O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Qardosh turk xalqidan navbatdagi insonparvarlik yordami

Qardosh turk xalqidan navbatdagi insonparvarlik yordami

Bugun tunda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga Istanbuldan charter yoʻnalish boʻyicha uchgan samolyot kelib qoʻndi. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasiga tegishli mazkur havo laynerida 267 nafar yoʻlovchi yurtimizga olib kelindi. Eng muhimi ushbu reys orqali qardosh turk xalqi va Turkiya hukumatining bugungi murakkab vaziyatda xalqimizni qoʻlab-quvvatlashga qaratilgan, koronavirusga qarshi kurash jarayonida beqiyos ahamiyatga ega boʻlgan insonparvarlik yordami ham yetkazildi.

- Birinchi navbatda biz uchun eng quvonarlisi, 250 dan ziyod yurtdoshlarimizning Vatanimizga qaytarilishidir, - dedi Toshkent shahri Sogʻliqni saqlash Bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Davron Sultonov. - Ular orasida turli yoshdagi fuqarolarimiz, ayniqsa, goʻdaklar borligini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼul xodimlari ushbu havo kemasida kelgan insonparvarlik yukini ham qabul qilib oldi. Oʻpkaga sunʼiy nafas yuborish uchun moʻljallangan mazkur apparatlar respublikamiz boʻylab birinchi navbatda ehtiyoj boʻlgan, eng zarur nuqtalarga tarqatiladi. Ushbu koʻmak epidemiya ustidan toʻliq gʻalaba qozonishimizni taʼminlashda katta yordam beradi. Koronavirus asoratlarini bartaraf etishga qaratilgan saʼy-harakatlar qizgʻin davom etayotgan mana shunday murakkab sharoitda befarq qarab turmagan Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan boshchiligidagi Turkiya hukumatiga, saxiy turk eliga xalqimiz, qolaversa, yurtimizdagi barcha tibbiyot xodimlari nomidan cheksiz minnatdorlik izhor etamiz.

Maʼlumki, joriy yil 22-aprel kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning telefon orqali muloqoti chogʻida yangi global xatar – koronavirus infeksiyasining shiddatli tarqalishiga qarshi kurashishda yaqindan hamkorlik qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan edi. Mazkur begʻaraz yordam ushbu muloqotda ikki davlat rahbari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi sifatida namoyon boʻldi.

- Butun yer yuzida ogʻir vaziyat yuzaga kelganda ikki qardosh mamlakatning bir-biriga yordam berishi, bir-birini qoʻllab-quvvatlashi, bu tabiiy hol, - dedi Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi vakili Aybuke Turan xonim. - Bizning prezidentimiz tashabbusi va topshirigʻi bilan amalga oshirilgan bu galgi gumanitar yordam ham ana shu hamkorlikning yorqin ifodasidir.

Mamlakatimizning Anqaradagi elchixonasi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, insonparvarlik yuki tarkibida COVID-19 virusi pandemiyasiga qarshi kurashda foydalaniladigan 50 dona oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyasi apparati bor. Turkiyaning oʻzida ishlab chiqarilgan mazkur uskuna xalqaro standartlar asosida sinovdan oʻtkazilgan boʻlib, koronavirus kasalligining ogʻir shaklini boshidan kechirayotgan bemorlarni sogʻlom hayotga qaytarishga yordam beradi.

- Oʻzbek va turk xalqlari azaliy qardosh, yaxshi-yomon kunlarda bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelgan ikki el hisoblanadi, - deydi Turkiya elchixonasi masʼul xodimi Kaan Baqqolboshi. - Bugungi kunda, ayniqsa davlatlarimiz rahbarlarining qatʼiy irodasi bilan oʻzaro munosabatlarimiz misli koʻrilmagan darajada yuqori choʻqqiga koʻtarildi. Albatta, bu yaqin hamkorlik butun dunyoni larzaga solgan koronasirus pandemiyasi davrida ham yaqqol namoyon boʻldi.

Avvalroq epidemiya bilan samarali kurash olib borishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Turkiya Oʻzbekistonga shaxsiy himoya vositalari – 50.000 dona tibbiy niqob va 200.000 ta kombinezondan iborat gumanitar koʻmak yuborgan edi.

3 163
Gʻayrat XONNAZAROV, Muhammad AMIN (surat), OʻzA