O‘zA O`zbek

13.07.2020 Chop etish versiyasi

Shuhrat Gʻaniyev: tomorqadan bir yilda kamida toʻrt marta hosil olaman

Shuhrat Gʻaniyev: tomorqadan bir yilda kamida toʻrt marta hosil olaman

Fargʻona viloyatida kambagʻal oilalar sonini kamaytirish, ularning doimiy daromad manbaiga ega boʻlishiga koʻmaklashish boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda. Xususan, joriy yilda qishloq xoʻjaligi sohasidagi mavjud imkoniyatlar ishga solinib, 18 ming oila kambagʻallikdan chiqariladi.

Yer rizq-roʻz manbai, u minglab oilalarni boqishi mumkin. Pandemiya taʼsirida ishsiz qolgan aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida oʻtgan davrda tumanlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekish uchun yer maydonlari ajratib berildi. Anorchilik, uzumchilik, malinachilik kabi kooperatsiyalar tashkil etilib, minglab yoshlarning bandligini taʼminlashga erishildi.

Ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam berish bilangina ularni kambagʻal qatlamdan chiqarish istiqbolli dastur emas. Xalqimizda qoʻldan berganga qush toʻymas degan, naql bor. Ularga daromad topish uchun manba topib berilsa, tadbirkorlik ishtiyoqi uygʻotilsa maqsadga tezroq erishiladi. Ayni kunlarda fermer xoʻjaliklarini gʻalladan boʻshagan yer maydonlarining bir qismi ularga takroriy ekin ekish uchun berilayotgani katta imkoniyat yaratmoqda. Bu maydonlar ekin ekish uchun tayyor holatga keltirilib, urugʻliklar ham bepul tarqatilyapti.

Fargʻona tumanidagi Yambaroq qishlogʻi hududidagi qarovsiz yerlar oʻzlashtirilib, kam taʼminlangan, “temir daftar”ga kiritilgan va ishsiz qolgan oilalarga ekin maydoni sifatida berilmoqda. Mart oyida 5,5 gektar yer maydonida yoshlarning malinachilik kooperatsiyasi tashkil qilindi. Ayni kunlarda ular malina bilan birga, yana gʻalladan boʻshagan maydonda mosh, loviya parvarishini ham olib boryapti.

Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev mazkur kooperatsiyada boʻlib, ish jarayoni bilan tanishdi.

– Bir sotix yerdan 3-4 million soʻmgacha daromad olish mumkin, – deydi viloyat rahbari. – Mazkur ajratilgan yerlar uchun hech qanday soliq, ijara toʻlovi yoʻq. Asosiy maqsad shunday yerlardan takroran foydalanib, yoshlarning bandligini taʼminlashdir. Har bir qarich yer oltinga, suv esa zarga teng. Bu yerda yoshlarimizda mehnatsevarlik fazilatlari shakllanadi, ota-onasiga yordam berishni oʻrganadi.

“Zilol” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Bahodir Toshbekovlar oilasi “temir daftar”ga kiritilgan. Oila boshligʻi yollanma ishchi sifatida 7 nafar jonni boqyapti. Viloyat hokimi 200 bosh parrandani bu oilaga begʻaraz yordam sifatida tuhfa qildi.

“Satkak” mahalla fuqarolar yigʻinidagi “Tafakkur fayz gulshani” fermer xoʻjaligining gʻalladan boʻshagan yer maydoni 102 nafar ehtiyojmand oilalarga ajratib berildi. Ayni kunlarda bu yerda mosh parvarishlanmoqda. Viloyat hokimi bu yerda ekin rivojini koʻzdan kechirib, dehqonchilik qilayotgan yoshlarga oʻz tavsiyalarini berdi.

Qoʻshtepa tumanida 2 ming 43 ta kambagʻal oila roʻyxatga olingan. Ayni kunlarda 1 ming 234 ta xonadonlarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekish uchun yer berildi. Markaziy Fargʻona hududida 560 gektar oborotdan chiqqan yerning oʻzlashtirishi natijasida koʻplab oilalar daromadga ega boʻlmoqda. Ayniqsa, yoshlarni ish bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi va 151 nafar yigit-qizlarga 0,5 gektardan yer maydoni takroriy ekin ekish uchun biriktirildi.

Viloyat hokimi tumandagi “Sarmazor baxt zamini” fermer xoʻjaligidagi takroriy ekin ekish uchun ajratilgan yer maydonidagi ekinlar parvarishi bilan tanishdi. Bu yerdagi moshning rivojini koʻzdan kechirib, sugʻorishdan soʻng yerga ishlov berilmagani sababli qatqaloq yuzaga kelganligini tilga oldi. Zudlik bilan kultivatsiya qilish uchun texnika ajratib, zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishga koʻrsatma berdi.

Viloyat rahbari Sh. Gʻaniyev shu yerda dehqonchilikning hadisini olgan mirishkor Obidjon Umarqulov suhbatlashdi.

– Ilgarilari takroriy ekin ekkan kishi jinoyatchi boʻlardi, – deydi viloyat rahbari. – Odamlar yashirincha dala uvatlariga qoʻshimcha ekinlar ekardi. Bugun esa mana vaziyat umuman oʻzgardi. Gʻalladan boʻshagan, foydalanishdan chiqqan yerlar oʻzlashtirilib, kam daromadli, ehtiyojmand oilalarga boʻlib berilyapti. “Tomorqa xizmati” ekin bilan bogʻliq ishlarni oʻz zimmasiga olib, yaqindan yordam koʻrsatyapti. Oʻzim erta bahorda tomorqamizdagi bir sotix yerga plyonka ostiga rediska ekaman. Uni sotib, shu yerda bulgʻori yetishtirdim. Hozir uchinchi ekin qalampir bor. Bir yilda kamida toʻrt marta hosil olamiz. Yer juda katta daromad manbai ekanligini barchamiz his etishimiz kerak.

Fargʻona viloyatining barcha tumanlarida gʻalladan boʻshagan maydonlarda yetishtirilayotgan ekinlar nazoratdan oʻtkazilyapti, zarur holatda agrotexnik yordam koʻrsatilmoqda. Ayni chogʻda boʻsh qolgan yerlar yoshlar va kam taʼminlangan oilalarga biriktirilishi davom etmoqda.

2 849
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), OʻzA