O‘zA O`zbek

09.07.2020 Chop etish versiyasi

Ham ish oʻrganamiz, ham daromad olamiz

Ham ish oʻrganamiz, ham daromad olamiz

Buxoro viloyati Vobkent tumanida ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada sektor rahbarlari, xalq deputatlari Vobkent tumani kengashi deputatlari hamda korxona va tashkilot rahbarlari jalb etilgani muhim ahamiyat kasb etayotir.

2020-yil davomida jami 2 ming 356 nafar band boʻlmagan yoshlarning 1 ming 919 nafari, yaʼni 81,5 foizi ish oʻrni bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan.

Tumandagi Panob mahalla fuqarolar yigʻinida 2 million 724 nafar aholi, 700 tadan ortiq oila istiqomat qiladi. Mahalla hududidagi yerlarda intensiv bogʻlar tashkil etilgan boʻlib, oʻrik, shaftoli, qaroli, gilos kabi koʻplab daraxtlar bilan birga uzum toklari ham oʻtqazilgan. Bogʻning qator oralariga poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda.

– 38 gektar intensiv bogʻimiz bor, – deydi 25 yoshli “Eklyuziv Agro ekspert” MCHJ qoʻshma korxonasi ijrochi direktori Sharif Sharipov. – Shu bogʻning 30 gektarini namanganlik mirishkor dehqonlarga shartnoma asosida berganmiz. Ular qator orasiga poliz mahsulotlarini ekib, dehqonchilik qilmoqda. Qolaversa, vobkentlik 33 nafar yoshlarga poliz ekinlarini yetishtirish va uni parvarishlashni oʻrgatmoqda. Yoshlar ham dehqonchilik sirlarini oʻrganyapti, ham bandligi taʼminlandi.

– 6 yildan buyon Buxoro viloyatining Jondor, Kogon, Qorovulbozor, tumanlarida dehqonchilik qilib kelyapman, – deydi 26 yoshli namanganlik dehqon Doston Azimboyev. – Mana ikki yildirki Vobkent tumanida poliz mahsulotlari yetishtirib, dehqonchilik sirlarini vobkentlik yoshlarga oʻrgatyapman. Tokzorlar orasiga qovun, tarvuz ekkanmiz. Oʻtgan yili gektaridan 15 tonna hosil olgan boʻlsak, bu yil 20 tonna mahsulot yetishtirishni rejalashtiryapmiz. Mehnat qilgan kam boʻlmasligini yoshlarga oʻrgatyapmiz. Gektaridan 35-40 million daromad olishni koʻzlayapmiz.

– Uyimiz oldida bogʻ mavjud, – deydi tumanning Yangi hayot qishlogʻida yashovchi Gulhayo Naimova. – Shu bogʻda poliz mahsulotlari ekilgan. Yozgi taʼtilda mahalla yoshlari oilasiga daromad olib kelish maqsadida mazkur bogʻdagi ishlarda qarashamiz, bobo dehqonga yordam beramiz. Ham tajriba almashib, ekin sirlarini oʻrganamiz, ham ishlagan ishimizga qarab, 50-60 ming soʻm kunlik pulimizni olamiz.

Tumanda 2020-yil yanvar-may oylari davomida ishga joylashtirilgan yoshlar soni 744 nafarni yaʼni 38,8 foizni tashkil etmoqda.

3 198
Zarif KOMILOV, Tohir ISTATOV (surat), OʻzA