O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Termizlik yosh tadbirkor

Termizlik yosh tadbirkor

Mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, tengqurlarini ish bilan taʼminlab, oʻnlab oilalarning turmush farovonligi, roʻzgʻor toʻkisligiga hissa qoʻshish istagidagi ishbilarmon yigit-qizlar safini ortishida muhim omil boʻlmoqda.

Termizlik Isroil Qurbonov 2017-yil 9 foiz ustama toʻlash sharti bilan bankdan 30 million soʻmlik imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini boshlagan. Uning boshchiligidagi “Massaget servis” kichik korxonasida 10 dan ziyod turdagi mebel va duradgorlik mahsulotlari tayyorlanmoqda. Ayni paytda bu yerda 5 nafar kishi ish bilan band. Ushbu korxonada ishlab, yoʻl-yoʻriq oʻrgangan bir nechta yoshlar hozirda yakka tadbirkor sifatida mustaqil faoliyat yuritmoqda.

Tadbirkor faoliyatini kengaytirish jarayonida bankdan yana ikki marta kredit olib, katta qismini qoplashga erishdi.

– Pandemiya davrida ishimiz vaqtincha toʻxtatildi, - deydi Isroil Qurbonov. – Karantin talablari yumshagach, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilib, ishni davom ettiryapmiz. Hozirgi sharoitda kreditni toʻlash muddatining uzaytirilgani koʻnglimizdagi gap boʻldi. Faqat foizini toʻlasak, bas. Asossiz tekshiruvlar mutlaqo yoʻq. Soliq yuki 5-6 foizdan 4 foizga tushirildi. Bu faoliyatimizni barqaror rivojlantirish imkonini beradi.

Yurtimizda Isroil Qurbonov singari davlatning koʻmagi tufayli tadbirkorlik bilan shugʻullanib, ertangi kunga ishonchi ortayotgan yoshlar koʻp. Ularning timsolida yangi Oʻzbekistonning boʻlgʻusi saxovatpesha, yuzlab ish oʻrinlari yaratadigan yirik sarmoyadorlarini koʻramiz.

3 172
Jonibek QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA