O‘zA O`zbek

11.07.2020 Chop etish versiyasi

Yurtimizdagi eng qadimiy qoyatosh rasmlarini koʻrganmisiz?

Yurtimizdagi eng qadimiy qoyatosh rasmlarini koʻrganmisiz?

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanining Zarautsoy darasidagi kamar va ungir toshlariga ishlangan rasmlar Oʻzbekiston hududidagi eng qadimiy ibtidoiy sanʼatning noyob namunasi sifatida jahonga tanilgan. Bundan 108-yil muqaddam Koʻhitang togʻining yon bagʻridan topilgan nodir asarlar oʻtgan yillarda chet ellik va mahalliy taniqli qadimshunos olimlar, rassomlar tomonidan atroflicha oʻrganilgan.

Keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor xorijlik va mahalliy sayyohlarda Zarautsoy qoyatosh suratlariga qiziqish va intilishni yana-da oshirmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-maydagi “Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan noyob yodgorliklar saqlanib qolgan hududni “Surxon” davlat qoʻriqxonasining qoʻriqlanma zonasiga chiqarish belgilangan. Bu yurtimizning eng qadimgi madaniyati va sanʼatini dunyoga keng tarannum etish, saqlab qolish hamda yosh avlodga chuqur tushuntirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

–Togʻ qoʻynidagi xushmanzara va sokin goʻshada mezolit, neolit va keyingi davralarga oid 200 dan ortiq turli rasmlar saqlanib qolgan,–deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Z.Namozov. – Oʻtmishdagi ajdodlar tomonidan yaratilgan bu suratlarda odamlarning itlar yordamida yovvoyi buqalarni ov qilish manzarasi tasvirlanib,yovvoyi buqa, it, tulki, yovvoyi choʻchqa, burama shoxli echki, jayron, togʻ echkisi, hasharotlar va boshqa jonzotlar, oʻqyoy, nayza, oʻroqsimon qurollar singari turli buyumlar, niqoblangan odamlar rasmlari oʻsha davrga xos uslubda hayotiy qilib ishlangan. Qadimiy bitiklar joylashgan goʻzal hududning sayyohlik makoniga aylantirilayotgani vohaga turistik oqimni yana-da koʻpaytiradi. Shuningdek, sayyohlar uchun zarur sharoitlar ham yaratiladi.

Ibtidoiy sanʼatning noyob yodgorligi sifatida eʼtirof etilgan Zarautsoy rasmlari yodgorliklarni muhofaza qilish “Qizil kitobi”ga kiritilgan.

2 916
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV(surat), OʻzA