O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Tajribali mutaxassislar jalb etilgan

Tajribali mutaxassislar jalb etilgan

Surgil gaz koni Mo‘ynoq tumanida, Orol dengizining qurigan tubida joylashgan. Bu hududda bir necha yuz metr oraliqda quduqlar yonma-yon joylashgan. Shuningdek, yangi quduqlarda burg‘ilash ishlari davom etmoqda. Burg‘ilash ishlariga tajribali mutaxassislar jalb qilingan.

“Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasi tomonidan e’lon qilingan tender natijalariga ko‘ra, burg‘ilash ishlarini olib borish huquqi “ERIELL” kompaniyasiga berilgan. Kondagi burg‘ilash ishlari va amaldagi quduqlarni tozalash jarayoni jadal ketmoqda. Bir qarashda 2950 metr chuqurlikka yetib borish osondek tuyuladi. Ammo burg‘ilovchi mutaxassislarning aytishicha, bitta quduqni burg‘ilashga o‘rtacha 59 kun vaqt ketadi.

Har biri 9,4 metrli quvurlar bir-biriga ulanib, navbati bilan yer qa’riga kiritilaveradi. Konlarda burg‘ilash ishlari oltita ko‘chma qurilma yordamida bajarilmoqda. Quduqni qurish va kapital ta’mirlash esa to‘rtta ko‘tarish moslamasi tomonidan amalga oshirilayotir.

Quduqlar orqali 2950 metr chuqurlikdan Yura qatlamidan gaz, gaz kondensati va suvdan iborat aralashma tortib chiqariladi hamda jamlash va taqsimlash stansiyalariga yetkaziladi. Stansiyalarda bu aralashmadan suv ajratiladi va ko‘llarga chiqarib tashlanadi. Kondensat va gaz esa yuzlab kilometr naridagi Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga yetkazib beriladi.

465
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA