O‘zA O`zbek

20.05.2020 Chop etish versiyasi

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati haqida nimalarni bilasiz?

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati haqida nimalarni bilasiz?

Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati Beruniy hamda Amudaryo tumanlari hududida joylashgan. Qoʻriqxona, bufer va oraliq hududlarni oʻz ichiga olgan bu joy jami 68717,8 gektarni tashkil etadi.

Qoʻriqxona qatʼiy tartibdagi muhofaza etiladigan tabiiy hudud hisoblanib, u ilmiy tadqiqotlar va monitoring olib borishga moʻljallangan. Uning hududida har qanday turdagi xoʻjalik faoliyatini olib borish taqiqlangan.

Davlat biosfera rezervatida ayni paytda 32 xodim faoliyat olib bormoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, davlat biosfera rezervati hududidagi bir qancha oʻsimliklar, qushlar, baliqlarning turlari Oʻzbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan. Bundan tashqari, ushbu biosfera rezervatida hasharotlarning 1 ming 124 turi uchraydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, talabalari bilan hamkorlikda Buxoro bugʻularining populyatsiyasi, biosfera rezervati entemofaunasi, hududdagi oʻsimliklarning monitoringi boʻyicha doimiy ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, tabiatga zarar yetkazmaslik boʻyicha fermer xoʻjaliklari, korxona va tashkilotlarda hamda aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan.

2 603
Maqsad HABIBULLAYEV olgan suratlar, OʻzA