O‘zA O`zbek

22.11.2019 Chop etish versiyasi

Sifatli va bejirim mahsulotlar dunyo bozorini zabt etmoqda

Sifatli va bejirim mahsulotlar dunyo bozorini zabt etmoqda

Farg‘ona shahridan chiqib, hunarmandlar yurti - Marg‘ilon tomon yo‘lingiz tushsa, obod bir maskan e’tiboringizni tortadi. Did bilan ekilgan turfa daraxtlar, orasta yo‘l sizni o‘zining bejirim va sifatli mahsulotlari bilan shuhrat qozongan «Narimteks» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomon eltadi. 

Bu yerda mehnat qilayotgan yuzlab chevarlar tayyorlayotgan ayollar paltosi, pidjak va kurtkalar o‘ziga xos dizayni, qulayligi, pishiq-puxta tikilgani bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Mahsulotlar Rossiya, Isroil, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonga eksport qilinmoqda. 

– Prezidentimizning korxona faoliyatiga oid istiqbolli loyihalarni amalga oshirish xususida bildirgan takliflari, qimmatli maslahatlari bizni yangi rejalar sari ruhlantirdi, - deydi korxona rahbari Nargiza Aminova. — Ayni paytda yiliga 2 million pogonometr mato chiqarish, maxsus kiyimlar tayyorlash hisobidan 250 ta yangi ish o‘rni yaratish bo‘yicha izlanyapmiz. Bu borada nafaqat mahalliy tadbirkorlar, balki xorijlik investorlarni jalb etish, ular uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Yaqinda bu yo‘nalishda o‘ziga xos malakaga ega avstriyalik mashhur dizayner Yutta Shvaymberg korxona ishchilariga matoni bichish, modellashtirish, konstruksiyalash kabi jahon andozalari darajasidagi chevarlik usullaridan o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. 

Korxona sexlarida zamonaviy tikuv mashinalari bir maromda ishlab turibdi. Bu yerda yiliga 35-40 ming dona ayollar paltosi tayyorlanmoqda. Ishlab chiqarish tarmoqlari faoliyatini rivojlantirish bilan birga, chevar ayollar uchun o‘ziga xos qulayliklar ham yaratilgan.

2 742
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA