O‘zA O`zbek

09.07.2020 Chop etish versiyasi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Norin tumaniga tashrif buyurib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar oldi.

“Qoʻshariq” mahalla fuqarolar yigʻini Chegara koʻchasida istiqomat qiluvchi Nasiba Rustamovaning qaramogʻida qizi va 3 nafar nabirasi bor. Kam taʼminlanganlar roʻyxatida turadi. 6 sotix hovlida 2 oila istiqomat qilayotgan boʻlib, 2016-yilda xonadonda roʻy bergan yongʻin natijasida oila jiddiy talofat koʻrgandi. Pandemiya davrida ushbu oilaga homiylar va MFY tomonidan moddiy yordam koʻrsatildi. Zarar yetgan uy tuman prokurorining tashabbusi bilan mahalla faollari va homiylar koʻmagida qayta tiklanmoqda. N.Rustamovaning kenja nabirasi sogʻligʻida jiddiy nuqsonlar borligi sabab unga nogironlik pensiyasi tayinlangan.

Viloyat rahbari koʻrsatmasiga binoan nogiron farzandiga qarayotganligi bois onaga ham nafaqa tayinlash masalasini koʻrib chiqish topshirildi. “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida ushbu xonadonga 1 bosh qoramol kredit asosida va 10 ta tovuq subsidiya tariqasida taqdim etildi. Shuningdek, “Saxovat va koʻmak” harakati tashkilotchilari tomonidan 11 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beriladi.

Toʻlqin mahallasi Mustaqillik koʻchasidagi 20-uyda Qodirjon Zokirov 12 nafar oila aʼzosi bilan yashaydi. Oiladagi muqaddam jinoyat sodir etgan ota-bola sud tartibida afv etilib, axloq tuzatish ishlariga jalb qilingan edi. Xonadon egalariga sektor rahbari koʻmagida 20 sotix yer maydoni tomorqa sifatida berildi hamda novvoychilik faoliyatini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashildi. Kreditga 2 bosh qoramol, subsidiya asosida esa uyiga issiqxona qurib berildi.

– Baʼzilar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini toʻlash yoki ularning miqdorini oshirish orqali moddiy qiyinchilikni hal etish mumkin, deb oʻylaydi, dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov. – Bu bir tomonlama yondashuv boʻlib, muammoni toʻla yechish imkonini bermaydi. Kambagʻallikni kamaytirish, aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish, mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, odamlarning hayotiy muammolarini oʻrganish, ularni qonuniy asosda hal qilish uchun amaliy yordam koʻrsatish lozim.

3 346
Hotam MAMADALIYEV (surat), OʻzA