O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

Yerga birni bersang, u mingni beradi

Yerga birni bersang, u mingni beradi

Farg‘ona viloyati dehqonlari joriy yilda g‘alla va paxtadan mo‘l hosil olib, mirishkorlik fazilatini yana bir bor namoyish etdi.

Xususan, g‘allachilikdagi yutuqlar tahsinga sazovor. 80-90 sentnerdan hosil olgan fermer xo‘jaliklari katta iqtisodiy samaradorlikka erishdi.

Toshloq tumanidagi “Boymat Shermatov saxovati” fermer xo‘jaligi joriy yilda 53 gektar maydonga ekilgan bug‘doyning “Davr” navidan 477 tonna don yig‘ishtirib oldi. Hosildorlik gektariga 90 sentnerni tashkil etdi.

Xo‘jalik rahbari Jasurbek Shermatovning mutaxassisligi iqtisodchi. 2007 yilda fermer xo‘jaligini tashkil etganida, yer o‘sha yillardagi ko‘pchilik maydonlar kabi meliorativ holati yomon edi. Cho‘l o‘zlashtirilgandan buyon faqat bir ekin – paxta ekilishi hisobidan yer unumdorligi pasaygan. Yana bir jiddiy muammo – melioratsiya inshootlari eskirishi natijasida zax ko‘tarilib, yerning yalpi sho‘rlanishi boshlangan edi. Fermer daromadni avval yerning unumdorligini oshirishga sarfladi. Ko‘p yillar qo‘l urilmagan ariq-zovurlarni tozalash, tik va yotiq drenaj quduqlarini ta’mirlash, yerning sho‘rini yuvish natijasida yer boniteti ko‘tarildi. Ilgari paxta hosildorligi 24, g‘allaniki 30 sentnerdan oshmagan yerda paxta hosildorligi 40-46 sentnerga, g‘allaniki 70-80 sentnerga yetdi.

Daromadi oshishi hisobidan xo‘jalikning texnika parki yangilandi. 80 nafar doimiy ishchi maoshdan tashqari yillik daromaddan ham yaxshigina mukofot olmoqda. Bu yil ham donning rejadan ortig‘i ishchilarga taqsimlab berildi.

Ayni paytda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida baliqchilik, asalarichilik va chorvachilik ham izchil rivojlanmoqda.

3 516
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA