O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Gʻoʻza paravarishida biologik usulning ulushi

Gʻoʻza paravarishida biologik usulning ulushi

Qishloq xoʻjaligi ekinlaridan yuqori va sifatli hosil olishning asosiy omillaridan biri oʻsimliklarni zararkunanda, kasallik va begona oʻtlardan himoya qilishdir. Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tumanlarida ushbu maqsadga xizmat qiluvchi biolaboratoriyalar samarali faoliyat olib bormoqda.

Mazkur biolaboratoriyalarda mehnat qilayotgan tajribali xodimlarning xizmatlari evaziga biomahsulotlarni koʻpaytirish va qoʻllash hajmi tobora ortmoqda.

Gʻoʻza zararkunandalariga qarshi kurashda biologik usulning ulushi 91 foizni tashkil etmoqda. Keyingi yillarda davlat tomonidan biolaboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga katta eʼtibor qaratilib, qishloq joylarida yangi biolaboratoriyalar tashkil etilmoqda, eskilari qayta jihozlanmoqda.

Joriy mavsumda Beruniy tumanida fermer xoʻjaliklari tomonidan 3350 gektar yerda gʻalla, 10275 gektar yerga gʻoʻza parvarishlanmoqda. Bu yilgi ob-havoning salqin kelishi zararkunandalarga qarshi kurashish ishlariga yana-da eʼtiborli boʻlishni taqozo etadi. Hozirda gʻoʻza qator oralariga ishlov berish, biologik va kimyoviy usullar bilan zararkunandalarga qarshi kurashish hamda ekin maydonlarini begona oʻtlardan himoyalash ishlari agrotexnik qoidalar asosida bajarilmoqda.

2 854
Maqsad HABIBULLAYEV olgan suratlar, OʻzA