O‘zA O`zbek

24.09.2019 Chop etish versiyasi

Harbiy sportchilar xalqaro musobaqadan medallar shodasi bilan qaytdi

Harbiy sportchilar xalqaro musobaqadan medallar shodasi bilan qaytdi

Joriy yilning 18-21sentabr kunlari Qozog‘iston Respublikasi Olmaota shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida sportning sambo turi bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan mamlakatimiz DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. 

Xususan, kichik serjant Elbek Eshmurodov 82 kg. vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lub etib, chempionlik shohsupasini zabt etdi. Kichik serjant Navro‘z Mavlonov 100 kg. vazn toifasida 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, oddiy askarlar Vahobjon Nuriddinov 90 kg., Muhammadlaziz Qayumov 82 kg. va Otabek Boyqulov 62 kg vazn toifalarida faxrli 3-o‘rini qo‘lga kiritdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, DXX Chegara qo‘shinlari harbiylaridan tashkil topgan terma jamoamiz xalqaro turnirda umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida g‘olib sportchilar tantanali kutib olindi.

– Xalqaro turnirda zafar quchishning zavqi o‘zgacha, – deydi xalqaro musobaqa g‘olibi E.Eshmurodov. – DXX Chegara qo‘shinlari rahbariyati tomonidan harbiy sportchilarga yaratilgan sharoitlar va mavjud zamonaviy sport majmualarining Yevropa standartlariga mos ravishda jihozlanganligi xalqaro sport musobaqalarida o‘z samarasini bermoqda.

1 802
Oqil G‘ULOMOV, (surat) O‘zA