O‘zA O`zbek

12.07.2020 Chop etish versiyasi

Korxona mahsulotlari Afgʻoniston, Qirgʻiziston hamda Vengriyaga eksport qilinmoqda

Korxona mahsulotlari Afgʻoniston, Qirgʻiziston hamda Vengriyaga eksport qilinmoqda

Navoiy viloyati Konimex tumani “Zafarobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Shojon tuz group” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻz faoliyatini boshladi.

Suyuq tuz, oliy navli yodlangan osh tuzi, tabletka tuz hamda texnik tuz ishlab chiqarayotgan korxonada 40 nafar kishi mehnat qilmoqda. Korxona toʻliq quvvatda ishlasa, bu yerda ikki smenada 80 nafar xodim ish olib boradi hamda kuniga 40-45 tonna mahsulot ishlab chiqariladi.

Korxona mahsulotlarining 80 foizi tashqi bozorga, qolgani ichki bozorga sotilishi rejalashtirilmoqda. Ayni dam bejirim qadoqlardagi “Made in Uzbekistan” yozuvi tushirilgan mahsulotlarni yetkazib berish boʻyicha Afgʻoniston, Qirgʻiziston hamda Vengriya mamlakatlari bilan eksport shartnomalari tuzilmoqda.

Xomashyo korxonaga uncha uzoq boʻlmagan Tomdikon hamda Lavlikon tuz konlaridan tashib kelinadi. Ushbu konlar 300 gektarlik maydonni egallagan. Bu yerda paydo boʻladigan, yaʼni “oʻsib chiqadigan” tuzning 40 foizini korxona qayta ishlash quvvatiga ega. Kelgusida yangi quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Qayd etish kerak, bugungi kunda mamlakatimizda isteʼmol tuzi ishlab chiqarish borasida sanoqli korxonalar faoliyat olib bormoqda. Tuz konlari esa yurtimizda koʻp. Hududlarda mazkur konlardan samarali foydalanishning yoʻlga qoʻyilayotgani ushbu noyob mahsulotga boʻlgan ichki talabni qondirish barobarida aholini ish bilan taʼminlash imkonini kengaytiradi.

2 899
Siroj ASLONOV (surat), OʻzA