O‘zA O`zbek

09.07.2020 Chop etish versiyasi

Qurol egalari jarimaga tortildi

Qurol egalari jarimaga tortildi

Sirdaryo viloyatida Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 29-iyuldagi “Qurol toʻgʻrisida”gi qonuni va Prezidentimizning joriy yil 8-apreldagi farmoni talablari asosida mamlakatimiz hududida fuqarolar tomonidan qurol va uning oʻq dorilarini saqlash qoidalariga rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan shartli nomlangan “Qurol” maxsus profilaktika tadbiri oʻtkazilmoqda.

Bu haqda viloyati ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu tadbirni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – fuqarolarimiz tomonidan shaxsiy qurol va uning oʻq-dorilarini saqlash va foydalanish tartiblariga rioya etilishini tekshirish, ishonchli saqlanishiga toʻsqinlik qiluvchi holatlarning bartaraf etilishini taʼminlash, jinoyat va baxtsiz hodisalarning yuzaga kelishiga zamin yaratuvchi omillarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan maqsadli tadbirlarni oʻtkazish hamda aniqlangan kamchiliklar boʻyicha oʻz vaqtida belgilangan chora-tadbirlarni koʻrishdan iborat.

Sirdaryo viloyatida roʻyxatga olingan 1 ming 197 nafar shaxsiy qurol egalarini tekshirish uchun shu kunga qadar jami 702 nafar ichki ishlar hamda 11 nafar “Ovchilik jamiyati” xodimlari jalb etildi. Shundan, 1 ming 86 nafar shaxsiy qurol egalari tekshirilib chiqildi va ular bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, tilxatlar olindi.

Tekshiruv natijalari boʻyicha 59 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Shundan 8 ta holatda ovchilik biletlarining hamda 35 ta holatda qurol saqlash va olib yurish ruxsatnomasining amal qilish muddatlari oʻtib ketganligi va 16 ta holatda qurol va oʻq dorilarni saqlash qoidalari buzilganligi, 2 ta holatda seyf (metal quti) qoniqarsiz ahvolda, yaʼni nosozligi hamda 14 ta holatda qurol va uning oʻq dorilarini birga saqlash holatlari aniqlanib, 1 nafar qurol egasining quroli aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtinchalik IIBga saqlash uchun olib qoʻyildi. 27 nafar shaxsiy qurol egalari MJtKning 221-moddasi boʻyicha javobgarlikka tortildi.

2 997
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), OʻzA