O‘zA O`zbek

19.05.2020 Chop etish versiyasi

Quvaning anori va gilosi jahon bozorida

Quvaning anori va gilosi jahon bozorida

Fargʻonaga kelgan kishi Ahmad Fargʻoniy tugʻilgan maskan – Quvani ham koʻrgisi keladi.

Quvaliklarning mirishkorlik, mehmondoʻstlik kabi fazilatlarini ortiqcha taʼriflashga hojat yoʻq. Ayniqsa, anorchilik bu yerning oʻziga xos tashrifnomasiga aylangan. Ayni kunlarda boqiy qadriyatlar davom ettirilib, aholini hayotdan rozi qilish, farovonligini taʼminlash borasida ezgu saʼy-harakatlar olib borilayotir.

Boʻston koʻchasi oʻz nomiga monand boʻldi

Bugun viloyatning barcha hududlarida boʻlganidek, Quva tumanida ham shaharsozlik talablari asosida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. “Obod qishloq” va “Obod markaz” dasturi asosida oʻtgan davr ichida Tolmozor, Xonobod, Tojik, Akbarobod, Oqqoʻrgʻon qishloqlari, “Gʻalaba” mahalla fuqarolar yigʻini koʻrkam qiyofaga kirdi. Bosqichma-bosqich barcha mahallalardagi muammolar oʻz yechimini topayotgani eʼtiborga molik.

Koʻp yillardan buyon tuman markazidagi tirbandliklar, noqonuniy qurilishlar aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlib kelayotgan edi. Ahmad Fargʻoniy majmuasi atrofidagi noxush manzara dilni xira qilardi. Chunki Boʻston koʻchasi tuman markazining eng ogʻriqli nuqtasi hisoblanardi. Baʼzi tadbirkorlar tomonidan katta koʻchaga noqonuniy ravishda rastalar oʻrnatilgan, shu yerdagi “Rasta buyum bozor”idagi holat nihoyatda achinarli edi. Sanitariya holatini gapirmasa ham boʻladi.

“Obod markaz” dasturi asosida ana shu muammo hal etildi. Qisqa muddat ichida koʻcha butunlay tozalandi, noqonuniy rastalar olib tashlandi. Yoʻlning ikki chetidagi savdo doʻkonlari taʼmirlanib, koʻcha asfalt qilindi.

Bugun quvaliklar bunday oʻzgarishlardan behad mamnun boʻlmoqda. Boʻston koʻchasi oʻz nomiga monand boʻldi. Eʼtiborli jihati, shu koʻchadagi boʻsh turgan maydonda 350 oʻringa ega “Eko bozor” tashkil etildi. Ayni kunlarda karantin qoidalaridan kelib chiqqan holda mazkur bozor faoliyat koʻrsatmoqda.

– Bu koʻcha Ahmad Fargʻoniy majmuasiga olib chiqadi, – deydi mehnat faxriysi Saidjon Ahmedov. – Oʻn yildan buyon bu yer tuman markazi husnini buzib kelayotgan edi. Mutasaddilarga rahmat. Pandemiya davrida barchamizning orzumizni roʻyobga chiqarishdi. Koʻcha obod maskanga aylandi.

Quvaning sara gilosi – Dubayga

Quvaliklar meva-sabzavot yetishtirishda katta tajribaga ega. Quva anori, gilosi va qirmizi olmalarining taʼrifi xorijda ham mashhur. Maʼlumotlarga qaraganda, tumanda 13 ming gektardan ziyod bogʻ va sabzavot yetishtiriladigan maydonlar bor. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda ulardan samarali foydalanish nihoyatda muhim. Shu bois joriy yilda 142,1 tonna meva-sabzavot yetishtirishni koʻzlagan sohibkorlar astoydil mehnat qilmoqda. Tomorqachilikdan koʻplab oilalarning yaxshi daromad olayotgani ham ularni mehnatkashligidandir.

– Pandemiya sharoitida ham qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksportini yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratilyapti, – deydi tuman hokimi oʻrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi A. Siddiqov. – Joriy yilda tumanimizdagi eksportyor korxonalar tomonidan 41 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinishi rejalashtirilgan. Hozirga qadar 6 million 435 ming dollarlik mevalar xorijga eksportga yuborildi.

Fargʻona bogʻlarida yetishtirilgan sara giloslar jahon bozorida xaridorgir. Oʻziga xos taʼm va koʻrinishga ega mevalarimizga boʻlgan talab bu yil yana-da yuqori boʻlishi kutilmoqda. Ayni kunlarda bogʻlar va aholining tomorqasida gilos pishgan boʻlib, xaridor eshik qoqib turibdi. Asosiy xaridorlar – Rossiya, Dubayga bu sarxil mevalar eksport qilinyapti. Tumanda eksportga koʻmaklashish shtabi tashkil etilgan. Barcha muammolar joyida hal etilib, xaridorlarga sifatli mahsulotlarni yetkazib berish choralari koʻrilmoqda. Zamonaviy logistika markazida gilosni saralash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportga chiqarish ishlari amalga oshirilyapti.

“Fergana Exim Agro” masʼuliyati cheklangan jamiyati eksportyor korxonalardan biri. Jamiyat tumandagi fermer xoʻjaliklari va aholidan gilos qabul qilish ishlarini boshlagan. Gilos qadoqlangan holda Dubayga eksport qilinadi. Tabiiyki, xushtaʼm, koʻrinishi eʼtiborni tortadigan, yuqori sifatli mevalargina jahon bozorida xaridorga manzur boʻladi.

Jumladan, gilosga ham talab shunday. Taʼmi, donasining yirik va tekisligi alohida ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, viloyatda barcha jihati bilan xorijliklar didiga mos tushadigan mahsulot yetishtirish va sotuvga tayyorlash uchun mavjud imkoniyatlar ishga solinmoqda. Masalan, “Fergana Exim Agro” masʼuliyati cheklangan jamiyatida oʻrnatilgan zamonaviy liniya yordamida gilosni maʼlum darajadagi past haroratda saqlash va uni maxsus qutilarga joylab, savdo rastasigacha tabiiy holatda yetkazish mumkin.

Bugungi kunda mazkur tumanda 27 ta zamonaviy muzlatgich faoliyat koʻrsatmoqda. Shuningdek, anorchilikni rivojlantirish hamda eksportini yoʻlga qoʻyish borasida ham ishlar olib borilyapti. Ha, quvaliklar bugun oʻzining mehnatsevarlik, mirishkorlik fazilatlari bilan yurtimiz farovonligiga munosib hissa qoʻshmoqda.

2 934
M. SULAYMONOV, M. QODIROV(surat), OʻzA