O‘zA O`zbek

22.07.2019 Chop etish versiyasi

Qulayotgan saroy yoxud oltin vasvasasida olib ketilgan Amir taxti va talon-toroj qilinayotgan tarixiy meros

Qulayotgan saroy yoxud oltin vasvasasida olib ketilgan Amir taxti va talon-toroj qilinayotgan tarixiy meros

MUTASADDILAR DIQQATIGA!

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasining “Turizm toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonuni qabul qilindi. Maqsad xalqaro turizm olamida Oʻzbekistonning milliy brendini yaratish, ajdodlarimiz boy merosiga sayyohlarning hayratini oshirish, daromadni yoʻlga qoʻyishdir.

Ammo kezi kelganda sayyohlarni ajdodlarimiz boy merosi bilan emas, biz avlodlarning boy merosimizga boʻlgan loqaydligimiz va befarqligimiz bilan hayratga solib qoʻymayapmizmi?

MIRZO CHORBOGʻ XAROBALARI

Maʼlumki, Karmana bekligi Buxoro amirligining ikkinchi poytaxti hisoblangan. Shu maqsadda Buxoro amiri Abdulahadxon davrida Karmana bekligida koʻplab chorbogʻ va saroylar bunyod etilgan.

Aynan Mirzo Chorbogʻ meʼmorchiligi, nafis ganchkorligi bilan ajralib turgan. Ushbu bogʻ Amir topshirigʻi bilan Zarafshon daryosi sohilida 1900-1905-yillarda bunyod etilgan. Saroy loyihasi Amirning shaxsiy arxitektori Xoʻja Abdurahim tomonidan tayyorlangan. Qurilishga mashhur ganchkor usta Shirin rahbarlik qilgan.

“Usta Shirin sarboz sifatida olib kelinib, saroy tiklanishiga safarbar etildi. U Karmanada 15 yil mobaynida saroy va bogʻlar barpo etdi. Ayniqsa, Mirzo Chorbogʻni qurishga qiynaldi. Qahraton qishda, qoʻli loy bilan muzlagan paytda bu binoni tikladi, hatto bir umrga barmoqlarini sovuqqa oldirdi”. (L.I.Rempil. “Buxoro yozuvlari” kitobi, T.,1981., 280-bet)

Afsuski, bugungi kunlarda mutasaddilarning beparvoligi oqibatida mazkur tarixiy obida qulab bormoqda. Saroyning muhofaza devorlari oʻrnatilmagan. Saroy oʻrtasidagi hovuz axlat va hayvon suyaklari bilan toʻldirilgan. Quduq esa koʻmib tashlangan.

Saroy asosan yogʻoch va gʻishtdan tiklangan. 2019-yil aprel oyida toʻrt oy davomida qiyshayib turgan yogʻoch sinchli saroyning kutish zali poydevori qulagan. Qulagan joyda faqatgina milliy naqsh boʻlaklari qolgan. Mustahkam yogʻochlar mahalliy aholi tomonidan talon-toroj qilingan.

AMIRNING SAROYDAGI TAXTI OʻRNATILGAN JOY

Maʼlumki, bu yerdagi taxt oltin vasvasasida oʻgʻirlab ketilgan. Bu ham yetmagandek, taxt turgan joy kavlangan.

Saroy 6x20 metr uzunlikda boʻlib, oʻymakorlik va naqshkorlikning noyob usullari bilan bezatilgan. Eng qizigʻi, saroyda gʻarbona dizayndan ham foydalanilgan.

Binodagi 8 ta derazasining tepa qismi qalqonsimon (gʻarbona) usulda ishlangan. Bu kabi milliy meʼmorchilik Buxorodagi Sitorai Mohi Xosa saroyida ham uchraydi.

Saroy bezaklari uchun ranglar tabiiy usulda tayyorlangan. Oradan 115-yil oʻtgan boʻlsa-da, ranglar jozibasini yoʻqotmagan.

Bino qurilishida Karmananing iqlim sharoiti eʼtiborga olingan boʻlib, choʻpkori usulda zax va shoʻrlanmasligi uchun, devorlari esa 4 qavatli qilib qishda issiq, yozda salqin boʻlishi uchun bunyod etilgan.

Saroy 15 bolorli binodan iborat. Bolorlar oʻta nozik did bilan taxlangan. Har bir bolor alohida sharqona naqqoshlik usulida bezalgan.

Qimmatbaho yongʻoq va kedr daraxtidan ishlagan Saroy eshiklari oʻgʻirlab ketilgan. Hozirda faqat 1900-yillarni eslatib turgan eshikning oshiq-moshiqlari va xalq tilida aytganda musulmon gʻishtlar qolgan, xolos.

Saroy poydevori yapaloq pishiq gʻishtdan, eniga esa oʻsha gʻishtdan 1 metrli qilib 25 qator yotqizilgan, 26 qatori esa tikkasiga terilgan. Chunki bu usul binoning zilzilabardoshligini taʼminlagan.

Sinch va zavaravlarning koʻp burchak shaklda qoʻyilishi, unda xovalarning koʻrinmasligi esa ajdodlarimiz zakovatidan yana bir darak.

Saroyning gʻarbiy tomonida 10 xonali mehmonxona boʻlgan. Bu xonalarning ichi ham sharqona usulda kamtarona bezatilgan.

BUGUN ESA...

Saroy derazadan tashqariga qarasangiz, paxta dalasini koʻrasiz, Samarqanddan Buxoro, Xivaga oshiqayotgan sayyohlar karvoni ketayotgan xalqaro M-37 avtomagistral shovqinini eshitasiz.

Omonat osilib turgan yogʻoch eʼtiborimizni tortadi. Goʻyo u nola qilayotgandek, atrofdan najot soʻragandek, tuyulaveradi. Qani qachon yiqiladi bu bino? Baquvvat yogʻochlaridan umidvor koʻzlar, yer maydoni hasadida ensa qotirib turgan baʼzi chaqqonlardan qoʻrqib nola qilayotgandek.

3 212
OʻzA