olgan. Ularning barchasi xalqimiz bugungi ozod va erkin, farovon hayotga erishish uchun ne-ne og‘ir sinovlardan o‘tganini yana bir bor yaqqol tasdiqlaydi. Bu eksponatlar el-yurtimizning asl farzandlari har qanday vaziyatda ham bosqinchilarga bo‘yin egmagani, zulm va zo‘ravonlikka qarshi mardlarcha kurashgani haqida atroflicha ma’lumot beradi.

Muzey eng ilg‘or axborot texnologiyalari va zamonaviy dizayn talablari asosida jihozlangan. Har bir bo‘limdagi ekspozitsiyalar yangi-yangi tarixiy eksponatlar, buyum va ashyolar, matnli stendlar va fotosuratlar bilan boyitilgan. Ayni paytda muzey zallarida videomonitor, multi-media uskunalari yordamida tegishli lavhalarni tomosha qilish, tarixiy ma’lumotlarni bevosita eshitish imkoniyati ham yaratilgan. Bu yerda to‘plangan ko‘plab video va audio disklar, shuningdek, elektron shakldagi matnlar ana shu maqsadga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, muzey binosi va unda ish boshlagan yangi ekspozitsiya timsolida mamlakatimizda mustaqillik yillarida qatag‘on qurbonlari xotirasiga ko‘rsatilayotgan hurmat-e’tiborning yana bir yorqin namunasini ko‘rish mumkin. Bu ishlar, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, xalqimiz, ayniqsa, bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yosh avlodning ongu shuurida tarixiy adolatga ishonch, ezgu insoniy fazilatlarni qaror toptirish, ularning ma’naviy olamini yuksaltirishda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega ekani bilan ayniqsa e’tiborlidir.

Shu kuni Prezidentimiz Islom Karimov Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va jamoatchilik nomidan ham yodgorlik poyiga gulchambarlar qo‘yildi.


O‘zA
29 474