O‘zA O`zbek

06.03.2019 Chop etish versiyasi

Ragʻbatga munosib faoliyat

Ragʻbatga munosib faoliyat

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni

Yosh tadbirkor Shohsanam Sodiqova Samarqand viloyati Ishtixon tumanida 2014 yilda ish boshlagan “Umida non” oilaviy korxonasini samarali boshqarib, oʻz biznesini yildan-yilga rivojlantirib bormoqda. Sergʻayrat tadbirkorning tashabbuskorligi, mamlakat taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasi munosib ragʻbatlantirilib, u 2018 yilda “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

5.JPG

– Mukofot, ragʻbat kishiga oʻziga xos masʼuliyat yuklaydi, – deydi Shohsanam Sodiqova. – Bunday yuksak eʼtirofga munosib boʻlishga harakat qilyapman. Faoliyatimizni yanada rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha amaliy ishlarni boshladik. Oʻtgan yili “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasidan 150 million soʻmlik imtiyozli kredit oldim. Shu hisobidan zamonaviy qolipli non va makaron ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilib oʻrnatdik. Korxonamiz soatiga 4 mingta qolipli non ishlab chiqarish quvvatiga ega. Joriy yil boshidan makaron ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻydik. Soatiga 60-70 kilogramm makaron ishlab chiqarayapmiz. Korxonamizda hozir 12 kishi ishlayotgan boʻlsa, yil yakuniga qadar yana bir qator loyihalarni amalga oshirish hisobidan ishchilar sonini 25 nafarga yetkazishni maqsad qilganmiz.

3.JPG

Qolipli non shartnoma asosida davlat maktabgacha taʼlim muassasalari, oziq-ovqat doʻkonlari, shuningdek, qoʻshni Qoʻshrabot tumanidagi xususiy tadbirkorlarga yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari, korxonada kasanachilik asosida tikuvchilik faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan. Tadbirkorning taʼkidlashicha, mazkur yoʻnalishni doimiy faoliyat yuritishi uchun maxsus joy yetishmayotgan ekan. 2016 yildan buyon tikuvchilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan tadbirkorning mazkur yoʻnalishda bir nafar tikuvchisi va 4 nafar kasanachi ishchisi mavjud. Ular buyurtma asosida korxona-tashkilotlarga koʻrpa, yostiq, choyshab yetkazib bermoqda. Agar joy masalasi ijobiy hal etilsa, tikuvchilik yoʻnalishi ham muntazam faoliyat koʻrsatib, ishchilar doimiy ish bilan taʼminlanadi.

Tinib-tinchimas Shohsanam Sodiqova oʻz tadbirkorlik faoliyatini yuritish bilan birga Samarqand viloyat yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazining Ishtixon tuman biznes treneri vazifasini ham bajarmoqda. Oʻzi kabi tadbirkorlik bilan shugʻullanish niyatida boʻlgan yoshlarga soha boʻyicha saboq berayotgan Shohsanam yosh tadbirkorlar safini kengaytirish orqali mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishni maqsad qilgan.

2 031
Alisher Isroilov (surat), OʻzA