| O‘zbekcha | Русский | English | Français | Deutsch | العربية | Saytning oldingi versiyasi |
![]() |
| Siyosat | Iqtisodiyot | Jamiyat | Texnologiyalar | Madaniyat | Sport | Hujjatlar | Foto | Xorij xabarlari | Ob-havo | Valyutalar |
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida31.07.2010 14:00 29-30 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar Qonunchilik palatasining Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibini tasdiqladilar. Parlament quyi palatasining muhokamasiga kiritilgan hujjatlarning asosiy qismi sud-huquq sohasiga, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalariga taalluqli bo‘ldi. Ular orasida Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov taqdim etgan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi alohida o‘rin tutadi. Ushbu qonun loyihasining dolzarbligi mamlakatimizda Barkamol avlod yili deb e’lon qilingan yilda ayniqsa muhimdir. Qonun loyihasi voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi va huquqbuzarliklari profilaktikasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Ushbu sohada maxsus qonun qabul qilinishi o‘sib kelayotgan avlod o‘rtasida tarbiyaviy ishlar samaradorligini yangi darajaga ko‘tarish imkonini beradi. Bunday qonun loyihasining ishlab chiqilishi bolalar huquqlari va manfaatlari himoya qilinishiga, xalqaro huquqiy hujjatlar talablariga qat’iy rioya etilishiga mamlakatimizda alohida e’tibor qaratilayotganligini yana bir karra namoyon qiladi. Ushbu hujjat voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi va huquqbuzarliklari profilaktikasi tizimi organlari va muassasalarini, ular faoliyatining asosiy vazifalari, prinsiplari va yo‘nalishlarini, voyaga yetmaganlar va ularning oilalari bilan yakka tartibdagi profilaktika ishlarini tashkil etish asoslari hamda tartibini, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan voyaga yetmaganlarning huquqiy maqomi, ularni ijtimoiy-huquqiy va pedagogik reabilitatsiya qilish tartibini belgilaydi. Qonun loyihasini ko‘rib chiqish jarayonida deputatlar voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi va huquqbuzarliklarining profilaktikasi masalalarini aniq tartibga solish, bolalarni himoya qilishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, ota-onalar va vasiylik organlarining mas’uliyatini oshirish muhim ekanligini ta’kidladilar. Muhokama chog‘ida O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari yosh avlodning ekologik ta’limi va tarbiyasi muhim ekanligini ham ta’kidlab o‘tdilar. Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining vakillari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni eshitib va muhokama qilib, Qonunchilik palatasi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Mas’ul qo‘mitaga qabul qilingan tuzatishlarni inobatga olgan holda qonun loyihasini maromiga yetkazish va uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun kiritish topshirildi. “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham garovga oid munosabatlar subyektlarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan. Bu haqda Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi N.Ismoilov ma’ruza qildi. Qonun loyihasining maqsadi garovga oid huquqiy munosabatlarda kreditorlarning manfaatlarini himoya qilishni nazarda tutuvchi huquqiy normalarni mustahkamlashdan, shuningdek, qonun hujjatlarining ayrim normalarini o‘zaro muvofiqlashtirishdan iborat. Qonun loyihasida “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning ayrim normalarini “Ipoteka to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiqlashtirish bo‘yicha qoidalar, shuningdek, qonun hujjatlarini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga va “Ipoteka to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartishlar kiritish taklif etilgan. Qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilish paytida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining vakillari so‘zga chiqdilar. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining vakillari garov aholi va yuridik shaxslarning bo‘sh turgan pul mablag‘larini safarbar qilish hamda ularni kreditlashga muhtoj bo‘lgan subyektlar o‘rtasida joylashtirish vazifasini bajaruvchi moliya-kredit tizimining rivojlanishi va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishi uchun alohida ahamiyatga molik ekanligiga e’tiborni qaratdilar. Bu o‘rinda garovga oluvchining huquqlari kafolatlanishi garovga oid munosabatlarni rivojlantirishga va tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashishi kerakligi ta’kidlab o‘tildi. Qonunchilik palatasi muhokama chog‘ida kiritilgan takliflarni inobatga olgan holda Qonunni qabul qildi. Qonun parlamentning yuqori palatasiga yuboriladi. Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi M.Usmonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 5 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida notariat institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida ishlab chiqilgan “Adliya organlari va muassasalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi haqida ma’ruza qildi. Qonun loyihasida “Notariat to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunlarga, Fuqarolik, Fuqarolik-protsessual, Oila, Soliq kodekslariga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, mamlakatimizning boshqa normativ hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilgan. Savol-javoblardan keyin hujjat batafsil muhokama qilindi. Moddama-modda ko‘rib chiqish paytida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakillari qonun loyihasi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashi lozim bo‘lgan notariat institutini mustahkamlashga, aholiga malakali yuridik yordam ko‘rsatishga qaratilganligini ta’kidlab o‘tdilar. Shu munosabat bilan notariuslarning malaka talablariga, o‘z vazifalarini bajarishlari vaqtida ular mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni shu bois notariat tizimining puxta tashkil etilishi bu sohada qonuniylikning barqarorligiga erishishga ko‘maklashadi. Muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda Qonunchilik palatasi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Deputatlar ko‘rib chiqishi uchun Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda kiritildi. Mazkur hujjat sud-huquq islohotini bundan buyon ham davom ettirishga va jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini liberallashtirishga qaratilgandir. Unda fuqarolarni amalda pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish mexanizmini yanada takomillashtirish nazarda tutilgan. Qonun loyihasining muhokamasi chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdilar. Ta’kidlandiki, jinoyat va jinoyat-protsessual qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartishlar amalda pushaymon bo‘lganligi uchun jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish instituti normalarini amaliyotda to‘g‘ri va bir xilda qo‘llashga qaratilgandir. Qonunchilik palatasi deputatlar tomonidan kiritilgan takliflarni inobatga olgan holda qonun loyihasining konsepsiyasini ma’qullab, uni birinchi o‘qishda qabul qildi. Qonunchilik palatasi deputatlari ko‘rib chiqishi uchun taqdim etilgan qonun loyihalarining bir qismi iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning ishonchli huquqiy bazasini yaratishga, iqtisodiy islohotlarni bundan buyon ham amalga oshirishga qaratilgan. Chunonchi, Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi SH.Teshayevning ma’ruzasi bo‘yicha Qonunchilik palatasi “Davlat soliq xizmati organlari tizimi yanada modernizatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 8 yanvarda qabul qilingan “Respublika soliq organlari tizimini yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan. Qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual, Soliq kodekslarining, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»gi qonunlarning ayrim moddalariga tuzatishlar kiritish nazarda tutilgan. Qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilish jarayonida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar. Ular ta’kidlab o‘tdilarki, mamlakatimizning ayrim qonunlariga avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida tartib o‘rnatish, ijara haqi tushumi, nazorat-kassa mashinalaridan, hisob-kitob terminallaridan foydalanish, bozorlar, savdo komplekslari va ularga tutash hududlarda savdo hamda xizmatlar ko‘rsatish qoidalariga rioya etish ustidan nazorat qilishni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Qonunchilik palatasi muhokama jarayonida kiritilgan takliflarni hisobga olgan holda Qonunni qabul qildi. Qonun Oliy Majlis Senatiga yuboriladi. Deputatlar B.Iminov, S.Otamurodov, SH.Teshayev, A.Jumayevning qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 113-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi SH.Teshayev ma’ruza qildi. Qonun loyihasining tashabbuskorlari tomonidan amaldagi qonun hujjatlarining normalarini bir xilda qo‘llash, ayrim normalar o‘rtasidagi tafovutlarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 113-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etildi. Ayni bir vaqtda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari bo‘lgan deputatlar qonun loyihasining konsepsiyasiga, shuningdek, “go‘yoki” mavjud bo‘lgan muammolarni hal etishga bo‘lgan yondashuvga nisbatan shubha bildirdilar. Xususan, qonun loyihasi tashabbuskorlarining mavqei yetarli darajada asoslab ko‘rsatilmagan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari o‘rtaga qo‘yilgan savollarga berilgan javoblardan va keltirilgan dalillardan qoniqish hosil qilmadilar. Fraksiya a’zolarining fikriga ko‘ra, Bojxona kodeksining tegishli moddalariga taklif etilayotgan o‘zgartishlar muvaffaqiyatli chiqmagan va amaliyotda normalarning qarama-qarshiligiga olib kelishi mumkin. Keskin va uzoq davom etgan munozaradan keyin qonun loyihasi ovozga qo‘yildi. Uning yakunlariga ko‘ra, qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan rad etilib, Qonunchilik tashabbusi subyektlariga qaytarildi. Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun birinchi o‘qishda kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi fuqarolarning ijtimoiy sohadagi kafolatlangan manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan. Bu haqda deputatlarga Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi Q.Ergashev ma’lumot berdi. Qonun loyihasida ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik haqidagi qonunchilik normalarini joriy etish nazarda tutilgan. Bo‘lib o‘tgan muhokama chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining vakillari so‘zga chiqdilar. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining a’zolari alohida ta’kidladilarki, ushbu qonunning qabul qilinishi javobgarlikni majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan talablarning ish beruvchilar tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlash uchun normativ-huquqiy bazani vujudga keltiradi. Qonunchilik palatasi qonun loyihasining asosiy qoidalarini ma’qulladi va uni birinchi o‘qishda qabul qildi. Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi H.Karimova taqdim etgan “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Muhokama chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari ishtirok etdilar. Ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishni ta’minlash va rivojlantirish, fuqarolarning axborotdan erkin foydalanish huquqlari kafolatlarini ta’minlash maqsadini ko‘zlaydi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zolari ta’kidlab o‘tdilarki, ushbu qonun loyihasining konsepsiyasi partiyaning dasturiy qoidalaridan kelib chiqqan va elektorat manfaatlariga mos keladi. Mazkur hujjatni ro‘yobga chiqarish aholining intellektual, ma’naviy-axloqiy, madaniy, ta’lim olishga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirishga hamda foydalanuvchilarni axborot bilan ta’minlash uchun shart-sharoit yaratishga, milliy an’analarni tiklash va rivojlantirishga, tarixiy-madaniy merosni asrashga ko‘maklashadi. Qonunchilik palatasi qonun loyihasining konsepsiyasini ma’qullab, uni birinchi o‘qishda qabul qildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi So‘nggi yangiliklar: Raqamli teleko‘rsatuvlar uchun tyunerlar |
Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |