O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Karmananing issiqxona xoʻjaliklari

Karmananing issiqxona xoʻjaliklari

Issiqxonachilik bugungi kunda aholi bandligini taʼminlashning muhim omillaridan sanaladi. Shuningdek, mazkur soha rivoji yurtimiz eksport salohiyatini yuksaltirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Navoiy viloyatida mazkur yoʻnalishda qariyb 300 dan ziyod yuridik korxonalar faoliyat olib bormoqda. Ushbu subyektlarda minglab aholi ish bilan band.

Karmana tumanining Argʻun qishlogʻi viloyatning issiqxonachilik markazi sanaladi. Sababi, mazkur hududning oʻzida qariyb 90 gektar maydonda 60 dan ziyod issiqxonachilik xoʻjaligi tashkil etilgan. Bu xoʻjaliklarda 1 yarim ming kishi doimiy va mavsumiy ish bilan taʼminlangan.

Maʼlumki, bahor oylari issiqxonachilik xoʻjaliklari uchun qizgʻin davr sanaladi. Biroq, mazkur davrdagi kuchli yomgʻir va shamol anchagina tashvish keltirishi ham mumkin. Xususan, 27-aprel kuni esgan kuchli shamol oqibatida viloyatdagi bir qator issiqxonachilik xoʻjaliklari ham zarar koʻrdi. Bu holatlar asosan, Karmana tumanida kuzatildi.

Ushbu holat inobatga olinib, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, tadbirkor Aziz Suvonov taʼsischiligidagi “Issiqlik taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan korxonaning ikki yillik faoliyati davomida olingan mablagʻ tumanda issiqxonalar koʻrgan zararni qoplash hamda mazkur xoʻjaliklarda ishning toʻxtab qolmasligini taʼminlash maqsadiga yoʻnaltirildi.

Taʼkidlash kerak, bugungi kunda tumandagi issiqxonalarda karantin talablariga rioya qilingan holda ish jarayonlari bir maromda davom etmoqda. Mahsulotlar asosan ichki bozorga yetkazib berilyapti. Eng muhimi, pandemiya davrida ish oʻrinlari qisqarib ketishi va aholi bandligi muammosining oldi olinmoqda.

3 333
Siroj ASLONOV olgan suratlar, OʻzA