O‘zA O`zbek

31.03.2019 Chop etish versiyasi

Moʻynoqda oʻtkazilgan “NavrUZ” etnofestivali yakunida oppoq qor yogʻdi (Foto)

Moʻynoqda oʻtkazilgan “NavrUZ” etnofestivali yakunida oppoq qor yogʻdi (Foto)

Moʻynoqda Navroʻz bayrami etnofestival tarzida oʻtkazildi. Ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu tadbirga minglab mahalliy va xorijiy mehmonlar tashrif buyurdi. Ikki kunlik tadbirning ikkinchi kunida Moʻynoqda ertalab oppoq qor yogʻdi.

30 mart kuni bayram tadbirlari asosan tuman markazida tashkil qilingan “Hunarmandlar qishlogʻi”da boʻlib oʻtdi. Kun ochiq, yorqin. Osmon esa musaffo. Aynan bayramona ob-havo. Odamlarning yuzlarida olam-olam quvonch.

Bu yerda usta-hunarmandlarning qoʻl mehnatlari, oshpazlar tomonidan tayyorlangan turli xil milliy taomlar koʻrgazmaga qoʻyilgan. Bayramga bagʻishlangan savdo yarmarkalarida mahsulotlar arzon narxlarda sotilmoqda. Koʻrgazmada nashriyotlar tomonidan kitoblar ham sotuvga qoʻyilgan.

- Bu yilgi Navroʻz bayrami menga ancha koʻtarinki kayfiyat bagʻishlamoqda, - deydi “Orol baliqchisi” gazetasi bosh muharriri Zahida Qaljanova. – Moʻynoqda deyarli har kuni bayram desa ham boʻladi. Sababi, Muhtaram Prezidentimizning alohida eʼtibori tufayli tumanimiz mutlaqo yangi hayotni qarshi olmoqda. Har kuni qandaydir qurilish obyekti bitkazilib foydalanishga topshirilyapti yoki qandaydir tadbir oʻtkazilyapti. Moʻynoq va Orol boʻyicha har kuni yaxshi yangiliklarni eshityapmiz. Oʻtkazilayotgan etnofestival esa barcha intiqib kutgan tadbir boʻldi.

“Hunarmandlar qishlogʻi”da baliqchining eski uyi qayta taʼmirlanib uy muzeyiga aylantirilgan. U yerda xuddi oʻtmishga qaytib Orol baliqchisi kabi hayol “surishingiz” mumkin. Aynan shu muzeyning qoshidan sayyohlar uchun xostel ham tashkil qilingan. Xorijiy mehmonlarning ushbu xostelda dengiz turmushi bilan yashashiga imkoniyat yaratilgan. Shuningdek, uy muzeyi qoshidagi doʻkonda Orol va Moʻynoqqa hamda qoraqalpoqlar hayotiga oid har xil suvenirlar sotuvga qoʻyilgani koʻpchilikni qiziqtirmoqda.

Ertalabdan milliy kuy-qoʻshiqlar sadosi ostida boʻgʻirsoq, sok-taqan tayyorlandi, sumalak va Navroʻz koʻja qaynatildi. Folklor jamoasi tomonidan betashar, sunnat toʻy kabi milliy toʻy-bazmlar ijro etildi. Bir tomonda qoraqalpoq oʻtovini tikish jarayoni yigʻilganlarga namoyish qilinayotgan boʻlsa, ikkinchi tomonda “qazan”, “bektash”, “qasharman”, “langi”, “shullik”, “angalaq”, “koshpek” kabi milliy bolalar oʻyinlari boʻyicha musobaqalar qizidi. “Hunarmand” uyushmasi tomonidan milliy kiyimlar modasi namoyishi oʻtkazildi. Uchta joyda argʻimchoq qurilib, ularda bolalardan tortib yoshi kattalar ham uchib koʻngil yozdi.

Kurash musobaqasi ham qizgʻin tus oldi. Mohir dorbozning koʻzi boylangan holda dor ustiga tortilgan ipda mohirona tomosha koʻrsatishi ayniqsa bolalarda olam-olam taassurot uygʻotdi. Qaldirgʻoch, baliq va pushtirang flamingolarning qiyofasidagi varraklar bolajonlarning eng sevimli mashgʻulotlari boʻldi.

Shu kuni Moʻynoqda oʻtkazilgan tadbirga Nukus davlat pedagogika institutining filologiya va pedagogika fakultetlaridan 100dan ortiq talabalar ham milliy kiyimlarda ishtirok etdi. Ular Moʻynoqning eʼtiborli joylariga ham sayohat uyushtirdi.

Mazkur institut professori Kenesbay Allambergenov shu kuni oʻzida shaxsiy tashabbusi bilan Moʻynoqqa yaqin joydagi Shagʻirli ovulidan yarim gektar yer olib mevali daraxtlarning koʻchatlarini oʻtqazib, xayrli ishga qoʻl oʻrdi.

Bayramning birinchi kungi tadbirlarini jirov-baxshilarning olov atrofidagi kechki konsert dasturi yakun yasadi.

31 mart kuni karvon yurishi va gala konsert boʻlib oʻtishi kerak edi, lekin Moʻynoqda ertalab yoqqan oppoq qor tadbirlarning boshqa kunga qoldirilishiga sabab boʻldi.

Moʻynoqliklar koʻpdan buyon bunday yogʻingarchilikni kuzatmagan edi. Navroʻzda yoqqan qor dengizning qurigan tagiga oʻtqazilgan saksovul koʻchatlari uchun ayni muddao boʻldi. Orolboʻyida esa bayram davom etadi.

Quyida Moʻynoqda oʻtkazilgan bayram tadbirlaridan fotolarni tomosha qilishingiz mumkin.

photo_2019-03-31_11-57-37.jpg

photo_2019-03-31_18-40-03.jpg

photo_2019-03-31_18-40-22.jpg

photo_2019-03-31_18-40-45.jpg

photo_2019-03-31_18-41-03.jpg

photo_2019-03-31_18-41-09.jpg

2 219
Ye.Qanoatov, OʻzA