O‘zA O`zbek

19.05.2020 Chop etish versiyasi

Quritilgan malina va qovun qoʻshilgan asal eksport qilinadi

Quritilgan malina va qovun qoʻshilgan asal eksport qilinadi

Xalqimizda “Asal ming dardga davo” degan ibora bejiz aytilmagan. Haqiqatdan ham asal koʻplab xastaliklarga shifo boʻladigan bebaho neʼmat, shu bilan birga, yaxshigina daromad manbai hamdir. Buni Asaka tumanidagi “Asaka” asalarichilik klasteri faoliyati misolida ham koʻrish mumkin.

“Asaka” asalarichilik klasteri tashkil etilganiga koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Biroq oʻtgan qisqa muddat ichida bu yerda asalarichilikni rivojlantirish, aholi daromadini oshirish borasida ijobiy natijalarga erishilmoqda. Korxona tomonidan joriy yilning oʻzida 33 tonna asal yetishtirish koʻzda tutilgan.

Tumandagi Saidobod mahallasida bir necha yillardan buyon asalarichilik faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan “Asal” fermer xoʻjaligi tuman hokimining tashabbusi bilan “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyiliga asosan “Asaka” asalarichilik klasteriga aylantirildi. Natijada uning faoliyati yana-da kengaydi.

– Korxonamiz nafaqat tumanimizdagi, balki qoʻshni tumanlardagi asalarichilik bilan shugʻullanuvchi aholi va fermer xoʻjaliklariga sohaga doir qator xizmatlarni koʻrsatib keladi, – deydi “Asaka” asalarichilik klasteri rahbari Elmurod Chekalov. – Faoliyatimizga ilgʻor ish usullarini qoʻllashga, asalari boquvchilar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Bu albatta, oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda.

Agar asalarichilik bilan shugʻullanish istagidagi fuqaro kredit olib, bu ish bilan shugʻullansa, kredit mablagʻlarini toʻlashda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Chunki asalaridan bir yilda ikki marta hosil olinadi. Uni sotish ham maʼlum vaqtni talab etadi. Banklar asalarichilik yoʻnalishiga kredit ajratishda ana shu jihatni hisobga olmasdan kredit toʻlovini oyma-oy toʻlab borishni talab etadi. Bu oʻz oʻzidan qator muammolarni yuzaga keltiradi. Klaster korxona ana shuni hisobga olib, qolaversa, aholiga yana-da qulay boʻlishi uchun tumandagi 60 dan ortiq xonadonga 1 ming 200 dan ziyod asalari oilasi, asalari parvarishi uchun zarur jihoz va mahsulotlarni oʻz hisobidan tarqatib berdi. Ularga mutaxassislar tomonidan asalarini oziqlantirish, umuman, parvarishlash agrotexnikasi boʻyicha zarur tavsiya, maslahat va amaliy yordamlar koʻrsatib kelinmoqda.

Aholiga hech qanday kredit va toʻlovlarsiz tarqatib berilgan asalari oilalaridan olingan asalni korxonaning oʻzi toʻla sotib oladi. Ishni bu tartibda yoʻlga qoʻyilishi aholiga kredit olmay yoki ortiqcha mablagʻ sarflamay asalarichilik bilan shugʻullanish, daromad topish imkonini yaratmoqda.

– Asalarichilik klasteridan 40 ta asalari oilasini olib boqyapmiz, – deydi Asaka tumani Fayzobod mahallasida yashovchi Gʻafurjon Kahhorov. – Bundan tashqari, bizga zarur jihozlar ham berilgan, parvarish jarayonida bilmaganlarimizni mutaxassislar kelib oʻrgatishyapti, zarur maslahatlar berishyapti. Bu ishimizni oson boʻlishiga, asalarichilik bilan shugʻullanib, daromad olishimizga katta yordam beradi.

Shuningdek, korxona binosida maxsus oʻkuv zali tashkil etilgan boʻlib, hohlovchilar bu yerda asalarichilik boʻyicha oʻqib, bilim va tajribalarini yana-da boyitishlari mumkin.

Asalni qadoqlash soha xodimlari oldidagi asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Ana shundan kelib chiqib, korxona tomonidan xorijdan zamonaviy qadoqlash dastgohlari olib kelinib, ishga tushirildi. Endilikda mahsulotni turli xajmlarda qadoqlash imkoni yaratildi. Bundan tashqari, yangi texnologiya asosida quritilgan malina va qovun qoʻshilgan asallar ham qadoqlanishi yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu mahsulotlarga turkiyalik tadbirkorlar katta qiziqish bildirmoqda. Kelgusida quritilgan mevalar qoʻshilgan shifobaxsh neʼmat Yevropa davlatiga eksport qilinadi.

2 290
F.UBAYDULLAYEV, OʻzA