Siyosat

Finlyandiya delegatsiyasining uchrashuvlari

O‘zA, 22.02.2012 19:33

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Finlyandiya Respublikasi Oliy ma’muriy sudi prezidenti Pekka Ilmari Xallberg, Tashqi ishlar vazirligi va Xelsinki universiteti vakillaridan iborat Finlyandiya Respublikasi delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida bo‘ldi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ko‘plab sohalar qatori sud-huquq tizimida ham izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Uchrashuvda Finlyandiya delegatsiyasi davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” ma’ruzasida ilgari surilgan g‘oyalar, belgilab berilgan davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, sud-huquq tizimini takomillashtirishga oid ustuvor yo‘nalishlar bilan atroflicha tanishtirildi.

Finlyandiyalik mehmonlar O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlash, fuqarolarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro standartlarga mos holda qabul qilinayotgan qonunlarga yuksak baho berdilar.

– O‘zbekistonda ko‘plab sohalar qatori sud-huquq tizimini erkinlashtirish va demokratlashtirish, odil sudlovni amalga oshirish borasidagi izchil islohotlar berayotgan yuksak samaralar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lganimizdan mamnunmiz, – dedi Pekka Ilmari Xallberg. – O‘zbekiston bilan mazkur sohadagi aloqalarni kelgusida yanada rivojlantirish niyatidamiz.

Uchrashuvda ikki mamlakat sud-huquq idoralari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi ahvoli va istiqbollari, mazkur sohadagi aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlashga oid masalalar muhokama qilindi.

Finlyandiya delegatsiyasi a’zolari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) bilan uchrashdi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Toshkent davlat yuridik institutida ham muzokaralar o‘tkazdi.

Finlyandiyalik mehmonlar Mustaqillik maydonida bo‘lib, bu yerda davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdilar, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydilar.

Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurib, Sohibqiron va uning avlodlari haqida hikoya qiluvchi rang-barang eksponatlar va noyob ashyolarni ko‘zdan kechirdilar. Hazrati Imom (Hastimom) majmuini ziyorat qildilar.

So‘nggi yangiliklar:

Kompyuter dasturlari namoyishi

Energetiklarning xalqaro forumi

Oqsaroyda qabul

Endokrinologiyada zamonaviy texnologiyalar

“Bunyodkor” – nimchorak finalda

Reklama

Reklama

Reklama